16:35 / 05.10.2020
4450
Zanjabil koronavirus infeksiyasida monoterapiya sifatida yordam bermaydi - mutaxassis

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Abdusamatova AOKAda o‘tkazilgan brifingda koronavirusga qarshi davolash jarayonida imbirni dorilar o‘rniga qabul qilish haqidagi savolga javob qaytardi.

«Zanjabil ildizi tarkibida S, V1, V2 vitaminlari, alyuminiy, kaliy, kalsiy, temir, marganets, fosfor, kapril, nikotin va linol kislotalari kabi mineral moddalar mavjud. Uning ta'sir qiluvchi moddalari shogaol va gingerol hisoblanadi. Bu moddalar antioksidant, yallig‘lanishga qarshi, o‘smalarga qarshi, antimutagen va boshqa xususiyatlarga ega.

Eksperimental izlanishlar zanjabil ildizining spirtli ekstrakti pnevmoniya va boshqa yuqori nafas a'zolarining yallig‘lanish kasalliklarida foyda berishini ko‘rsatgan. Lekin uni ham me'yorida iste'mol qilish zarur, chunki u bolalarda va homilador ayollarda allergiya keltirib chiqarishi mumkin. Zanjabil koronavirus infeksiyasida asosiy dori vositalar bilan bir qatorda ishlatilishi mumkin, lekin bir o‘zi monoterapiya sifatida yordam bermaydi», dedi shtab a'zosi.

Imbir - zanjabil ilmiy tibbiyotda keng ishlatiladi. Zanjabilning juda ko‘p foydali xususiyatlari bo‘lgani sababli nafaqat maza berish, balki davolovchi ozuqa sifatida ham ishlatiladi.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasida doim ham o‘pka yallig‘lanishi kuzatilmasligi ma'lum qilindi.

«Koronavirus infeksiyasi turli shaklda kechadi va doim ham o‘pka yallig‘lanishini keltirib chiqarmaydi. Ko‘p hollarda kasallik umuman simptomlarsiz kechadi va bunday bemorlarni tekshirishda organizmda hech qanday o‘zgarish aniqlanmaydi», dedi Barno Abdusamatova.

Simptomlar mavjudligida quyidagi kasallik shakllari kuzatiladi:

  • yuqori nafas yo‘llarining shikastlanishi (rinit, faringit);
  • quyi nafas yo‘llarining shikastlanishi bilan (pnevmoniya).

Ta'kidlanishicha, pnevmoniyada o‘pka yallig‘lanishi kuzatilishi mumkin, biroq ko‘pchilik bemorlarda kasallik o‘pka shikastlanishisiz kechadi.

Top