14:16 / 05.10.2020
4924

Mutaxassis tuberkulyozning qaysi turi bilan og‘riganlar uchun koronavirus xavfli ekanini ma'lum qildi

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Abdusamatova sil bilan og‘rib davolanib chiqqan bemorlar uchun koronavirus kasalligi qanchalik xavfli ekani to‘g‘risidagi savolga javob qaytardi.

«Tuberkulyoz bedavo kasallik emas, uni vaqtida aniqlab, tegishli muolajalardan to‘liq o‘tsa, kasallikni  yengib o‘tish mumkin, bunda inson to‘liq sog‘ayib ketadi.

Agar siz ikki yil oldin o‘choqli va yallig‘langan tuberkulyoz bilan kasallangan va davolash muolajalarini o‘z vaqtida olgan bo‘lsangiz hamda sizda kasallikning hech kanday asorati qolmagan bo‘lsa, hozirgi kunda sog‘lom hisoblanasiz va sizda koronavirus kasalligi og‘irlik darajasiga ko‘ra kechadi. Demak, boshqalardan farqlanmaydi.

Lekin siz tuberkulyozning kovakli, kovakli-fibroz turi bilan kasallangan bo‘lsangiz, unda koronavirusning birinchi simptomlari paydo bo‘lishi bilan shifokorga uchrab, ixtisoslashtirilgan statsionarlarda davolanganingiz maqul.

Chunki sizda kovak va fibroz to‘qimalar hisobiga kuchli nafas siqishi kuzatilishi mumkin», dedi shtab a'zosi AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

Shuningdek, koronavirus kasalligi yuqishi va uning birinchi alomatlari paydo bo‘lgunga qadar qancha vaqt o‘tishi mumkinligi haqida ham ma'lumot berildi.

«Ko‘pincha yuqish vaqti va birinchi alomatlar paydo bo‘lishining o‘rtasida o‘rtacha 5-6 kun o‘tishi mumkin. Lekin bu ko‘rsatkich turli  bemorlarda 1 kundan 14 kungacha kuzatilishi mumkin», dedi Barno Abdusamatova.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top