14:49 / 03.10.2020
5014

Meksika AQShga migrantlarni o‘tkazmaslik uchun armiyani ishga soldi

Meksika prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador migrantlarning AQShga o‘tishga intilishi bo‘lajak prezident saylovi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi.

Foto: Reuters

 Meksika hukumati minglab migrantlarning AQShga noqonuniy o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun armiyani jalb etdi. Yuzlab askarlar va Meksika migarsiya xizmatining xodimlari asosan Hondurasdan bo‘lgan uch ming qochqinning AQShga o‘tishining oldini oladi. Bu haqda Meksika migratsiya xizmati boshlig‘i Fransisko Garduno ma'lum qildi.

 "Ular chegaradan o‘tishmaydi. Migrantlar migratsiya qonunchiligiga rioya qilishlari shart", - deb ta'kidladi u.

O‘z navbatida Meksika prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador migrantlarning AQShga o‘tishga intilishi bo‘lajak prezident saylovi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi.

"Aynan saylov arafasida AQShga qochqinlarning bunday katta guruhi yo‘l olgani juda g‘alati", - dedi u.

Lopes Obradorning so‘zlariga ko‘ra, ushbu harakat AQShdagi prezident sayloviga ta'sir o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan deb taxmin qilish uchun asoslar bor.

Koronavirus pandemiyasiga qaramasdan, uch mingdan ortiq migrant Hondurasdan AQShga yo‘l oldi va 1 oktabr kuni Gvatemala bilan chegarani kesib o‘tdi. Odamlar ijtimoiy tarmoqlardagi chaqiriqlarga asosan yo‘lga chiqishgan.

Lopes Obrador Meksika AQShning saylovoldi kampaniyasiga aralashib qolmaslik uchun barcha choralarni ishga solishini ta'kidladi. Migratsiya AQShdagi saylovoldi kampaniyasining muhim mavzularidan biri hisoblanadi.

Top