10:20 / 07.10.2020
18977
Koronavirus infeksiyasi avj olishining og‘ir belgilarini o‘tkazib yubormaslikning yo‘li ma'lum qilindi 

Koronavirus infeksiyasiga chalinganlar kasallikning avj olib ketmasligi uchun og‘ir belgilar bo‘lmaganda ham qonning kislorod bilan to‘yinganligi darajasini kuzatib borishlari kerak. Bunday tavsiyani Isroildagi Shamir Asaf A Rofe shifoxonasi infeksionist vrachi Galina Golsman berdi. 

Mutaxassisning ta'kidlashicha, organizmda kislorod miqdori kamayib ketishi – gipoksiyaning avj olishini o‘tkazib yubormaslik muhim hisoblanadi. Shifokor buning uchun qonning kislorod bilan to‘yinganligi darajasi - saturatsiyani o‘lchovchi asbob pulsoksimetrni sotib olishni tavsiya qilgan. 

“Chunki tibbiyotda “baxtli gipoksiya” deb ataluvchi holat bor. Bunda bemor boshida o‘zini yaxshi his qilgan holda o‘zidagi past saturatsiyani sezmasligi mumkin. Agar saturatsiya darajasi odam o‘zini yaxshi his qilayotgan bo‘lsa-da, 94 foizdan tushib ketsa, darhol shifoxonaga borish zarur”, deb ta'kidlab o‘tgan mutaxassis. 

Shifokor koronavirus infeksiyasining belgilari sezilarsiz bo‘lsa, uni oddiy gripp kabi davolashni tavsiya qilgan. Bunda osoyishta qolish, iliq damlamalar ichish va zarurat bo‘lganda, paratsetamol asosidagi haroratni tushiruvchi dori vositalarini qabul qilish lozim. Shu bilan birga mutaxassis nafas olish tizimining virusli kasalliklari alomatlari – yo‘tal, yuqori harorat, hid sezishning yo‘qolishi paydo bo‘lganda iloji boricha tezroq koronavirusga test topshirishni va o‘zini yakkalashni qat'iyan tavsiya qilgan.

Top