17:10 / 07.10.2020
20514
«Amilee Bahora» xususiy bandlik agentligi rahbarlariga sud hukmi o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida fuqarolarni xorijga ishga jo‘natish bahonasida chuv tushirib kelgan «Amilee Bahora xususiy bandlik agentligi» MChJ rahbarlariga sud hukmi o‘qildi.

Oliy sud matbuot xizmati taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra, sudlanuvchilar - «Amilee Bahora xususiy bandlik agentligi» MChJ ta'sischisi va huquqshunosi, 1970 yilda tug‘ilgan Jahongir Mo‘minovich Tohirov va agentlik ta'sischisi hamda rahbari bo‘lmish, 1972 yilda tug‘ilgan Bahora Shamsiyevna Raupovaga nisbatan sud hukmi o‘qilgan.

Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha yakuniy sud majlisi 2020 yil 5 oktabr kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi binosida, ochiq sud majlisida, raislik qiluvchi sudya Z.Ahmedova, sudya yordamchisi Z.Fayziyev va X.Rabbimov kotibligida bo‘lib o‘tdi.

Mazkur jinoyat ishida jabrlanuvchilar soni 300 nafardan oshiqroqni tashkil etgan.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Jahongir Tohirov Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi, 189-moddasi 1-qismi va 228-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi va unga JKning 57-moddasini qo‘llab, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy koloniyada o‘tash belgilandi.

Sudlanuvchi Bahora Raupova JKning 168-moddasi 3-qismi «b,v» bandlari va 189-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi va JKning 57-moddasini qo‘llab, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy koloniyada o‘tash belgilandi.

Bundan tashqari, sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilarga tegishli bo‘lgan Samarqand shahar Registon ko‘chasidagi 9-uyning 1-qavatida joylashgan va 1 milliard 3,17 mln so‘mga baholangan 116,95 m.kv ofis binosi kim oshdi savdosi orqali sotuvga qo‘yilib, sudlanuvchilarga aldangan fuqarolarga taqsimlab berilishi va ortib qolgan mablag‘ J.Tohirov va B.Raupovaga qaytarib berilishi belgilandi.

Kun.uz mazkur agentlik faoliyati ortidan kelib chiqqan noroziliklarni bir necha marta yoritgan. Jumladan, o‘tgan yil dekabr oyida, joriy yil yanvar oyida tahririyatga mamlakatning turli hududlaridan bo‘lgan ko‘plab fuqarolar murojaat qilgan edi. Ana o‘sha murojaatlarda ko‘plab fuqarolar «Amilee Bahora xususiy bandlik agentligi» MChJ faoliyatidan norozi bo‘lgan va saytga intervyu bergandi.

Keyinchalik, ko‘plab fuqarolarning huquqni himoya qilish organlariga qilgan murojaatlari ortidan mazkur agentlikning litsenziyasi joriy yil 4 mart kunidan boshlab Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan to‘xtatib qo‘yilgan edi.

Top