14:05 / 06.10.2020
22539

Parkent hokimiyati hokim o‘g‘lidan sotib olingan «Captiva»ni qaytarib berdi

Parkent tuman hokimiyati hokim o‘g‘li ta'sis etgan «Mega Karer» MChJdan sotib olingan avtomobilni firmaga qaytarib berdi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov ma'lumot berdi.

6 oktabr kuni agentlik tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida Akmal Burxonov Parkent tuman hokimligining davlat xaridi yuzasidan surishtiruv tafsilotlari haqida jamoatchilikka ma'lumot berdi.

Ta'kidlanishicha, jinoyat ishi doirasida tegishli idoralarning malakali mutaxassislaridan iborat komissiya tomonidan o‘lchov va taftish ishlari davom ettirilmoqda. Aybdor shaxslarni aniqlash bilan birga yetkazilgan zararning qoplanishini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

«Tekshirishlar davomida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun talabi buzilgani, xususan avtomashina sotib olishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Natijada tuman hokimining avtomashina sotib olish to‘g‘risidagi farmoyishi bekor qilingan va «Mega Karer» MChJ tomonidan 260 million so‘m pul mablag‘lari tuman hokimligi hisob raqamiga qaytarib o‘tkazib berilgan. Hozirda Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv davom etmoqda», — dedi agentlik direktori Akmal Burxonov.

Toshkent viloyati Parkent tumani hokimligi «Mega Karer» MChJdan «Captiva» rusumli avtomobil 260 mln. so‘mga sotib olingani, sotuvchi va sotib oluvchi mansabdor shaxs yaqin qarindoshlik aloqalariga ega ekani haqida ma'lumot tarqalgandi.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, haqiqatdan ham Parkent tumani hokimligi «Captiva» avtomobili xarid qilgan va vositachi korxona ta'sischilaridan biri tuman hokimining o‘g‘li ekanligini tasdiqlagan. Shundan so‘ng, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi mazkur ish yuzasidan Bosh prokuraturaga so‘rov yuborib, undagi korrupsion holatlarni o‘rganishini bildirgan.

Mavzuga oid
Top