18:16 / 03.10.2020
2982
Angliyaning Norvich universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti o‘rtasida memorandum imzolandi

Bugungi pandemiya sharoitida tibbiyot bo‘yicha xalqaro muhokamalarni olib borishning ahamiyati oshib bormoqda. Buning uchun tibbiyotda xorijiy tillarni, xususan, ingliz tilini chuqur bilish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Respublika tibbiyot oliy ta'lim muassasalari orasida yetakchilik qilayotgan Toshkent davlat stomatologiya instituti, bugungi kunda, ta'lim jarayonlarini dunyo standartlari darajasiga olib chiqish uchun xorijiy mamlakatlarning rivojlangan oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik doirasini kengaytirmoqda.

Institut jamoasi bakalavriatura va magistratura talabalarini, klinik ordinatorlar jahon standartlari talablariga javob beradigan raqobatbardosh kadr qilib yetishtirish maqsad qilingan. Dunyoning 100 dan ortiq ta'lim muassasalari, ilmiy markazlari va ishlab chiqarish korxonalari, institutning hamkorlari bo‘lib, ushbu maqsadga erishishda o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.

Tibbiyotda ingliz tilini o‘qitish va o‘rganish o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Buning uchun ingliz tili bilan bir qatorda, jahon tibbiyot hamjamiyatida qabul qilingan tibbiyot atamalarini mukammal o‘zlashtirish hamda integratsiya qilish pedagog va talabadan qo‘shimcha bilim, mehnat talab etadi.

“Ingliz tilini o‘qitish” sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan Norvich Tillarni o‘qitish universiteti bilan memorandum imzolandi. Norvich Tillarni o‘qitish universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolashdan birlamchi maqsad, aynan chet tilini mukammalroq o‘rgatish sohasida institut pedagoglarining salohiyatini jahon standartlari darajasiga ko‘tarish, dars jarayoniga innovatsion ta'lim texnologiyalarni keng jalb etishdir.

Tadbirda Norvich universitetining NILE tillar o‘rganish universiteti direktori, professor Tom Kiddl ishtirok etdi. U O‘zbekiston oliy ta'lim tizimida olib borilayotgan islohotlar qamrovi, barcha vazirlik va tashkilotlar hamjihatlikda ish olib borayotganligi, shuningdek, Toshkent davlat stomatologiya instituti rahbariyati bu jarayonlarda faol ishtirok etib, pedagoglar salohiyatini oshirish orqali talabalarga bilim berish jarayonini takomillashtirishlari haqida alohida aytib o‘tdi.

Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori, professor N.Haydarov barcha sohalarga oid zamonaviy adabiyotlar, ilmiy izlanishlar, tajribalar global tarmoqda ingliz tilida chop etilishi haqida so‘z yuritdi. Barchamiz guvohi bo‘layotganimiz ­– bugungi kundagi pandemiya paytida butun dunyo shifokorlari o‘rganilmagan, notanish dushman bilan jang qilgandek kurash olib borishayotgani aytildi. Ushbu COVID-19 haqidagi ma'lumotlar har kuni va har soatda yangilanib, to‘ldirilib borilmoqda. Rektor bunday vaziyatda kadrlarimizning ushbu muhim ma'lumotlarni tarjimon orqali emas, bevosita butun dunyodagi soha mutaxassislari, hamkasblarimiz bilan fikr almashib, birgalikda yengishimiz chora-tadbirlarni yanada tezroq va samarali amalga oshishiga muhim dastak bo‘lishi haqida gapirdi.

Toshkent davlat stomatologiya instituti matbuot xizmati

Top