18:21 / 05.10.2020
4766
Elektron chipta sotib olgan iste'molchidan uning qog‘oz variantini so‘rash mumkin emas - «O‘zbekiston temir yo‘llari» rasmiysi

Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamkorligida «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning ijrosi holati muhokama qilindi.

Muhokamada senator Malika Kadirxanova «O‘zbekiston temir yo‘llari»dan chipta sotishda oshkoralik yo‘qligi, jahon tajribasida bu narsa allaqachon o‘z yechimini topgani, nega O‘zbekistonda bu masala o‘z yechimini to‘liq topmagani bo‘yicha savol bilan murojaat qildi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqarma boshlig‘i Umidulla Ibragimov tizimda elektron xizmatlardan foydalanish boshlangani to‘g‘risida ma'lumot berdi.

«2019 yil 1 sentyabrdan yangi e-ticket tizimi ishga tushishni boshlagandi. Boshida mijozlarning sayt orqali murojaat qilishi 15 foizdan ham oshgani yo‘q. Oktabr oyi va noyabr oyida 30 foizlar atrofida bu xizmatdan foydalandi. Pandemiya davrida bu xizmatdan foydalanish 50 foizga yetkazildi», dedi u.

Shuningdek, u chiptalar sotishda shaffoflikka amal qilinayotgani haqida ham aytib o‘tdi.

«Afrosiyob poyezdi narxi boshqa davlatlarning tezyurar poyezdlaridan ko‘ra arzonroq. Shuning uchun unda joylar tanqis va oldindan bron qilib qo‘yish tartibi bor edi. Hozir bu tartib olib tashlangan. Endi uni hech kim oldindan bron qilmaydi. Hamma o‘rinlar saytda ochiq qo‘yilgan. Onlayn tarzda ham to‘g‘ridan to‘g‘ri chiptalarni sotib olish mumkin.

Afrosiyob poyezdi uchun chiptalarni onlayn sotib olish kassadan sotib olganga qaraganda 15-18 foizgacha arzonroq bo‘ladi. Bu farq kassir oyligi va infrastruktura soliqlarini to‘lash hisobiga vujudga keladi», dedi Umidulla Ibragimov.

Shuningdek, sotib olingan chiptalarni onlayn qaytarish xizmati ham ishga tushirilgan.

«Boshida onlayn chipta sotib olgan odam uni avval chiqarib olishi va keyin poyezdga chiqishi kerak edi. Hozir esa pasport bilan chiptani chiqarib olmasdan ham poyezdga chiqish mumkin», deya qo‘shimcha qildi u.

Top