11:20 / 05.10.2020
6171
Tramp koronavirusga birinchi testi musbat chiqqanini yashirgan - OAV

AQSh prezidenti Donald Tramp koronavirusga topshirgan birinchi testi musbat chiqqanini yashirgan. The Wall Street Journal nashrining xabar berishicha, Oq uy rahbari koronavirusga chalinganini bila turib, odamlar bilan muloqot qilishni davom ettirgan va intervyu bergan.

Tramp Fox News telekanalida o‘z yordamchisi Xoup Xiks koronavirusga chalinganini ma'lum qilishdan oldin topshirgan testi musbat chiqqanini bilgan. Bu haqda manbalarga tayanib The Wall Street Journal xabar berdi.  

U jurnalist Shon Xennitiga bergan intervyusida koronavirusga test topshirgani, biroq uning natijalarini bilmasligini aytgan. WSJ ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh prezidenti bungacha koronavirusga topshirgan birinchi tezkor testi natijasidan xabardor bo‘lgan, biroq aniqroq bo‘lgan ikkinchi test natijalari chiqishini kutgan. 

O‘rnatilgan qoidalarga ko‘ra, Oq uy xodimlari uchun birinchi tezkor test natijasi musbat chiqsa, ikkinchi aniqroq test qilinadi.

Bundan tashqari, manbalardan birining ta'kidlashicha, Tramp tezkor test natijasidan voqif bo‘lgan o‘z yordamchilaridan biridan buni ovoza qilmaslikni so‘ragan. “Hech kimga aytma”, deb aytgan Oq uy rahbari.

Tramp o‘zi va rafiqasi koronavirusga chalinganini 2 oktyabrda ma'lum qilgan. Vaholanki, u birinchi testi natijasi musbat chiqqanini 1 oktyabrdayoq bilgan. 

Top