10:46 / 07.10.2020
5905
Tramp «Rossiya bilan aloqalari» bo‘yicha tergov hujjatlarini oshkor qilishga ruxsat berdi 

AQSh prezidenti Donald Tramp uning Rossiya bilan ehtimoliy aloqalari hamda AQShning sobiq davlat kotibi Xillari Klintonning elektron pochtasi bilan bog‘liq mojaro bo‘yicha olib borilgan tergov hujjatlarini ochiqlashga ruxsat berdi. Bu haqda Trampning o‘zi tvitterda ma'lum qildi.

“Men AQSh tarixidagi eng yirik siyosiy jinoyat – Rossiya bilan bog‘liq tovlamachilikka tegishli barcha hujjatlarni ochiqlashga ruxsat berdim”, deb ta'kidlab o‘tgan Tramp. 

Bir kun avval AQSh milliy razvedkasi rahbari Jon Retkliff 2016 yilgi prezident saylovlarida qatnashgan Xillari Klintonning o‘z elektron pochtasi atrofidagi mojarodan e'tiborni chalg‘itish uchun Trampni go‘yoki Rossiya bilan til biriktirganlikda ayblashga urinishlariga taalluqli hujjatlarni oshkor qildi.

2016 yilgi saylovlarda Tramp g‘alaba qozongandan keyin demokratlar va Xillari Klinton Trampni Rossiya bilan aloqalarda, Moskvani esa saylovlarga aralashishda ayblashgan.

2019 yil aprelida AQSh adliya vazirligi maxsus prokuror Robert Myullerning Trampning Rossiya bilan ehtimoliy aloqalari bo‘yicha 2 yil davomida olib borgan tergovi natijalari bo‘yicha hisobotini e'lon qilgan. Unga ko‘ra, Myuller tergov davomida Rossiya 2016 yilgi saylovlarga aralashgani, biroq Tramp shtabining bunga aloqasi yo‘qligini o‘rnatgan.

Top