20:19 / 08.10.2020
10438
«Hukumat vakolatlarini mahalliy hokimiyatga topshirmasa, markazlashtirish siyosatidan keta olmaymiz». Bobur Bekmurodov bilan suhbat

«Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov mashinalar harakatlanish tezligi, pandemiyada maktablar ochilishi va «Yuksalish» harakati yuzasidan turli savollarga javob berdi. U Kun.uz’ning «Erkin suhbat» ko‘rsatuvi navbatdagi mehmoni bo‘ldi.

— «Yuksalish» umummilliy harakatining maqsad va vazifalari nimalardan iborat? Rasmiy saytda bu haqda ko‘p ma'lumot berilgan, lekin shuni rais o‘zidan eshitsak, shularni soddaroq tushuntirib bering.

— Harakatning asosiy vazifasi O‘zbekistondagi muhim ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga jamoatchilikni jalb qilishdan iborat va bu bir necha bosqichlarda amalga oshiriladi.

Birinchidan, muloqotni rivojlantirish ya'ni davlat tomonidan amalga oshirilayotgan o‘zgarish va islohotlarni jamoatchilikka oddiy-sodda tilda yetkazishdir. Shu bilan birga aholini tashvishlantirayotgan masalalar haqida hukumat va parlamentni xabardor qilish. Chunki qaror qabul qilayotganda joylardagi fuqarolarni tashvishlantirayotgan real vaziyatlarni hisobga olish kerak. Ikkinchisi — fuqarolarni muhim siyosiy jarayonlarga jalb qilib borish. Buning uchun biz jamoatchilik kengashlarini rivojlantirmoqdamiz, chunki ularning asosiy vazifasi xalq va davlat o‘rtasida ko‘prik bo‘lish hisoblanadi. Uchinchisi — manitoring qilish, ya'ni biz davlat dasturlari va islohotlarning manitoringini olib boramiz. Vazirlar Mahkamasi ham bu ish bilan shug‘ullanadi, lekin biz ulardan farq qilamiz. Bu farq bizdagi hisobotlar nisbatan shaffof ko‘rinishda kasb etishi bilan o‘z aksini topadi. Shuningdek, biron-bir davlat idorasi bir hujjatni qabul qilsa yoki biron sohani rivojlantirish uchun yo‘l xaritasi qabul qilinsa, biz davlat dasturidagi ishning mohiyati real hayotda o‘z aksini topdimi, yo‘qmi shuni aniqlaymiz. Shu bilan birga biz ham hisobotlar berib boramiz.

Ushbu hisobotlar va ma'lumotlar qanchalik darajada jamoatchilikka ochiq. Hisobotlar Vazirlar Mahkamasi — hukumatga kirgizilar ekan jamoatchilikka ham e'lon qilinadimi?

— Albatta, biz hisobotlarni turli ko‘rinishlarda e'lon qilib boramiz. Avvalo o‘z veb-saytimizda bu ma'lumotlarni berib boramiz va ba'zi vaqtlarda bu axborotlar jamoatchilik orasida rezonans uyg‘otadi. Boshqa hollarda biz jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazamiz, ya'ni davlat idorasi vakillari, jamoatchilik vakillarini bir stol atrofiga chaqirib, yechim yo‘llari yoki muammoning mazmunini muhokama qilamiz. Ma'lumki, hukumat doimiy tarzda davlat dasturi ijrosi bo‘yicha parlamentda hisobot berib boradi va o‘sha vaziyatda natijalarni ochiq muhokama qilishga imkon bo‘ladi.

«Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov

«Yuksalish» saytida ekspertlarning munosabat va fikrlari ham bevosita berib boriladi. Kuni-kecha mutaxassislardan biri yo‘l-transport hodisasi sonini kamaytirish uchun avtomobil tezligini kamaytirish ijobiy natija beradi degan fikr bildirdi. Sizning bunga munosabatingiz qanday?

— Yo‘l harakati xodisalari haqida gapirar ekanmiz, avvalo, statistikaga ko‘ra, kuniga to‘rt nafar fuqaromiz yo‘l harakati hodisasi tufayli vafot etishini aytib o‘tishimiz kerak. Biz Toshkent shahri va viloyat hududlari markazlarida tezlikni kamaytirish haqida o‘ylayabmiz. To‘g‘ri balki bu jamoat transporti rivojlanmagan hududlarda tirbandlikni hosil qilar, lekin biz hamma joyda emas, aynan statistikaga ko‘ra qaysi ko‘cha yoki hududda yo‘l-transport hodisasi ko‘proq bo‘layotgan bo‘lsa, o‘sha joyda tezlikni kamaytirmoqchimiz. Albatta biz ushbu hududlarda tezlikni cheklayotganimizda buni tirbandlikka ta'sirini, qolaversa yo‘l infratuzilmasini ham hisobga olamiz. Tezlikni kamaytirish salbiy ta'sir ko‘rsatmaydigan va yoritish tizimlari yaxshi bo‘lgan ko‘chalar orasida YTH ko‘proq uchraydiganlarida tezlikni kamaytirish yaxshi samara ko‘rsatadi deb o‘ylayman.

— Yana bir keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan savollardan biri bu maktablar qayta ochilish kerakmi yoki yo‘qmi degan savol bo‘lmoqda. Bu savolga javob topildimi?

— Hozirgi pandemiya sharoitida shoshib qarorlar qabul qilib bo‘lmaydi va qarorlar joylardagi vaziyatga moslashuvchan bo‘lishi kerak. Yuqoridagi savolga ayni vaqtda aniq javob berish qiyin. Maktablar epidemiologik vaziyatga ko‘ra ochilishi yoki yana qayta yopilishi mumkin. Bizning vazifamiz esa bolalarni ta'limsiz qolib ketishlariga yo‘l qo‘ymaslik va ta'lim sifatini ushlab turish hisoblanadi. Onlayn darslar misolida ko‘rmoqdamizki juda ham ko‘p xatolar mavjud va buni oqlab bo‘lmaydi. Bu borada ta'lim sifatini tekshiruvchilar yanada yaxshiroq ishlashi va ta'lim sifatini yaxshi ushlab turishimiz kerak.

Sizningcha mahalliy deputatlar kengashlari mana shu masala yuzasidan mustaqil, ta'sirchan va siyosiy kuchga ega bo‘lgan qaror qabul qila oladimi?

— Bir narsani aniq aytishimiz kerakki, yuqoridagi vazifa, ya'ni epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, ta'lim haqida qarorlar chiqarish hokimning vazifasiga kiradi. Lekin bu vazifa shahar, viloyat va tuman kengashlari deputatlariga ham berilmoqda. Tuman deputatlari ham chindan borib hududlardagi vaziyatlarni o‘rganishmoqda.

— Sizningcha shu yo‘l bilan hukumat o‘zidan mas'uliyatni soqit qilmayabdimi?

— Mening fikrimcha hukumat qachondir bu vazifalarni vakolatli organlarga berishi kerak edi. Ya'ni markazlashgan tartibda qaror qabul qilishdan kechishimiz lozim. Agar biz hozirgi qiyin paytlarda ularga ushbu vakolatlarni bermasak bizga vaqt o‘tishi bilan nomarkazlashtirish qiyin bo‘ladi.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Otaxon Yusupov.

Top