17:10 / 04.10.2020
5073
Dedlayn arafasida. Top klublardan qanday transferlar kutilmoqda?

5 oktabr kuni Yevropada transfer oynasi yopiladi. Ligalarda bu muddat bir necha kunga farq qilsa-da, asosiy dedlayn ertaga – UYeFA aynan shu kunni tavsiya qilgan. Sababi, Chempionlar Ligasi uchun zayavkalar 6 oktabr kuni topshirilishi kerak. Demak, klublar asosiy transferlarni shu muddatgacha hal qilib olishadi.

Foto: Quality Sport Images/Getty Images

Xo‘sh, ushbu transfer darchasida qaysi klublar o‘z ishlarini bitirdilar-u, qaysi klublar ertaga juda faol bo‘lishadi. Bizni yana qanday katta transferlar kutmoqda? Quyida shu haqida mulohazalar havola etiladi.

«ReAL»
«Real» katta ehtimol bilan o‘zini ancha sokin tutadi. Borxa Mayoralning «Roma»ga berilishi Luka Yovich Madridda qolishini anglatadi. Kavani bilan shartnoma imzolayotgan «MYu»ning ushbu hujumchiga qiziqishi pasaygani e'tiborga olinsa, serbiyalik hujumchiga jiddiy xaridor yo‘q va «Real»ni bu tashvishlantirmayapti ham. Shuningdek, jamoani tark etishi kutilgan Nacho Fernandes ham qolishi oydinlashmoqda. Dani Karvaxal jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqdi, demak, Zidanga o‘ng qanotda himoyachi kerak va Nacho unga asqotadi.

Kelishi mumkin bo‘lganlar ichida Ussoma Auar nomini keltirish mumkin. Ba'zi manbalarga qaraganda, «Real» ushbu futbolchi uchun «Lion»ga 20 million yevro va Mariano Diasni taklif qilib ko‘radi. Buning amalga oshishi qiyin, demak, ushbu transfer oynasi «Real» uchun Beyl va Xames bilan xayrlashilgani hamda Edegorning qaytishi bilan esda qolishi mumkin.

«BARSeLONA»
Pyanich va Dest - yangi nomlar, Suares, Rakitich, Artur, Vidal, Semedu kabi futbolchilar jamoani tark etishdi. Yangi murabbiy kelgani va so‘nggi yildagi natijalarni e'tiborga olsak, jamoa bozorda faol bo‘lishi kerakdek. Ammo hozircha, faqat Koutinoning yangi funksiyalar bilan yetakchiga aylanayotgani biroz ijobiy taassurot bermoqda, xolos.

Kuman Memfis Depayni olib kelishga urinmoqda, ammo muzokaralar uchun qisqa vaqt qolayotgani e'tiborga olinsa, bu oson bo‘lmaydi. Zero, «Lion» prezidenti endi klub hech kimni sotmasligini aytgan. Faqat yaxshi taklif va futbolchining qattiq istagi ushbu transferga yordam berishi mumkin, xolos. Amalga oshishi aniqroq transferlar ichida Erik Garsiyaning «Manchester Siti»dan qaytishi bo‘lishi mumkin. Har ikki klub ham muzokaralar uchun ochiq – o‘rtada hal bo‘lmayotgan kichik summa muammo tug‘dirmasa kerak.

«BAVARIYa»
Sanening kelishi va Alkantaraning ketishi ushbu klub uchun bu transferlar darchasidagi muhim voqealar bo‘ldi. Shuningdek, Perishich ham ijarasi tugab, jamoani tark etgani hisobga olinsa, klub so‘nggi kunni bekor o‘tkazmaydi. Birinchidan, Kramarichni qo‘lga kiritish bo‘yicha «Hoffenhaym» bilan muzokaralar davom etmoqda, ikkinchidan, Kallum Hadson-Odoi bo‘yicha 70 million yevrolik taklif «Chelsi» tomonidan rad etilgan bo‘lsa-da, bu taklif so‘nggisi bo‘lmasligini taxmin qilsa bo‘ladi. Kramarichga muqobil sifatida «PSJ» hujumchisi Erik Shupo-Motting nomzodi ham bor.

Shuningdek, David Alaba klub bilan shartnomani uzaytirmadi, jamoa kelasi yilda erkin agentga aylanadigan futbolchini sotib yuborishga urinib ko‘rishini kutish mumkin. Zero, markaziy himoyachilar yetarli, chap qanotda Devis yulduzga aylandi. Alabaga talabgorlar ichida «Manchester Siti» bor.

«PSJ»
Parijliklar so‘nggi kunlarni markaziy yarimhimoyachi qidirib o‘tkazishsa kerak. O‘tgan mavsumda aynan shu chiziqda muammolar yuzaga keldi va asosiy o‘yinlarda aslida qanot himoyachisi bo‘lgan Markinos o‘ynadi. «Lion»dagi Auar bo‘yicha qiziqish kuzatilgan bo‘lsa-da, katta ehtimol bilan kelasi mavsumga qoldiriladi. Real qiziqishlar ichida Eriksen («Inter»), Alli («Tottenhem») hamda Bakoyoko («Chelsi») nomlari tilga olinmoqda. Alli bo‘yicha ijara taklifi londonliklar tomonidan rad etildi.

Shuningdek, zaxira hujumchi varianti ham o‘zgaradi – Shupo-Motting «Bavariya»ga o‘tishga yaqin turgan bo‘lsa, uning o‘rniga Moyze Kin («Everton») ijaraga olinishi kutilyapti.

«MANCheSTeR YuNAYTeD»
Ertangi kunni eng tig‘iz o‘tkazishi kutilayotgan jamoa «Manchester Yunayted» bo‘lsa kerak. Klub yozdayoq kuchaytirilishi mumkin bo‘lgan pozitsiyalarni va hatto nomlarni ham aniqlashtirib olgan, ammo mablag‘ borasida muzokaralar cho‘zilib kelayotgandi.

Xullas, ertaga dastlab Kavani bilan shartnoma e'lon qilinishi kutilmoqda. Igaloning yanvarda ketishi va mavsum boshidagi yomon formasidan kelib chiqib, manchesterliklar markaziy hujumchiga ehtiyoj sezishdi. Aslida erkin agentlarni 12 oktyabrgacha ham transfer qilish mumkin, ammo «Yunayted» Kavanini YeChLga ham zayavka qilmoqchi.

Keyingi transfer Aleks Telles («Portu») bo‘lishi mumkin, bu transfer ham deyarli pishitilgan, faqat narx borasida biroz kelishmovchilik bor edi. Jyeydon Sancho haqida xabarlar ham saqlanib turibdi. Sancho o‘rniga Okampos («Sevilya»), Kosta («Yuventus») variantlari ko‘rib chiqilmoqda. Mabodo Sancho uchun katta pul sarflanmasa, ya'ni transfer amalga oshmasa, bo‘sh qolgan mablag‘ markaziy himoyachi uchun ishlatilishi mumkin.

Smolling, Pereyra va Dalot ortidan Den Jyeyms ham klubni tark etishi kutilmoqda – unga mavsum debyutanti «Lids» xaridor. Bu ham Sanchoning transferiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqdir. Sulsher aniq istamayotgan futbolchilardan yana Jons va Romero ham bor, bu futbolchilar ham so‘nggi kunlarda turli klublarga taklif qilinishi aniq.  

Yaqin soatlarda yana bir qiziq xabar tarqaldi – «Yunayted» «Lester»dan Meddisonni sotib olish fikriga qaytgan. Futbolchi esa yaqindagina jamoasi bilan yangi shartnoma imzolagandi. Agar Sancho olinmaydigan bo‘lsa (yana shu jumla) «MYu» Meddison uchun rad etib bo‘lmas taklifni berishi mumkin. Buning ustiga, «Vest Hem»ga qarshi o‘yinda uning tarkibdan chetda qolgani bu yangilikni ancha jiddiylashtirib yubordi.

«MANCheSTeR SITI»
Ferran Torres va Ruben Diashdan boshqa ko‘zga ko‘rinarli transfer amalga oshirmagan «Manchester Siti» ertaga juda faol bo‘lishi kutilmoqda. Bunga sabab, Aguero va Jyezusning jarohatidan so‘ng oldingi chiziqda samarali ijrochilar yetishmay qolganidir. Bu holat natijalarga ham ta'sirini o‘tkazdi, markazda sinab ko‘rilgan Sterling esa, 3 o‘yinda 1 gol urdi, xolos. «Manchester Siti» zaxira varianti uchun biror tajribali hujumchini ijaraga olishga harakat qilishi ehtimoli bor.

Buning ustiga, Sane va Silva jamoani tark etgach, zaxiradan o‘yinni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan futbolchilarga ham ehtiyoj sezilmoqda.

«ARSeNAL»
«Arsenal» maydon markaziga futbolchi olmoqchi va asosiy nomzod sifatida Ussoma Auar aytilmoqda. «Lion» bilan ilk muzokaralar muvaffaqiyatsiz kechgan va fransuzlar shu bilan Auar sotilmasligini e'lon qilishdi. Ammo «Arsenal» so‘nggi pallada yakuniy taklifni berishi ehtimoli yuqori. Jamoa «Atletiko» yarimhimoyachisi Tomas Partiga ham qiziqishini saqlab turibdi. Agar Auar bo‘yicha kelishuv amalga oshmay qolsa, londonliklar bu variantga ham qaytishi mumkin. Shuningdek, Jorjinoni ijaraga olish haqida ham o‘ylab ko‘rishayotgandi, ammo «Chelsi» braziliyalik futbolchini olib qolishga qaror qilgan ko‘rinadi.

Jamoa himoyachisi Sead Kolashinats Germaniyaga qaytishga yaqin turibdi. Muqaddam «Shalke»da to‘p surgan futbolchiga «Bayyer» xaridor. Transfer narxi 11 million yevro atrofida bo‘ladi.

«MILAN»
Ushbu klub ham himoya chizig‘ini mustahkamlashga urinib ko‘radi. «Chelsi»da asosiy tarkibga kira olmayotgan Ryudiger va «Manchester Yunayted» laterali Diyegu Dalot nomlari tilga olinmoqda. Dalotning transferi ertagayoq rasman e'lon qilinishi mumkin.

«Milan» Luka Yovich («Real») va Bakayoko («Chelsi») uchun ham da'vogar bo‘lib turibdi, ammo ehtimoli juda qiyin vazifa.

«INTeR»
O‘tgan yozni juda faol o‘tkazgan «Inter» bu safar biroz sust. Ertaga milanliklar chap qanot laterali transferini e'lon qilishi kutilmoqda. «Parma»dan Matteo Darmian kelishi mumkin, nomzodlar ichida «Chelsi»da bosh murabbiy bilan nizolashib qolgan Markus Alonso ham bor. Bundan tashqari, Ngolo Kanteni sotib olish uchun ham urinib ko‘riladi. Buning uchun esa, Kristian Eriksen sotilishi lozim. Kantega 60 million yevrolik taklif berish uchun shuningdek, Mariu, Vesino va Brozovich ham sotilishi kerak.

Jamoani tark etishi mumkin bo‘lgan yana bir futbolchi Milan Shkrinyardir. «Tottenhem» futbolchi uchun 35 million taklif qilgan, «Inter» 50 million so‘ragan. Savdo so‘nggi soatlargacha davom etsa kerak.

Top