14:44 / 04.10.2020
3537
Marhamat tumanini «qizil» hududlardan chiqarish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» taqdim etildi

Xalq deputatlari Marhamat tumani kengashining navbatdagi sessiyasida «qoniqarsiz» hududlar qatoriga kirgan mazkur tumanda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bo‘yicha izoh berildi. Tuman hokimining investitsiya va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari va boshqa sektor rahbarlari deputatlar hamda tuman aholisi oldida qisqa muddatlar ichida «qoniqarsiz» hududlar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha va'da berishdi.

3 oktabr kuni Andijon viloyati Marhamat tumani Kengashining navbatdagi 6-chaqiriq IX sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Kun.uz muxbiri xabar berishicha, sessiyada to‘rtta sektor rahbarlari tomonidan tuman ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tufayli «qoniqarsiz» darajaga tushib qolishi yuzasidan izoh berildi. Shuningdek, kelgusida amalga oshiriladigan ishlar xususida qabul qilingan tuman «yo‘l xaritasi» asosida kamchiliklar bartaraf etilishi ta'kidlandi.

2019 yil yakunlari bo‘yicha tumanning «qoniqarsiz» darajaga tushib qolishiga quyidagi omillar sabab bo‘lgani bildirildi:

  • tumanning «qoniqarsiz» hududga kiritilishiga asosiy omillar baholash mezonining 6 ustuvor yo‘nalishlaridan 5tasi, ya'ni iqtisodiy rivojlanish va samaradorlik ko‘rsatkichlari 1,46 ball, mehnat bozorining samaradorligi 3,56 ball, iqtisodiyotning raqobatbardoshligi va diversifikatsiyasi ko‘rsatkichlari 0,96 ball, ishbilarmonlik muhiti va tadbirkorlikni rivojlantirish sifati ko‘rsatkichlari 3,50 ball, mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolar bilan ishlash samaradorligi hamda ma'lumotlarning ochiqligi ko‘rsatkichlari 2,17 ballni tashkil etgani eng quyi o‘rinlarni egallagani sabab bo‘lgan;
  • 2019 yil yakunlariga ko‘ra tumanda aholi jon boshiga hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1 mln 200 ming so‘mni tashkil etgan va bu viloyat ko‘rsatkichidan 1,4 marta kam bo‘lgan;
  • faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub'yektlari tarkibida 3 yildan ortiq faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik su'bektlarining 50 foizini tashkil etgan yoki 50 foizining faoliyati to‘xtatilgan;
  • tumanda aholi bandligi darajasi 87 foizni, xotin-qizlar bandligi darajasi esa 80 foizni tashkil etadi;
  • aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan iste'mol tovarlari hajmi bo‘yicha 13-o‘ringa tushib qolgan;
  • ro‘yxatdan o‘tgan 1317ta tadbirkorlik sub'yektlarining 89tasi faoliyat yuritmagan;
  • virtual qabulxonaga 2518ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 70 foizi, ya'ni 1763tasi qanoatlantirilgan.

Sessiya davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta'minlash, aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha  sektor rahbarlarining hisoboti tinglandi. Tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, 3-sektor rahbari Jamshidbek Qosimov va tuman prokurori Xursanali Rapiqov reja qilinayotgan ishlar bo‘yicha o‘z hisobotlari bilan tanishtirishdi.

Tuman hokimi o‘rinbosari Dilshod Madrahimovning ta'kidlashicha, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bir qator ishlar boshlab yuborilgan. Jumladan, joriy yil yakuniga qadar umumiy qiymati 348 mlrd so‘mlik 21ta sanoat loyihalari ishga tushirish orqali sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 392,7 mlrd so‘mga yetkazish kutilmoqda. Shuningdek, 2021 yilning 1-choragida mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2 million 100 ming so‘mga yetkaziladi. Mazkur loyihalar amalga oshirilishi natijasida 271 mlrd so‘mlik ishlab chiqarish quvvatlari yaratilib, 6,8 mln dollar eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shu bilan birga, budjetga sof tushumlar zaxirasi va 1,2 mln dollar import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Axborotda bildirilishicha, tumanda 2020-2021 yillarda korxonalar zanjirini yaratish orqali 3ta sanoat korxonasi tashkil etiladi.

Tumanda «Marhamat metan gaz» MChJning 70,6 mlrd so‘mlik loyihasi shu yilning dekabr oyida ishga tushiriladi va yiliga 66 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. «Andiz oil group» MChJning 45,6 mlrd so‘mlik o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish loyihasi 2020 yilning oxiriga qadar ishga tushiriladi va yiliga 8 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi.

Top