21:49 / 06.10.2020
29163

Qirg‘iziston bosh vaziri va parlament spikeri iste'fo berdi  

Qirg‘iziston bosh vaziri Kubatbek Boronov va parlament spikeri Doston Jumabekov iste'fo berdi. 

Kubatbek Boronov Foto: kabar.kg

Boronov iste'foga chiqishi haqidagi arizani prezident Sooronbay Jeenbekov nomiga yo‘llagan. Jeenbekov iste'foni qabul qilgani yoki yo‘qligi hozircha noma'lum.

Bosh vazirning iste'foga chiqishi respublikadagi noroziliklardan keyin muxolifat tomonidan tashkil etilgan muvofiqlashtiruvchi kengashning talablaridan biri bo‘lgan.

Iyunda radiochastotalarning noqonuniy sotilishi bilan bog‘liq mojaro sababli iste'foga chiqqan Muhammatkaliy Abilgaziyev o‘rniga bosh vazir etib tayinlangan Kubatbek Boronov o‘zini “texnik bosh vazir” deb atagan va parlament saylovlaridan keyin bosh vazir lavozimidan ketishini ta'kidlab kelgan.

Boronov o‘rniga vaqtinchalik bosh vazir etib sobiq deputat, Qirg‘izistondagi oxirgi voqealar davomida koloniyadan ozod etilgan Sadir Japarov tayinlandi. Uning nomzodini shoshilinch yig‘ilishga to‘plangan deputatlar ma'qullashgan. 

Ushbu yig‘ilishda Qirg‘iziston parlamenti spikeri Doston Jumabekov ham iste'fo bergani ma'lum bo‘lgan. Jumabekovning partiyasi saylovlar g‘oliblari orasida bo‘lgan. Uning o‘rnini deputat Miktibek Abdildayev egallagan.

Mavzu
Qirg‘izistonda hukumat almashinuvi
Qirg‘izistonda parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan muxolif partiyalar inqilob amalga oshirishdi.
Barchasi
Top