21:28 / 05.10.2020
9777
Bu masala tezda hal qilinishi kerak – Monopoliyaga qarshi qo‘mita Qanot Sharq duch kelgan muammo haqida gapirdi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Najmiddinxo‘ja Sharipov yil boshida tasdiqlangan davlat strategiyasida 2020 yilda kamida 5ta yangi mahalliy aviakompaniya tashkil qilish belgilangani, lekin bu bo‘yicha ishlar yetarlicha bajarilmayotganini aytib o‘tdi.

Bu haqida u Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasida o‘tkazilgan  tadbirda to‘xtalib o‘tdi.

«Hozircha faqat Humo air kompaniyasi ochilgan, lekin u Uzbekistan Airways’ga raqobatchi emas. Uning yo‘nalishi boshqa. Agar 5ta aviakompaniyadan bittasi tashkil etilgan deb hisoblasak ham, Transport vazirligi zimmasida yana 4ta aviakompaniya ochish turibdi. Lekin raqobatchini hali ko‘rmadik.

Masalaning yana bir tarafi bor - raqobatchilar ham kelyapti, bu bo‘yicha bizga murojaat ham kelib tushgan. Ma'lum muddat faoliyat yuritib, tanaffusdan so‘ng yana ish boshlamoqchi bo‘lgan Qanot Sharq aviakompaniyasi aeroportga borib shartnoma tuzish istagini bildirgan. Biroq unga hali narx tasdiqlanmaganini, shuning uchun u bilan shartnoma tuzilmasligini aytishgan. Vaholanki, yangi narx tasdiqlanishi shart emas», deydi qo‘mita raisi.

Qayd etilishicha, qonunchilikka ko‘ra, narxlar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Transport vazirligi bilan kelishilgan holda Moliya vazirligiga topshiriladi. Lekin yangi narx tasdiqlanguncha amalda bo‘lib turgan eski narxlar bor.

«Yangi kompaniya tuzilayotganda 2ta yo‘l bor. Birinchisi, moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan narx asosida yangi kompaniya bilan shartnoma tuzish, lekin Uzbekistan Airways AJ uchun narxni qimmatroq qilib qayta ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi. Ikkinchisi, Qanot Sharq aviakompaniyasiga nisbatan Uzbekistan Airways uchun qo‘llanayotgan narxdan pastroq narx qo‘llash kerak bo‘ladi.

Bu bo‘yicha biz tegishli vazirliklar bilan yozishmalar qildik va ikkinchi kompaniyaga tegishli narxdan pastroq narx qo‘llash tavsiya qilindi. Lekin Uzbekistan Airpors bu masalani hali hal qilmadi. Agar bu masala bir-ikki kun ichida hal qilinmasa, vazifamizdan kelib chiqqan holda ish qo‘zg‘atishimizga to‘g‘ri keladi», deya qayd etdi Najmiddinxo‘ja Sharipov.

U bu ham yechim emasligi, bu holatda tadbirkor vaqt yo‘qotishini qayd etib o‘tdi.

«Shuning uchun Transport vazirligi va Uzbekistan Airpors bu masalani tezda ko‘rib chiqishi kerak. Yoki yangi aviakompaniya uchun ham narxni Uzbekistan Airways bilan bir xil qilish kerak yoki Uzbekistan Airways AJ tarifini moliya vazirligining ta'rifidagi darajaga yetkazib, har qanday holatda ham bir xillikka erishish kerak», dedi u.

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev masalaga munosabat bildirib, mahalliy aviakompaniyalar tuzish, ularga sharoit yaratish bo‘yicha vazirlik tomonidan bor imkoniyatlar ishga solinayotganini aytib o‘tdi.

«Qanot Sharq kompaniyasi vakillari bilan ham bir necha marta uchrashib, konsepsiyasini o‘rganganmiz. Aviakompaniya faoliyatida aeroport tariflari katta rol o‘ynaydi. Tarifning bazasini bu holatda aniqlash shart, chunki bu keyingi faoliyatda aeroport tariflari katta rol o‘ynaydi.

Biz unga rezident kompaniyalar uchun qo‘llanadigan eski narxlar asosida faoliyat yuritishiga vaqtincha ruxsat berdik. Qanot Sharq kompaniyasi hozir havo kompaniyalari ishlab chiqaradigan va lizing beradigan korxonalar bilan muzokaralar olib bormoqda. Bunga hali 2-3 oy vaqt ketadi», deya javob berdi vazir o‘rinbosari.

  • Ma'lumot uchun, Qanot Sharq 1998 yilda ro‘yxatga olingan hamda yuk va yo‘lovchi aviatashuvlariga ixtisoslashgan. 2003 yildan 2012 yilgacha kompaniya «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKdan Il-76 samolyotlarini ijaraga olgan va O‘zbekistondagi birinchi xususiy aviakompaniya o‘laroq o‘z charter reyslarini amalga oshirgan. Kompaniya 150 mingdan ortiq yo‘lovchi tashigan. Barcha Il-76 samolyotlari O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga o‘tkazilgach, Qanot Sharq’ning ekspluatantlik sertifikati to‘xtatilgan.
  • 2019 yil avgustida Qanot Sharq O‘zbekistonda hududiy aviakompaniya tashkil etishni rejalashtirayotganini ma'lum qilingandi. Kompaniya boshlanishiga 2-3ta samolyot olish va o‘z flotini muntazam ravishda kengaytirishni rejalashtirayotgandi.
Top