18:09 / 08.10.2020
5077
«Hamma prezident kabi muolaja olishi kerak» – Tramp o‘ziga berilgan dori kasalxonalarga bepul tarqatilishini aytdi

AQSh prezidenti Donald Trampni koronavirus kasalligidan davolash uchun 100 ming dollar ketgan.

New York Times nashri yozishicha, kasalxonada yotish, prezidentni vertolyotda kasalxonaga olib ketish va Oq uyga qaytarib olib kelish, koronavirusni aniqlash uchun topshirilgan testlar, unga berilgan dorilar uchun shuncha pul sarflangan.

Trampni «Remdesivir» preparati bilan davolashgan. Bu dori narxi 3120 dollar turadi, biroq sug‘urta kompaniyasi qilgan to‘lovdan keyin bu dori Trampga 2340 dollarga tushgan. Shuningdek, uni vertolyotda tashish xarajati 38 ming 770 dollarga, kasalxonada yotishining o‘zi esa 61 ming 912 dollarga aylangan. Barcha xarajatlar AQSh hukumati tomonidan to‘lanishi belgilangan.

Tuzalib ishga qaytgan Tramp Oval kabinet oldida chiqish qilib, o‘zini davolashda qo‘llangan asosiy dori vositasi kasalxonalarga bepul tarqatilishini aytdi.

«Barchaga salom. Men Oq uydagi ajoyib Oval kabinet oldida turibman. Bir kun oldin Uolter Rid nomidagi kasalxonadan qaytdim. Bormasam bo‘lmasdi, chunki shifokorlar «Siz prezidensiz, bormasangiz bo‘lmaydi», deyishdi. Men esa rozi bo‘ldim. U yerda menga shifokorlar juda yaxshi qarashdi. Nafaqat Uolter Rid kasalxonasida, balki butun mamlakatda shifokorlarimiz ajoyib ishlashmoqda. Bizning shifokorlar, hamshiralar dunyoda tengsiz. Axir biz eng zo‘r mamlakatning ajoyib fuqarolarimiz.

Men bir necha kun avval o‘zimni yomon his qildim va menga «Regeneron» berishdi. Bilasizmi, men tezda o‘zimni yaxshi his qila boshladim. To‘g‘ri, boshqa dorilar ham berishdi, lekin hal qiluvchisi «Regeneron» bo‘ldi. Bizda uning bir necha yuz ming dozasi bor. Men bu doridan favqulodda holatlarda foydalanish bo‘yicha buyruqni tayyorlab qo‘ydim. Uni kasalxonalarga imkon qadar bepul yetkazib beramiz. Hamma prezident kabi muolaja olishi kerak.

Biz uchun odamlar o‘zini yaxshi his qilishidan muhimi yo‘q axir. Tez orada vaksina ham chiqib qolishiga umid qilaman. Uning ustida bir necha kompaniyalarimiz ishlamoqda», degan Tramp Oq uydan turib yo‘llangan videomurojaatida.

  • AQSh prezidenti Donald Tramp 2 oktabr kuni o‘zi va rafiqasi Melaniyada koronavirus aniqlanganini xabar qilgandi. Shundan keyin uni Uolter Rid nomidagi harbiy kasalxonaga olib ketishdi. 3 kun davomida davolangan Tramp Oq uyga qaytib, prezidentlik faoliyatini davom ettirmoqda. U 15 oktyabrda belgilangan Jo Baydenga qarshi debatlarning ikkinchi turida qatnashishini ma'lum qilgan.
Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top