11:57 / 05.10.2020
6097

Sergelida ijaraga olgan yerini 37,5 ming dollarga sotib yubormoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Bosh prokuraturaning iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti Kun.uz’ga Toshkent shahri, Sirdaryo, Surxondaryo va Navoiy viloyatlarida yer sotish va o‘qishga joylashtirish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari haqida ma'lumot berdi.

Toshkent shahrining Sergeli tumanida ijara huquqi asosida berilgan yer maydonini 37 500 AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan MChJ rahbari ushlandi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sergeli tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «G.C.» MChJ rahbari A.U. jamiyatga qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi obekt qurish, 1,5 mlrd so‘m investitsiya kiritish va yangi ish o‘rinlarini yaratish kabi shartlar bilan ijara huquqi asosida berilgan 11 sotix yer maydonida hech qanday qurilish ishlarini amalga oshirmasdan, noqonuniy yo‘l bilan daromad orttirishni ko‘zlab, «E.D.» MChJ rahbari S.U. va fuqaro D.N.ning ishonchiga kirib, ularga ushbu yer maydoniga to‘laqonli egalik qilishini aytib 37 ming 500 dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan A.U. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Sirdaryoda fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yerni sotmoqchi bo‘lgan firibgar ushlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departament va DXXning Sirdaryo viloyat boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro N.I. tomonidan «N.A.M.» fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan anorchilik uchun mo‘ljallangan

2,5 gektar yer maydonini sotish va yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uning nomiga hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 66 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan N.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi va 28, 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Surxondaryo viloyatida yer maydonini turar joy sifatida rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan kadastr xodimi ushlandi
Bosh prokuratura huzuridagi departament va DXXning Surxondaryo viloyat boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Jarqo‘rg‘on tumani filiali mutaxassisi E.I. fuqaro G.X.ga tegishli bo‘lgan 12 sotix yer maydonini turar joy sifatida kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 4 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro N.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Navoiy viloyatida o‘qishga kiritishga bo‘lgan yana bir urinish fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Departament va DXXning Navoiy viloyat boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar I.K. va O.X. o‘zaro til biriktirib, firibgarlik yo‘li bilan daromad orttirish maqsadida fuqarolar D.M. va O.U. ning ishonchiga kirib, ularni Toshkent Davlat agrar universitetiga shartnoma asosida o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga

4 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan I.K. va O.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «a,b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top