15:28 / 07.10.2020
27289
«O‘zbekchorvanasl» vakili go‘sht narxi qimmatlashishiga yem narxi oshishi sabab emasligini aytdi

AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida bozorlarda mahsulotlar narxi oshishi sabablari tahlil qilindi. Unda jurnalistlarning ozuqa narxi oshishi go‘sht qimmatlashishiga ta'sir qilishi haqidagi savoliga javob berildi.

«O‘zbekchorvanasl» agentligi boshqarma boshlig‘i Nargiza Omonboyeva yem mahsulotlari narxi oshishi bozorlarda go‘sht narxi oshishiga olib kelmasligini aytib o‘tdi.

«Yem mahsulotlari narxining oshishi go‘sht narxi oshishiga olib kelmaydi. Masalan, konsentrant yem ozuqasining narxi oshsa, hamma go‘sht narxi ham oshadi, deb hisoblaydi. Qoramol o‘txo‘r hayvon, konsentrant yem ozuqasi esa uning yemishining tarkibiy qismi hisoblanadi.

Hozir yem-xashak muammosini hal qilish uchun xorijdan hosildorligi yuqori bo‘lgan urug‘larni xarid qilish ishlari olib bormoqda», dedi agentlik vakili.

Toshkent viloyati Veterenariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Nodir Mahmudovning qayd etishicha, paxtachilik klasterlarining 10 foiziga chorvachilik uchun ozuqa ekishga, fermer xo‘jaligi uchun ajratilgan yerlar bug‘doy va paxtadan ozod qilinib, hayvonlar uchun ozuqa yetishtirishga ruxsat berilganini aytib o‘tdi.

Bundan tashqari, «O‘zbekchorvanasl» agentligi boshqarma boshlig‘i Matyoqub Matyoqubovning qo‘shimcha qilishicha, respublikada 350 ming gektardan ortiq yerga ozuqabop o‘simliklar ekilgan. Fermer xo‘jaliklarining o‘zi 190 ming gektardan ortiq yerga ozuqabop o‘simliklar yetishtiradi.

Kun.uz muxbiri yaylovlar tanqisligi tufayli aholi chorva boqmay qo‘yayotganini, yem-xashak narxi go‘sht qimmatlashishiga bevosita ta'sir qilishi haqida aytib, yaylovlarni kengaytirish uchun qanday ishlar qilinayotgani haqida savol bilan murojaat qildi.

«Respublikada 90 foiz qoramol aholi qaramog‘ida hisoblanadi. Qolgan 10 foizi esa fermer xo‘jaliklari ixtiyorida. Albatta, fermer xo‘jaliklarida qoramol sonini ko‘paytirish bo‘yicha ishlar qilinmoqda. Qoramollarning go‘sht-sut yig‘ishida uning zoti ham rol o‘ynaydi.

Hozir har bir tumanda 2tadan alohida fermer xo‘jaliklari tashkillashtirilyapti, ularda qoramollar soni ko‘paytirilmoqda.

Har bir fermer xo‘jaligidagi mollarni ozuqa bilan ta'minlash uchun yaylovlar hududi ham kengaytirilmoqda», deya javob berdi Matyoqub Matyoqubov.

Nargiza Omonboyeva oilaviy kooperatsiyalar ham takshil etilayotganini aytib o‘tdi.

«Bunda ozuqa bazasi, texnikasiga ega bo‘lgan katta xo‘jalik atrofida o‘nga yaqin oilalar birlashadi. Oilalar faqat chorva parvarishi bilan shug‘ullanadi. Ozuqa va kerakli narsalarni esa xo‘jalik ta'minlab beradi.

Chorva boqishning ham o‘z texnikasi bo‘ladi. Shuning uchun tumanlarda aholisi uchun chorvachilik bo‘yicha seminarlar ham o‘tkazilmoqda», dedi u.

Top