23:39 / 04.10.2020
6773
YeTTB 2020 yil O‘zbekiston iqtisodiyotida o‘sish bo‘lmasligini prognoz qildi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 2020 yilda O‘zbekiston YaIM 2 foizga qisqarishi, 2021 yilda esa 4,5 foizga o‘sishini taxmin qilmoqda. Bank may oyidagi hisobotida mamlakat iqtisodiyoti bu yil 1,5 foizga, keyingi yil esa 6,5 foizga o‘sishini prognoz qilgandi.

Foto: YeTTB

2020 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 0,2 foizgacha sekinlashdi, ammo asosan qishloq xo‘jaligi (2,8 foiz) va qurilish (7,3 foiz) sohalaridagi o‘sish hisobiga ijobiy dinamikani saqlab qoldi. Bu haqda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yangi makroiqtisodiy dokladida aytib o‘tilgan. Hisobotni bank matbuot xizmati Kun.uz'ga taqdim etdi.

Hisobotda aytilishicha, birinchi yarim yillikda sanoat 1,9 foizga, gaz qazib olish 17,1 foizga kamaygan; mehmonxona biznesi va savdo 1,1 foizga qisqargan; transport va saqlash, axborot va aloqa sektorlarida qisqarish 3,2 foizni tashkil etgan.

Karantin joriy etilishi oqibatida yanvar–iyul oylarida ishsizlik 13,2 foizgacha chiqqani(bir yil oldin 9,1 foiz edi), aholining real daromadlari 1,7 foizga kamaygan.

Talab qisqarishi oqibatida, avgust oyiga kelib yillik inflatsiya 11,7 foizgacha sekinlashdi (o‘tgan yilning shu davrida inflatsiya 16,5 foizni tashkil qilgandi). Natijada Markaziy bank asosiy stavkani 15 foizdan 14 foizga tushirdi.

Hukumat inqirozga qarshi choralar paketlarini qabul qilganiga qaramay, yilning dastlabki 7 oyida import taxminan 18 foizga kamaydi, eksport esa 21 foizga qisqardi. Tashqi savdodagi balans Rossiya va Qozog‘istondagi iqtisodiy faollik pasayishi hamda yilning dastlabki 7 oyida pul o‘tkazmalarining 7 foizga qisqarishi tufayli ham yomonlashgan.

Umuman, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 2020 yilda O‘zbekistonning real YaIM 2,0 foizga qisqarishini prognoz qilmoqda. 2021 yilda eksport va ichki talabning qayta tiklanishi natijasida YaIM o‘sishi 4,5 foizni tashkil etishi taxmin qilingan.

YeTTBning may oyidagi dokladida O‘zbekiston iqtisodiyoti 2020 yilda 1,5 foizga, 2021 yilda 6,5 foizga o‘sishi prognoz qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo taraqqiyot banki sentabr oyidagi hisobotida O‘zbekiston YaIMning bu yilgi o‘sishi 0,5 foiz bo‘lishi kutilayotganini bildirgan edi. OTB iyun oyida 1,5 foizlik o‘sishni prognoz qilgandi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda YaIM qisqarishi 1995 yildan keyingi davrda kuzatilmagan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top