23:23 / 07.10.2020
17737
Ryazandagi qurol-yarog‘ omborida yong‘in sodir bo‘ldi

Bugun, 7 oktabr kuni Rossiyaning Ryazan viloyatidagi qurol-yaroq omborida yong‘in sodir bo‘ldi. Shu sabab federal avtomobil yo‘li yopilgan va o‘nlab aholi punktlaridagi fuqarolar evakuatsiya qilinmoqda. Yong‘in Ryazandagi sobiq harbiy poligon hududida sodir bo‘lgan.

Foto: Yelena Skobelsyna/TASS

Keyinchalik Rossiya G‘arbiy harbiy okrugi bu ma'lumotni tasdiqladi: «7 oktabr kuni 13:20 lar atrofida (Toshkent vaqti bilan 15:20) Ryazan viloyati Jyeltuxina aholi yashash punktida joylashgan G‘arbiy harbiy okrugning qurol-yarog‘ ombori joylashgan hududida quruq o‘tlar yona boshlagan. Shamol bilan olov artilleriya o‘q-dorilari saqlanayotgan hududgacha yetib borgan. Ayni damda harbiy qismning texnik hududida o‘q-dorilarning portlashi kuzatilmoqda. Hududdan shaxsiy tarkib va fuqarolar evakuatsiya qilingan. Jarohatlanganlar yo‘q», deb okrug axborot xizmatining ma'lumotini keltirgan «Interfaks».

Ma'lum bo‘lishicha, mahalliy o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni tezda o‘chirishga harakat qilishgan, lekin buning imkoni bo‘lmagan. 5 km yaqindagi 14 ta aholi yashash punktidagi 2 ming kishi evakuatsiya qilingan. P-22 «Kaspiy» avtomobil yo‘li yopib qo‘yilgan. Bu Moskvadan Tambovga va boshqa janubiy hududlarga olib boruvchi yo‘l. «Interfaks»ga ko‘ra Skopinskdagi tibbiyot markaziga yong‘indan jabrlangan ikki kishini olib borishgan. Rossiya FVV yong‘inni o‘chirish uchun mahalliy o‘t o‘chiruvchilar bilan birga maxsus o‘t o‘chiruvchi poyezdni ham jalb qilgan. Shuningdek, FVVning Il-76 samolyoti va vertolyotlar ham yong‘inni bartaraf etishda qatnashmoqda. 430 nafar qutqaruvchilar voqea joyida ishlamoqda.

Yong‘in atayin uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligi ham aytilmoqda. Ya'ni, kimdir quruq xashakni yoqib o‘q-doriga uloqtirgan bo‘lishi mumkin. Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, portlash vaqtida uylarga snaryad parchalari sochilgan, gumburlash zarbidan uylarning oynalari singan. Yong‘in boshlanganining dastlabki soatlarida har 5-10 soniyada portlash eshitilgan. Bu esa snaryadlar portlayotganini anglatadi. Portlash ovozi 10 kilomertgacha eshitilgan. Atrofdagi trassadan o‘tayotgan haydovchilar ijtimoiy tarmoqlarda tutun bilan qoplangan osmon va juda katta yong‘in tasvirlangan kadrlarni joylashdi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra 6 kishi jabrlangan, vafot etganlar yo‘q. Ombor aholi yashash punktlaridan yetarlicha uzoqda joylashgani va yong‘in vaqtida o‘chirishga imkon yetarli bo‘lgan darajada keng hududda joylashgani uchun qurbonlar bo‘lmagani aytilgan.

Top