19:30 / 05.10.2020
2628
Uzbekistan Airways tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarda yuk tashish hajmi 0,03 foiz, jahonda bu ko‘rsatkich 35 foizga teng - Senat

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi faoliyatiga oid tahlillarga ko‘ra, kompaniyaning parvozlar soni 2010 yildan buyon atigi 15 foizga oshgani ma'lum bo‘lgan. Ko‘rsatilgan xizmatlar umumiy hajmida yuk tashish 0,03 foiz ulushni tashkil etadi, jahon miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkich esa 35 foizni tashkil etadi.

Bugun, 5 oktabr kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi hamkorligida «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun ijrosiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Unda har ikki qo‘mita tomonidan Uzbekistan airways AJ faoliyatiga oid o‘rganilgan tahlillar ma'lum qilindi.

Unga ko‘ra, havo transporti sohasining ichki va tashqi bozorda raqobatbardoshlik holatiga salbiy ta'sir etuvchi bir qator omillar aniqlangan. Uzbekistan Airways AJ mintaqaviy va xalqaro darajadagi parvozlarni amalga oshiruvchi yagona milliy kompaniya, shuning uchun ham raqobat muhiti bo‘lmagan sharoitda kompaniyaning faoliyat samaradorligini oshirishga qiziqishi mavjud emas.

2010 yildan buyon kompaniyaning parvozlar soni bor-yo‘g‘i 15 foizga oshgan. Havo texnikasining kam miqdordaligi yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish, parvozlar sonini ko‘paytirish hamda kompaniya samaradorligini oshirish imkoniyatini cheklaydi.

«Shuningdek, parvozlar sinflarini tanlashning murakkab tizimi, xarid qilinayotgan xizmatlarning muhim shartlari haqida iste'molchilarning axborotga ega bo‘lishiga salbiy ta'sir etmoqda.

Uzbekistan Airways AJ tizimida yuk tashishni rivojlantirish qo‘shimcha daromad manbayi sifatida ko‘rib chiqilmagan. Ko‘rsatilgan xizmatlar umumiy hajmida yuk tashish 0,03 foiz ulushni tashkil etadi, bu esa jahon miqyosidagi 35 foizdan ancha past bo‘lib, bu yuk tashish salohiyatidan yetarlicha foydalanilmayotganini ko‘rsatadi.

Aeroportlarning zamonaviy ixtisoslashgan uskunalar bilan yetarli darajada jihozlanmagani samolyotlarni yuqori sifatli qabul qilish va texnik xizmat ko‘rsatish darajasi pastligiga olib kelmoqda. Natijada aeroportlarning hamkor sifatida jozibadorligi pasaymoqda», deya kamchiliklarni ma'lum qildi Senat qo‘mitasi.

Uzbekistan Airways AJ raisi o‘rinbosari Umid Husanov ayni paytda kompaniyani isloh qilish masalasi Jahon banki bilan hamkorlikda ko‘rib chiqilayotgani, xarajatlarni qisqartirish masalalari ham o‘rganilayotganini ma'lum qilgan.

Top