09:57 / 05.10.2020
6521

Nobel mukofoti sovrindorlarini e'lon qilish haftaligi boshlandi

Shvetsiya va Norvegiyada Nobel haftaligi boshlandi. Ushbu haftalik davomida nufuzli mukofotning 2020 yilgi sovrindorlari e'lon qilinadi.

Stokholmdagi Nobel qo‘mitasi 5 oktyabrda tibbiyot, 6 oktyabrda fizika, 7 oktyabrda kimyo, 8 oktyabrda adabiyot, 12 oktyabrda esa iqtisodiyot bo‘yicha sovrindorlarni e'lon qiladi.  

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti esa Norvegiya poytaxti Osloda 9 oktyabrda e'lon qilinadi. 

Nobel qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilda tinchlik bo‘yicha mukofotga 318 nomzod da'vogarlik qilmoqda. Ulardan 211 nafari jismoniy shaxslar, 107 tasi esa tashkilotlar hisoblanadi. Qoidalarga ko‘ra, nomzodlar ro‘yxati sir saqlanadi.

Biroq bir qator nashrlar joriy yilda tinchlik bo‘yicha mukofotni olishga Rossiya prezidenti Vladimir Putin, AQSh prezidenti Donald Tramp, Serbiya va Kosova hukumatlari ilgari surilganini ma'lum qilgan. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, nomzodlar orasida rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy ham bor.

Joriy yilda Nobel sovrindorlariga 10 mln shved kronasi (1,1 mln dollar) miqdorida mukofot berilishi ko‘zda tutilgan.

Avvalroq pandemiya sababli Nobel mukofotlarining o‘z egalariga topshirilishi marosimi bekor qilingani, mukofotni topshirish onlayn tarzda o‘tkazilishi ma'lum qilingandi. Dekabrda o‘tkaziladigan marosim televideniye orqali jonli tarzda o‘tkaziladi. E'tiborlisi, Nobel mukofoti taqdimoti 1944 yildan beri birinchi marta bekor qilindi.

Norvegiyada tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti taqdimotini o‘tkazishga qaror qilindi. Biroq an'anaviy tarzda 10 dekabrda o‘tadigan marosim odatdagidan kichikroq ko‘lamda o‘tkaziladi.

Mavzuga oid
Top