11:57 / 04.10.2020
36597
«Mendirman Jaloliddin»ning ilk qismi qanday kutib olindi? – tashkilotchilar va tomoshabinlar taassurotlari

O‘zbekiston va Turkiya hamkorligida suratga olinayotgan «Mendirman Jaloliddin» serialining 1-qismi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Serialning birinchi fasli 13 qismdan iborat bo‘lib, premera 2021 yilning yanvar oyiga rejalashtirilgan, ilk qismiga esa ilk tomoshabinlar o‘z bahosini bermoqda.

Serialning tasvirga olish ishlari deyarli tugagan

«Ayni paytda serialning tasvirga olish ishlari deyarli tugadi. Lekin hali montaj, bo‘yoqlar, ovozlashtirish ishlari ham oldinda turibdi. Birinchi qismning ovozlashtirish ishlari shoshilinch tarzda qilingani uchun unchalik ko‘nglimiz to‘lmadi. Bu kamchilik ustida ham ishlanadi. Serial uchun 10dan ortiq ssenariylar ustida ishlandi. Boshidagi rejalar o‘rniga boshqa uning o‘rnini to‘ldiruvchi ishlar qilindi.

Serialning premerasi 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuniga rejalashtirilmoqda», deya ma'lumot berdi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.

Vazirning qayd etishicha, aktyorlar bir-birini yaxshi tushunishi uchun o‘zbek aktyorlari turk tilini ham o‘rganishgan.

«Biz fikrlar xilma-xilligini hurmat qilamiz»

Taqdimotda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, serial loyihasi rahbari Saida Mirziyoyeva so‘zga chiqib, suratga olish ishlari qanday borgani va serialdan nimalar kutilayotgani haqida gapirdi.

«Serialni suratga olish ishlari yaxshi ketayotgan edi. Lekin pandemiya balosi bizning ishimizga ham zarar keltirdi. Karantin davrida suratga olish ishlari rejadan chiqib ketdi, qanchadan qancha aktyorlar Turkiyada oilasidan uzoqda yashashiga to‘g‘ri keldi. Loyihani shu yilda tugata olishimizga ham shubha qilgan edim. Lekin Allohning qo‘llab-quvvatlashi va fidoyi ijodkorlar harakati bilan taqdimot kuniga yetib keldik.

Bugun nafaqat taqdimot marosimi, balki o‘zbek milliy kinochiligida yangi sahifa ochilyapti. Umid qilamanki, bunga serialni tomosha qilib amin bo‘lish mumkin bo‘ladi. Albatta, bu serial turli fikrlarga, tanqidlarga sabab bo‘ladi deb o‘ylayman, lekin biz bunga tayyormiz. Biz fikrlar xilma-xilligini hurmat qilamiz. G‘urur bilan aytishimiz mumkinki, biz buni uddaladik», dedi Saida Mirziyoyeva.

«Chingizxon rolida qiynalmadim» – Javohir Zokirov o‘z roli haqida

Serialda Chingizxon rolini gavdalantirgan Javohir Zokirovning aytishicha, turk kinoijodkorlari bilan hamkorlikda ishlar professional olib borilmoqda.

«Rejissyorlar, operatorlar, kim bo‘lsa ham, serialda ishlayotgan biror kishi ish jarayonida ozgina bo‘lsa ham chalg‘imaydi, hammaning butun diqqati serialda bo‘ladi. O‘z ishimni yaxshi ko‘rganim uchun Chingizxon rolini ijro etishda unchalik katta qiyinchilik sezmadim», deydi aktyor.

«Serial to‘liq namoyish qilingach, uni yodlab olsak kerak» – tomoshabinlar premera haqida

Taqdimotda qatnashgan tadbirkor Murod Nazarov serial haqida o‘z taassurotlarini bildirdi.

«Men o‘zi tarixiy kinolarni juda yaxshi ko‘raman. Ayniqsa, ajdodimiz Jaloliddin Manguberdi haqida serial ishlangani menga juda yoqdi. Serial faqat tarix, urushdan emas, vatanparvarlik, mardlik, olijanoblik kabi xislatlarni qamrab oladi. Xalqimiz uchun foydali bo‘ladi, deb ishonaman. Biznesmen sifatida serial o‘ziga sarflangan pulni to‘la oqlamasligi mumkin, deb aytishim mumkin. Lekin bu vatan uchun katta ish. Menimcha, serial chiqqandan keyin yodlab olsak kerak», deydi Murod Nazarov.

Huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ham serial o‘zida yaxshi taassurot qoldirganini aytdi.

«Ochig‘ini aytaman, serial yoqdi. Ich-ichimdan serial qanaqa chiqarkan, deb o‘ylagandim. Lekin professionallarning «qo‘li» sezildi. Bizning ijodkorlarimizda ham iste'dod bor, faqat ularni ham professionallar bilan birga qo‘yish kerak. Chunki biz o‘z qobig‘imizda rivojlana olmaymiz. Tarixiy filmlarning hammasi yaxshi chiqmasa ham, lekin eng muhimi ularning ishlashga bo‘lgan ishtiyoq so‘nmasin», deydi u.

Yoshlar agentligi direktori Alisher Sa'dullayev serial yoshlarni qiziqtira oladigan yo‘nalishda olingani, harakatlarga boy qilib ishlangani haqida gapirib o‘tdi.

«Bir vaqtning o‘zida tarixni ham o‘rgata olishi serialning qadrini yanada oshiradi. Yoshlar premerani bemalol kutishlari mumkin», dedi Alisher Sa'dullayev.

Serial uchun 30 gektar maydonda dekoratsiya qilingan

«Mendirman Jaloliddin» seriali Turkiyaning «Tirilish-Ertug‘rul» va «Qurilish-Usmon» kabi seriallari bilan mashhur bo‘lgan «Bozdag film» kompaniyasi tomonidan suratga olinmoqda.

Turkiyadagi 30 gektar maydonda barpo etilgan «Bozdag film» platosida O‘zbekistonning XIII asrga oid muhiti jonlantirilgan. 1200 nafar ishchi-xizmatchining mehnati bilan 3500 kvadrat maydonda balandligi 5,5 metr bo‘lgan ikki qavatli Xorazmshoh saroyi qad ko‘targan. Gurganj ko‘chalari, aholi yashaydigan uylar, katta bozor ham davrga uyg‘un tarzda bunyod etilgan. Istanbuldan 750 kilometr masofadagi Oqsaroy muzofotida sahro jang sahnalari suratga olingan. Liboslar ustida esa 200dan ortiq kishi mehnat qilgan. 

Top