08:07 / 07.10.2020
5421
Yo‘l-transport hodisasini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish tartibi joriy etilishi mumkin

Vazirlar Mahkamasining “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish qoidalariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Loyihada Vazirlar Mahkamasining Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini  majburiy sug‘urta qilish qoidalarning 2-bandida Yo‘l-transport hodisasi haqidagi bildirishnoma tushunchasiga ta'rif berilmoqda. Qoidalarning 11, 34, 34-1 37 va 38-bandlari yo‘l-transport hodisani huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirishga oid qoidalar bilan to‘ldirilmoqda.

Xabarnoma blankasini tuzish orqali yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risida hujjatlarni huquqni muhofaza qilish organlari xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish tartibini belgilash maqsadida Qoidalar 5-1 bob bilan to‘ldirilmoqda. Yo‘l-transport hodisasi haqidagi bildirishnoma blankasi namunasi qoidalarga 7-ilova bo‘lib kiritilmoqda.

Tan jarohati bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘l-transport hodisalarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi ishtirokisiz bildirishnoma tuzish orqali rasmiylashtirish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

a)  agar yo‘l-transport hodisasi ikkita transport to‘qnashuvi natijasida sodir bo‘lsa (shu qatori tirkamali transport vositalari), shuningdek transport vositalari egalarining fuqarolik majburiyatlari mazkur qonunga asosan sug‘urtalangan bo‘lsa;

b) yo‘l-transport hodisasi natijasida transport vositasi shikastlanishi bilan bog‘liq sharoitlar, shikastlanish ta'rifi va ro‘yxati yo‘l-transport hodisasi ishtirokchilari o‘rtasida kelishmovchiliklarni (nizolarni) keltirib chiqarmasa va bu sharoitlar yo‘l-transport hodisasiga daxldor transport vositalari haydovchilari tomonidan to‘ldirilgan bildirishnomada majburiy sug‘urtalash qoidalariga asosan aks ettirilsa.

Yo‘l-transport hodisasi natijasida jabrlanuvchining hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan bo‘lsa, yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi hujjatlar umumiy tartibda ko‘rib chiqiladi va bu holatda bildirishnoma to‘ldirilmaydi.

Qayd etilishicha, yo‘l-transport hodisasi haqidagi bildirishnomani (Yevroprotokol) amaliyotga joriy etilishi munosabati bilan birinchi navbatda yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari va haydovchilar o‘rtasidagi bevosita muloqotni amalga oshirishda “inson omili”ga va ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yiladi va fuqarolarning ortiqcha sarsongarchiliklar oldi olinadi. 

Ta'kidlanishicha, har bir sodir etilgan yo‘l-transport hodisasini rasmiylashtirish uchun yo‘l-patrul xizmati inspektorlarining o‘rtacha 2-3 soat vaqtini tejalishi orqali tan jarohati bilan bog‘liq YTHlar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish sifat darajasini oshirish, shuningdek, avtomobil yo‘llardagi tirbandliklarning oldini olishda samara beradi.

Top