20:28 / 07.10.2020
2754
Qozog‘istonda davlat xizmatchilarining sovg‘a olishi taqiqlandi

Ilgari davlat xizmatchilariga egallab turgan lavozimidan qat'i nazar, narxi 27 780 tengegacha bo‘lgan sovg‘alarni olishga ruxsat bor edi. 

Foto: Getty Images

Qozog‘istonda davlat xizmatchisi va uning oila a'zolariga sovg‘a, moddiy mukofot berish hamda xizmatlar ko‘rsatish qonun bilan to‘liq taqiqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi raisining birinchi o‘rinbosari Oljas Bektenov ma'lum qildi.

 Uning so‘zlariga ko‘ra, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq, davlat xizmatchilariga qimmatbaho sovg‘alar berish taqiqlanmoqda. Narxi eng kam ish haqining ikki baravarigacha bo‘lgan (5,5 ming tenge) sovg‘a uchun ma'muriy, eng kam ish haqining ikki baravaridan ortiq bo‘lgan sovg‘alar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Ilgari davlat xizmatchilariga egallab turgan lavozimidan qat'i nazar, narxi 27 780 tengegacha bo‘lgan sovg‘alarni olishga ruxsat bor edi. 

 Shuningdek, qonun bilan korrupsiyaga qarshi cheklovlar ta'siri doirasida bo‘lgan shaxslarning oila a'zolariga ham moddiy mukofot, sovg‘a yoki xizmatlar olish taqiqlandi.

 Davlat xizmatiga yoki davlat ishi va unga tenglashtirilgan funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq lavozimga nomzod bo‘lgan shaxslar uchun ushbu tashkilotda ishlaydigan yaqin qarindoshlari, turmush o‘rtoqlari to‘g‘risida tashkilot rahbariyatiga yozma ravishda xabar berish majburiyati joriy etildi.

Top