00:33 / 05.10.2020
31964
Trampni steroidlar bilan davolay boshlashdi. Bu og‘ir ahvoldagi bemorlarga beriladi

Yakshanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp qanday davolanayotgani tafsilotlari ma'lum bo‘ldi. Prezidentning davolovchi shifokori Shon Konli Trampga deksametazon steroidi tayinlangani haqida xabar qildi. Bu dori odatda kasallikning og‘ir shaklini boshdan kechirayotgan bemorlarga ularning nafas olishida muammo bo‘lmasligi uchun beriladi.

Foto: Reuters

Deksametazon prezidentga shuning uchun tayinlanganki, so‘nggi kun davomida uning qonida kislorod darajasi ikki marta keskin pasayib ketgan.

Doktor Konli Trampga qo‘shimcha kislorod qabul qilish tavsiya etilganini aytib o‘tgan.

Konlining so‘zlariga ko‘ra, prezident dushanba kuniyoq shifoxonadan chiqarilishi, u davolanishni Oq uyda davom ettirishi rejalashtirilmoqda.

  • Deksametazon – o‘tgan asrning 60 yillaridan beri yallig‘lanishga qarshi vosita sifatida foydalanib kelinadigan steroid. U onkologiyada ham qo‘llanadi. Ushbu dori vositasining ijobiy ta'siri faqat kasallikning og‘ir bosqichida bo‘lgan bemorlarda kuzatilgan.

Trampning kasalligi haqida asosiy ma'lumotlar

  • Shanba kuni Trampning shifokori prezidentning holati haqida «ehtiyotkorona optimizm» bilan fikr bildirgandi. U bemorning xavf ostida emasligini ta'kidlagandi.
  • Bu bayonot ortidan kasalxona va Oq uydan Trampning qachon kasallangani sanasini chalkashtirib yuboruvchi turlicha ma'lumotlar tarqaldi.
  • Trampni davolovchi shifokorning so‘zlari shanba kuni prezident ma'muriyati rahbari Mark Medouz aytgan so‘zlar bilan mos emasdi. Medouz Trampning so‘nggi 24 soatdagi holati  «katta xavotir tug‘dirgani», keyingi 48 soat hal qiluvchi palla bo‘lishi haqida gapirdi. U prezidentga tashxis qo‘yilganidan keyin uning ahvoli keskin yomonlashgani, harorati ko‘tarilib, qondagi kislorod miqdori keskin tushib ketgani haqida qo‘shimcha qildi.
  • Yakshanba kuni Tramp videomurojaat qilib, o‘zini nisbatan yaxshiroq his qilayotgani haqida gapirdi.

Tramp qanday tadbirlarni o‘tkazib yuboradi?
AQShdagi qoidalarga ko‘ra, Tramp 14 kun davomida karantin rejimiga o‘tishi kerak, shuning uchun u 15 oktabr kuni Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Jo Bayden bilan teledebatda ishtirok eta olmasligi mumkin.

Oldinda esa uning ikki hafta ichida o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchta mitingi bor.

Tramp prezidentlik vazifalarini bajara olmaydigan darajada kasal bo‘lib qolsa, nima bo‘ladi?
AQSh konstitutsiyasining 25-moddasiga binoan, prezident bu holatda o‘z vazifalarini vitse-prezidentga topshiradi. Bu esa Mayk Pens ushbu vazifani bajarishini anglatadi. Tramp tuzalib ketgach, u yana o‘z o‘rniga qaytadi.

Foto: Getty Images

Xuddi shunga o‘xshash vaziyat Ronald Reygan va Jorj Bush ma'muriyati davrida ham sodir bo‘lgan.

Agar prezident bunday qarorni ham qabul qila olmaydigan darajada o‘ta og‘ir ahvolda bo‘lsa, hukumat va vitse-prezident ham ushbu qarorni qabul qilishi mumkin.

Pens ham koronavirusga chalinib, prezidentlik vazifasini bajara olmay qolsa, AQSh Vakillar Palatasining Demokratik partiyasi raisi Nensi Pelosi prezident vazifasini bajaradi.

Biroq bunday holda huquqiy nizolar yuzaga kelishi ham mumkin.

Washington Post gazetasining may oyida chop etilgan hisobotida aytilishicha, agar Pelosi ushbu lavozimni egallashni istamasa yoki o‘z zimmasiga ololmasa, Senatning vitse-prezidenti, senatda ikkinchi vakolatli shaxs bo‘lmish respublikachi senator Charlz Ernest Grassli ushbu lavozimni egallashi mumkin.

Agar Tramp saylovlarda qatnasha olmaydigan darajada kasal bo‘lsa-chi?
Pens prezidentlik vazifalarini bajarsa-da, bu holat Respublikachilar partiyasi tomonidan uning nomzodi qabul qilinishini anglatmaydi.

Partiya qoidalariga ko‘ra, Respublikachilar milliy qo‘mitasi yangi nomzodni tanlash uchun yig‘iladi. Bu esa ushbu qo‘mitaning 168 ishtirokchisining bir qator ovoz berish jarayonlariga kirishishini anglatadi.

Pens nomzodi ilgari surilishi ehtimoli katta bo‘lsa-da, u yangi vitse-prezidentlikka nomzod bilan kurashishiga to‘g‘ri keladi.

Ayni kunga qadar Demokratlar yoki Respublikachilar partiyasi rasman o‘z nomzodlarini saylagach, bu borada o‘zgarish qilmagan.

Saylovni kechiktirish mumkinmi?
Saylovni keyinga qoldirish prezident qabul qilishi mumkin bo‘lgan qaror emas, Kongress a'zolarining aksariyati shu yo‘nalishda ovoz berishlari kerak.

Demokratlar nazorati ostidagi Vakillar Palatasida bunday qaror qabul qilinishi dargumon, ya'ni bu tanlanishi mumkin bo‘lgan variant sifatida ko‘rilmaydi.

Qonunga ko‘ra, AQSh prezidentlik saylovlari har to‘rt yilda bir marta, noyabr oyining ilk dushanbasidan keyingi seshanba kuni bo‘lib o‘tadi. Bu esa 2020 yil 3 noyabr sanasiga to‘g‘ri keladi.

Ushbu qonun o‘zgargan taqdirda ham, konstitutsiyaga ko‘ra, bir prezident o‘z lavozimida to‘rt yilgina o‘tirishi mumkin. Bu esa 2021 yil 20 yanvarda Trampning prezidentlik muddati tugashini anglatadi.

Buni o‘zgartirish uchun esa konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish lozim. Buning uchun esa deputatlarning uchdan ikki qismi, boshqacha aytganda, AQSh shtatlarining to‘rtdan uch qismi yoqlab ovoz berishi lozim. Bu esa hozirgi vaziyatda amalga oshadigan ehtimolga o‘xshamayapti.

«Pandemiyaning oxiri ko‘rinib qoldi»
BBC’ning Oq uydagi korrespondenti Tara Makkelvi

Ko‘p oylar davomida Donald Tramp va uning atrofidagilar hech qachon tibbiy niqob taqishmadi va xuddi hech qanday pandemiya yo‘qdek harakat qilishdi. Keyin prezidentga tashxis qo‘yildi va Trampning tarafdorlari dunyosi keskin o‘zgardi.

Juma kuni prezident tvitteri orqali koronavirusga chalingach Oq uyda besaranjomlik boshlandi.

Prezidentning yordamchilari va Oq uy xodimlari zo‘r berib tartibni saqlab qolishga urinishdi, ammo umumiy muhit ko‘proq xaosga o‘xshab ketmoqda. Xavotirlanish, hayqiriq va biroz yig‘i ham bo‘ldi.

Prezident o‘tgan vaqt davomida AQSh sog‘liqni saqlash sohasidagi vaziyat haqida optimizm bilan gapirib keldi - xuddi u shu yo‘l bilan pandemiyani yengmoqchidek edi. Amerikada 200 mingdan ortiq kishi koronavirusdan vafot etdi, ammo Tramp yaqindagina vaziyat nazorat ostida ekanini aytgandi.

Xayriya tadbirlari uchun oldindan tayyorlab qo‘yilgan va payshanba kuni e'lon qilingan murojaatida u «pandemiya yakuni yaqinligi» haqida gapiradi. Shu hafta boshida prezidentlik debatida esa u demokratlar nomzodi Jo Baydenni hamisha niqob taqib yurgani uchun mazax qilgandi.

Prezidentning virus haqidagi gaplari ko‘plab amerikaliklarni g‘azablantirib keladi. So‘nggi vaqtlarda uning yordamchilari va maslahatchilari ham virus haqidagi bayonotlarida ehtiyotsizlik qila boshlashdi. Ular xuddi koronavirusdan xoli dunyoda yashayotgandek edi. Oq uyda niqob taquvchilar juda kam edi, hech kim tushlik vaqtida ijtimoiy masofa saqlashga rioya etmasdi. Ular prezident qarorgohidagi xiyobonda o‘tkaziladigan marosimlarga yuzlab mehmonlarni taklif etishardi.

Prezident ma'muriyati prezident bilan ko‘rishadiganlarni tezkor Covid-19 dan o‘tkazishlarini aytishadi. Ammo ekspertlar tezkor testlarning ishonchliligiga shubha bildirishgan va bu amaldorlarda xavfsizlik haqida yolg‘on taassurot uyg‘otishini aytishgan.

Endi prezident kasallandi, uning yordamchilari ofislariga bostirib kelgan haqiqiy xavf qarshisida qolishdi.

Men prezidentning bayonotlari uning tarafdorlariga qanday ta'sir qilishi va ular sog‘liqni saqlash sohasidagi vaziyatni qanday o‘nglayotganidan hayratlanishini bilaman («Usiz yana millionlab kishilar halok bo‘lardi», degan uning tarafdorlaridan biri).

Ammo prezidentning o‘zi kasallanishi barcha tasavvurlarni yo‘qqa chiqardi.

Duolar va mitinglar
Donald Trampning tarafdorlari shanba kuni kechqurun shiorlar yozilgan plakatlar va gullar bilan AQSh prezidenti yotqizilgan Milliy harbiy-tibbiy markaz devorlari oldida yig‘ila boshladi.

Butun mamlakat bo‘ylab shu kabi aksiyalar o‘tkazildi.

Trampning kasallanishi uning saylovoldi kampaniyasi taqvimiga o‘zgartirish kiritdi. Tramp qayta saylanishiga umid qilayotgan prezidentlik saylovlari 3 noyabr kuniga belgilangan.

Shifoxona atrofida to‘plangan Tramp tarafdorlari uning sog‘ligi uchun duo qilishmoqda.

Trampning tarafdorlari o‘z aksiyalarini o‘tkazishga harakat qilishdi.

Shanba kuni respublikachilar butun mamlakat bo‘ylab prezidentni qo‘llab-quvvatlovchi so‘zlar bilan ko‘chalarga chiqishdi. Kaliforniyada «Tramp uchun» avtokolonnasi tashkil etildi. 

Boshqa shtatlarda, masalan, Floridadagi Fort-Loderdeylda katerlar egalari ham o‘ziga xos kolonna hosil qilishdi.

Qo‘llab-quvvatlov aksiyasi Nyu-Yorkdagi Steyten-Aylend tumanida ham o‘tkazildi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top