16:20 / 07.10.2020
46926

Oltinko‘l tumani hokimi vafot etdi

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumani hokimi Nazirjon O‘rinboyev pnevmoniyaning navbatdagi qurboniga aylandi.

Kun.uz manbasi xabar berishicha, tuman hokimi qandli diabet va gipertoniya kasalliklaridan vafot etgan.

Nazirjon O‘rinboyev 1966 yilda Oltinko‘l tumanida tug‘ilgan. 1989 yil Andijon davlat pedagogika institutini tamomlagan. Mahalliy ichki ishlar tizimida xizmat qilgan, xususan, 2014-2017 yillarda Andijon viloyati IIB Huquqbuzarliklarning oldini olish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Shuningdek, Andijon viloyati «Agroservis MTP» mas'uliyati cheklangan jamiyati raisining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

U 2018 yil oktyabrida Oltinko‘l tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi.

19 sentabr kuni Kun.uz saytida Andijon viloyatida 4ta hudud hokimi - Nazirjon O‘rinboyevdan tashqari Xonabod shahri hokimi Musaxon Mamadaliyev, Paxtaobod tumani hokimi Mahmudjon Bozorov va Shahrixon tumani hokimi Hikmatillo Dadaxonov pnevmoniyaga chalinib davolanayotgani haqida xabar berilgandi.

29 sentabr kuni Musaxon Mamadaliyev vafot etgani ma'lum bo‘ldi.

Pandemiya davrida hududiy rahbarlar orasida bir necha o‘lim holatlari qayd etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, senator Musa Yerniyazov, Buxoro viloyati hokimi Karim Kamalov, bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev koronavirus tufali vafot etgan.

Iyul oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani hokimi Daulet Tolibayev koronavirus qurboni bo‘lgandi. 8 sentabr kuni Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumani hokimi G‘ayrat Begaliyev va uning o‘rinbosarlaridan biri koronavirus asoratlari oqibatida vafot etdi. 

7 oktabr kuni Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Bahromjon Nurmatov 56 yoshida vafot etgani xabar qilindi.

Mavzuga oid
Top