21:47 / 07.10.2020
8209
Soliq kodeksiga o‘zgartish kiritildi

O‘zbekiston Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartish kiritildi. Ushbu o‘zgarish joriy yil 5 oktyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 640-son qonun bilan amalga tatbiq etilmoqda.

Hujjatda Soliq kodeksiga jismoniy shaxslarning yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlari to‘g‘risida o‘zgartirish kiritish nazarda tutilgan. Soliq kodeksining 436 moddasida ushbu soliq imtiyozi berilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami toifalari keltirilgan. Endi Soliq kodeksining 436 moddasi birinchi qismining 5-bandi quyidagi yangi tahrirda bayon etilmoqda:

«5) boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar. Ota va onadan biri yoxud ota-ona vafot etgan ko‘p bolali oilalar soliq solish maqsadida boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalardir. Ushbu imtiyoz O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining ma'lumotnomasi asosida beriladi».

Davlat soliq qo‘mitasi xabariga ko‘ra, to‘rt nafar va undan ortiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan bolasi bo‘lgan oilalar yer solig‘idan ozod etiladi. Bunda, agar to‘rt nafar va undan ortiq bolalaridan bir nafari yoki undan ko‘prog‘i ta'limning kunduzgi shaklida (o‘rta maxsus va professional, oliy ta'lim) ta'lim tashkilotlarida o‘qiyotgan hamda yigirma ikki yoshga to‘lmagan bo‘lsa, bu oila ham ko‘p bolali oila deb hisoblanadi va yer solig‘i imtiyozidan foydalanish huquqiga ega.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining 640-son qonuniga muvofiq «ko‘p bolali oila» atamasining ta'rifi O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga kiritildi.

Top