15:13 / 03.10.2020
4139
Yevropa Ittifoqida remdesivirning buyrakka nojo‘ya ta'siri o‘rganilmoqda

Yevropa dori vositalari agentligi (EMA) Yevroittifoqda koronavirus bemorlarini davolashda qo‘llanilayotgan remdesivir dorisining buyrakka salbiy ta'sirini o‘rganmoqda.

Foto: Reuters

Agentlikning bildirishicha, remdesivir qabul qilayotgan ayrim bemorlarda o‘tkir buyrak kasalliklari rivojlanganligi to‘g‘risida xabarlar kelib tushgan. Bu dorining yoki koronavirusning ta'siri bo‘lganligi hozircha noma'lum, deb ta'kidlagan EMA.

 Oq uy shifokorining bildirishicha, AQSh prezidenti Donald Trampda koronavirus aniqlanganidan so‘ng mana shu dorini qabul qilishni boshlagan.

Remdesivir preparati Kaliforniyaning Gilead Sciences biofarmatsevtika kompaniyasi tomonidan Ebola bezgagiga qarshi kurashish uchun ishlab chiqarilgan. 2020 yil aprelda kanadalik olimlar ushbu dori koronavirusning avj olishiga to‘sqinlik qilishini aniqlagandi.

AQSh hukumati may oyida COVID-19 bemorlarini davolashda remdesivirdan foydalanishga ruxsat bergandi.

Iyul oyi boshlarida EMA xulosasiga asosan Yevrokomissiya ham koronavirus yuqtirgan bemorlarni davolash uchun remdesivirni YeI mamlakatlarida sotishga ruxsat bergan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top