09:42 / 04.10.2020
27471
«Kun kelib tarixiy film olishga hissa qo‘shish niyatim bor edi» – Saida Mirziyoyeva «Mendirman Jaloliddin» seriali haqida

«Mendirman Jaloliddin» tarixiy serialining birinchi qismi taqdimotida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, serial loyihasi rahbari Saida Mirziyoyeva so‘zga chiqib, tarixni o‘rganish ahamiyati, serialni suratga olish ishlari qanday olib borilgani haqida gapirdi.

«Otam Samarqand viloyati hokimi lavozimiga tayinlanib, biz Jizzaxdan Samarqandga ko‘chib o‘tganimizda, bu shahar menda qanday taassurot qoldirganini juda yaxshi eslayman. Otam ozgina bo‘sh vaqt topdilar deguncha bizga Samarqandni ko‘rsatar, tarixiy obidalar bilan tanishtirar va buyuk tarixiy shaxslar haqida so‘zlab berar edi.

Bo‘sh vaqtimda tez-tez o‘sha qadimiy maskanlarni ziyorat qilar, buyuk qaxramonlar hayotini o‘rganar edim. Shohi Zinda, Bibixonim, Registon maydonida yurar ekanman, xayolimda o‘sha tarixiy davrlarni tasavvur qilar edim. Go‘yo atrofimda bir necha asr oldingi hayot qaynayotgandek tuyulardi. Tasavvurimdagi o‘sha ajib voqealar xotiramda bir umrga muhrlanib qolgan.

Bir kun kelib, imkoni bo‘lishi bilanoq ushbu tarixiy shaxslar haqida biror film olinishiga o‘z hissamni qo‘shaman, degan niyat qilardim. Chunki, faqat filmlar orqaligina o‘sha manzarani tasvirlab berish mumkin, deb o‘ylardim. Bir so‘z bilan aytganda, mening tarixga bo‘lgan qiziqishim aynan Samarqanddan boshlangan», dedi Mirziyoyeva taqdimotda.

U O‘zbekiston imijini xorijiy davlatlarda shakllantirish, matbuot va targ‘ibot ishlariga mas'ul sifatidagi faoliyati davomida, bundan bir yarim yil oldin hozirgi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tomonidan Jaloliddin Manguberdi haqida turk hamkasblari bilan serial suratga olish taklifi berilganini eslab o‘tdi.

«Albatta, biz bu g‘oyani qo‘llab-quvvatladik. Chunki, afsuski, o‘zbek milliy kinochiligida tarixiy shaxslar, buyuk allomalarimiz hayotiga bag‘ishlangan seriallar deyarli yo‘q darajada. Seriallar yaratilishi esa nafaqat tarixni o‘rganish, balki buyuk bobolarimiz hayoti bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Bunday seriallar har bir o‘zbek millati vakilida milliy g‘ururni shakllantiradi, o‘zbek xalqining qaddini yanada baland ko‘taradi», dedi u.

Uning aytishicha, serialning suratga olish ishlari pandemiya tufayli rejadan chiqib ketgan. Hatto bu yil yakuniga qadar ishlar yakuniga yetmaydi degan xavotir ham bo‘lgan. Lekin hozir hammasi o‘z o‘rnida ketmoqda.

«Bugun ushbu serialning birinchi qismini namoyish qildik. Albatta, bu serial turli bahs, munozara, balki tanqidlarga ham uchrar. Biz bunga tayyormiz. Biz fikrlar xilma-xilligini qo‘llab-quvvatlaymiz. Har bir fikrni hurmat qilamiz. Nima bo‘lganda ham oldimizga qo‘ygan har bir rejamizni oxiriga yetkazamiz. Bu loyihani ham uddalay oldik, deb o‘ylayman», dedi Saida Mirziyoyeva.

Top