20:50 / 06.10.2020
3983

SpaceX oltinchi urinishda Starlink tizimi sun'iy yo‘ldoshlarini orbitaga uchira oldi 

SpaceX kompaniyasi oltinchi urinishda Starlink loyihasining navbatdagi 60 ta sun'iy yo‘ldoshini orbitaga uchira oldi. Bu kompaniyaning sun'iy yo‘ldoshlar guruhini orbitaga 13-marta jo‘natishidir. 

Foto: SpaceX

Ushbu missiya turli sabablarga ko‘ra bir necha marta qoldirildi. Jumladan, urinishlardan biri raketa startiga 18 soniya qolganda bekor qilingan.

Avvalgi 60 ta sun'iy yo‘ldosh orbitaga 3 sentyabrda uchirilgan. Endilikda loyihaning orbitada joylashtirilgan sun'iy yo‘ldoshlari soni 773 taga yetdi.

Sun'iy yo‘ldoshlar orbitaga AQShning Sharqiy sohilbo‘yi vaqti bilan soat 07:29da Floridadagi kosmodromdan Falcon 9 raketasida uchirilgan.

Raketa uchirilgandan bir soatdan sal ko‘proq vaqt o‘tgach barcha sun'iy yo‘ldoshlar bir vaqtda orbitaga chiqarilgan. 

Ayni vaqtda SpaceX dunyodagi eng yirik sun'iy yo‘ldosh operatori hisoblanadi. SpaceX’da Yer sirtini Starlink tizimi signali bilan minimal qoplash uchun 420 ta, o‘rtacha darajada qoplash uchun 780 ta sun'iy yo‘ldosh talab etilishi aytilgan. Kompaniya joriy yil oxirigacha tizimni Kanada va AQShning shimoliy hududlari uchun ishga tushirishni mo‘ljallamoqda.

Sentabr boshida SpaceX tizimning sinovi natijalari bilan bo‘lishgan. Kompaniyada sun'iy yo‘ldoshlar ma'lumotlarning 100 Mbit/soniyadan kattaroq tezlik bilan yuklanishini ta'minlagani, tizimda internetga ulanish kam vaqt olishi esa eng zamonaviy onlayn-o‘yinlarni o‘ynash imkonini berishi ma'lum qilingan.

Mavzuga oid
Top