22:52 / 06.10.2020
6844
Dubayda futuristik ko‘rinishdagi Kelajak muzeyi barpo etildi

Dubayda futuristik ko‘rinishdagi Kelajak muzeyi taqdim etildi. Teshikkulcha ko‘rinishidagi inshoot 78 metr balandlikka, 10 qavatga ega va 30 ming kvadrat metr maydonni egallagan.

Foto: Twitter /hhShkMohd

Muzey Emirates Towers metro stansiyasi, biznes va mehmonxona majmuasi bilan piyodalar ko‘prigi yordamida bog‘langan. Inshootning birinchi uch qavati avtomobillarni qo‘yish uchun ajratilgan.

Muzeyda hovuzlar, bog‘lar, veloyo‘lka va hordiq chiqarish hududi mavjud. E'tiborlisi, bino korpusi zanglamaydigan po‘lat va shisha toladan ishlangan bo‘lib, arab yozuvlari bilan bezalgan. Katta ko‘lamli loyihani Killa Design arxitektura agentligi amalga oshirgan. 

Muzey ekspozitsiyasi zamonamiz imkoniyatlari va xatarlari hamda kelajak texnologiyalariga bag‘ishlanadi. Muzeyda insonning jismoniy va aqliy imkoniyatlarini kengaytiruvchi, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni yechishda yordam beruvchi innovatsiyalar, turli ixtirolar va texnologik yechimlarning istiqbolli prototiplari taqdim etiladi.

Dubay hukmdori Muhammad bin Rashid Ol Maktum inshootni arxitektura va muhandislik durdonasi deb atagan. U muzey Dubayning diqqatga sazovor joylaridan biriga aylanishiga umid bildirgan.

Foto:  Twitter /hhShkMohd
Foto:  Twitter /hhShkMohd
Foto:  Twitter /hhShkMohd
Top