09:33 / 06.10.2020
17042
Dunyodagi vaziyat: Parij «qizil» hudud, Moskvaga qat'iy cheklovlar qaytishi kutilmoqda, Tramp Oq uyga qaytdi

Siyosatchilar Covid-19’ning hozirgi voqealarini ikkinchi to‘lqin deb atash yoki atamaslik haqida bahslashar ekan, yozgi tin olishdan keyingi yangi kasallanish holatlari va o‘lim soni tobora ortib bormoqda. 

Foto: Sergey Karpuxin/TASS

 BBC jahonda koronavirus bilan bog‘liq so‘nggi xabarlarni taqdim etdi. 

Yakshanba kuni qariyb 250 ming kishi kasallikni yuqtirgani aniqlandi, 4 mingdan ortiq inson vafot etdi. Kasallanish holatlari soni bo‘yicha AQSh (7,5 milliondan ortiq) birinchi o‘rinda, o‘sish sur'atlari bo‘yicha Hindiston (kuniga 75 mingga yaqin) yetakchilik qilmoqda. 

5 oktabr kuni Jyenevada JSSTning koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga bag‘ishlangan ikki kunlik sessiyasi boshlandi.

Bunga parallel ravishda JSST pandemiyaning dunyodagi ruhiy salomatlik muammolariga yordam xizmatlariga halokatli ta'siri to‘g‘risida hisobot chiqardi.

Tramp tuzalmoqda va u Oq uyga qaytdi

To‘rt kun muqaddam Covid-19dan zararlanish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan AQSh prezidenti Donald Tramp shifoxonani tark etdi, xabar qilishlaricha, u davolanishni Oq uyda davom ettiradi.

Uning davolovchi shifokori brifing vaqtida u o‘zini juda yaxshi his qilayotgani haqida aytib o‘tdi. Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, Trampda 72 soat davomida yuqori harorat kuzatilmagan.

O‘tgan haftaning dam olish kunlari matbuotda prezidentning sog‘ligi to‘g‘risida bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan xabarlar tarqalgandi.

Hozirda prezidentning atrofidagilardan aynan qanchasi koronavirusdan zararlangani ma'lum emas.

«Mening tuzalishimga yordam bergan barcha shifokorlar, hamshiralarga rahmat. Shuni aytmoqchimanki, koronavirusga sizni boshqarishiga imkon bermang. Qo‘rqmang, bizda eng yaxshi shifokorlar ishlaydi. Tramp ma'muriyati rahbarligida ajoyib dorilar ishlab chiqilgan. Men o‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Hatto 20 yil oldingidan ham yaxshiroq!

Men frontga qaytdim. Yana takrorlayman, kasallik sizni boshqarishiga yo‘l qo‘ymang, ehtiyot bo‘ling. Vaksina ham asta-sekin yaratiladi. Meni qo‘llaganingiz uchun rahmat», deb yozdi Tramp tvitterida.

Uning shifokorlari jurnalistlar bilan muloqot vaqtida uning davolanishi tafsilotlarini oshkor qilishni istashmadi, ammo prezident o‘zini juda yaxshi his qilayotgani va unga javob berilishidan oldin yana bir bor remdesivir berilganini aytishdi.

Yakshanba kuni Tramp o‘zi davolanayotgan Uolter Rid shifoxonasi oldida to‘plangan tarafdorlarini qarshilash uchun ko‘chaga chiqqandi.

Ijtimoiy tarmoqlarning ayrim foydalanuvchilari prezidentni, garchi ular niqob kiygan bo‘lsa ham, unga hamrohlik qilayotgan xavfsizlik xizmati xodimlariga xavf tug‘dirayotgani uchun tanqid qilishdi. 

Oq uyda davlat soqchilari tomonidan qo‘riqlanayotgan birinchi xonim Melaniya Tramp esa kasalxonada erini ziyorat qilishdan bosh tortdi. 

Yakshanba kuni Trampga steroid deksametazon buyurilgani ma'lum bo‘ldi, bu doriga odatda qonda kislorod darajasi past bo‘lganida ehtiyoj tug‘iladi. 

Dushanba kuni Trampning matbuot kotibi Keyli Makinaniga koronavirus tashxisi qo‘yildi. U tvitterida o‘zida alomatlar kuzatilmagani, ammo karantin saqlashi va masofadan ishlashi haqida yozgan.

JSST: ruhiy salomatlikka ko‘makning keskin yetishmasligi

Dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida koronavirus pandemiyasi tufayli ko‘plab tashkilotlar va xizmatlarning ishi sustlashgani yoki umuman to‘xtagani sababli ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolarga ega ko‘plab odamlar o‘z vaqtida tibbiy yordamsiz qolishdi. Bu haqda pandemiya oylari davomida 130 mamlakatdan olingan ma'lumotlarni tahlil qilgan JSSTning hisobotida aytilgan. 

Shu bilan birga, tadqiqot mualliflarining ta'kidlashlaricha, pandemiya oylarida ruhiy salomatlik yordamiga bo‘lgan talab juda oshgan. 

Yaqinlar o‘limi, izolyatsiya, daromad yo‘qolishi va qo‘rquv avvaldan mavjud bo‘lgan kasallik belgilarini kuchaytiradi va sog‘lom odamlarda ularning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Natijada, odamlar alkogol va giyohvand moddalarga ruju qo‘yadi, uyqusizlik va xavotirni boshdan kechirishadi. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu hisobotni dunyo rahbarlari o‘rtasida ruhiy salomatlik muammolari borasidagi xabardorlikni oshirish maqsadida global onlayn anjuman oldidan e'lon qildi. 

Parij «qizil» hudud

Fransiya poytaxti va uning atrofidagi uchta departamentdagi barcha barlar dushanba kuni kamida ikki haftaga to‘liq yopiladi. Avvalroq,  rasmiylar ularning ish soatini kechki soat 10 bilan cheklashgandi.

Kafe va restoranlarga hozircha soat 22:00gacha mijozlarga xizmat ko‘rsatishga ruxsat berilgan. Barcha mijozlar o‘zlarining aloqa ma'lumotlarini muassasa ma'muriyatiga topshirishlari shart. 

Fransiyaning ikkinchi yirik shahri Marselda 26 sentyabrdan boshlab barcha oziq-ovqat shoxobchalari va sport klublari yopiq. 

Dushanba kuni bosh vazir devoni tomonidan e'lon qilingan boshqa cheklovlar qatoriga ta'lim muassasasi auditoriyasini talabalar bilan yarmidan ko‘pga to‘lishining oldini olish va kompaniyalarning iloji boricha ko‘proq xodimlarini masofadan ishlash tartibiga o‘tkazish kiradi. 

Yakshanba kuni Fransiyada koronavirus bilan 12,5 mingta yangi kasallanish holati qayd etildi. Shanba kuni butun pandemiya davriga taalluqli rekord o‘rnatilgandi - deyarli 17 ming kishi. Iyun oyida bu ko‘rsatkich kuniga ming bemor atrofida edi, ammo keyinchalik yana o‘sishni boshladi.

Fransiyaning eng yirik shaharlari epidemiologik xavfning eng yuqori «qizil» darajasini e'lon qildi. Bu shuni anglatadiki, Covid-19 bilan kasallanganlar soni 100 ming aholiga 250 nafardan oshadi va ular reanimatsiya bo‘limlarida o‘rinlarning kamida 30 foizini egallaydi.

Moskvada qat'iy cheklovlar qaytarilishi mumkin
Rossiyada ketma-ket ikkinchi kun kunlik kasallanish holatlari 10 mingdan oshiq bo‘ldi. 4 oktabr kuni may oyidan buyon ilk marta kunlik kasallanishlar soni 10 mingdan oshgandi (oxirgi marta 11 may kuni 11 ming 656 kishida kasallik aniqlangan). Shu vaqtgacha Rossiyada koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 1,2 mln holat qayd etilgan, 21,5 mingga yaqin kishi infeksiya qurboni bo‘lgan.

Moskva meriyasidagilar koronavirusga qarshi kurashni kuchaytirish uchun bir necha ssenariylar ustida ish olib bormoqda. «Vedomosti» nashri meriyadagi manbasiga asoslanib xabar qilishicha, propusk rejimiga qaytish rejasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Epidemiologik vaziyat yaxshilanmasa ikki hafta davomida to‘liq karantin joriy etilishi mumkinligi aytilmoqda.

«Meriya hozir murakkab vaziyatga tushib qoldi - endi koronavirus yana nega avj olganini tushuntirish va bu jiddiy cheklovlarni joriy etishni talab qilishini tushuntirish uchun to‘g‘ri argumentlarni topish kerak bo‘ladi. Ayniqsa, bunday choralar biznesga zarar keltirmasligini hisobga olish kerak», degan nashr manbasi.

Shu bilan birga, u meriyada hozircha propusk rejimiga qaytish masalasi muhokama etilmayotganini qayd etib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi galdagi vazifa - koronavirus tarqalishi dinamikasini to‘g‘ri baholash va dastlabki choralarni qo‘llash orqali vaziyatni o‘zgartirish hisoblanadi.

Boshqa bir manba esa rasmiylar tomonidan pensionerlar va maktab o‘quvchilarining metrodan foydalanish uchun ijtimoiy kartalarini bloklashga imkon beruvchi dasturni ishga tushirishga ko‘rsatma berilgan.

«Barcha moskvaliklar uchun QR-kodlar joriy etish haqida hozircha gap ketmayapti. Lekin bu istisno qilinmaydi. Vaziyat juda og‘ir, shifoxonalar bemorlar bilan to‘lib ketgan», degan «Vedomosti» manbasi.

Shu bilan birga, Moskva meri Sergey Sobyanin shu kunlarda ikkinchi to‘lqin davrida hukumat biznesga xalal bermaslik uchun imkon qadar «jiddiy cheklovlar» qo‘llamaslikka harakat qilishini aytib o‘tgandi. «Bugungi sharoitda biznes uchun eng katta yordam - uning yopib qo‘yilishining oldini olishdir», degan u.

Bundan tashqari, Rossiya ta'lim vazirligi Moskvadagi maktablar masofadan o‘qitish tizimiga qaytishini ma'lum qilgan.

Dunyoda yana nimalar bo‘lmoqda

Madridning uch million aholisiga dushanbadan olti kishidan ko‘proq guruhga yig‘ilmaslik va o‘ta zarurat bo‘lmaganda o‘z mavzesidan tashqariga chiqmaslik buyurilgan. Madridda kasallanganlar soni 100 ming aholiga taxminan 700 kishini, butun Ispaniya bo‘yicha esa 319 kishini tashkil qiladi.

Yakshanba kuni Italiyaning «Yuventus» va «Napoli» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv o‘tkazilmadi, chunki neapolliklar bu o‘yinga kira olishmadi. O‘tgan hafta klubning ikki futbolchisiga koronavirus tashxisi qo‘yilgan. 

Dunyodagi eng yirik kinoteatrlar tarmoqlaridan biri bo‘lgan Cineworld Buyuk Britaniya va AQShdagi faoliyatini to‘xtatmoqda. Bir necha oy ichida 663 kinoteatr o‘z eshiklarini yopadi, bu esa 45 mingga yaqin ish joyini so‘roq ostida qoldiradi. 

Tarmoq egalari qarorni filmlar yetishmasligi bilan izohlashmoqda. Xususan, Jyeyms Bond filmining yana ortga surilgan premerasi kompaniya uchun katta moliyaviy yo‘qotishlarni anglatadi, deyishgan ular.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top