17:16 / 08.10.2020
59681

«Kimningdir qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lishni istamaganim uchun!» - Sobiq MXX zobiti achchiq qismatini so‘zlab berdi

Moziyga qaytib ish ko‘rmoqlikda xayr bor, deydilar. Eng yangi tariximizning ayrim qora sahifalarini o‘rganish, ular haqida keng jamoatchilikka yetkazish –  kelgusida bunday ko‘ngilsizliklar, xatolar qayta takrorlanishining oldini olsa, ajab emas.

Yuqoridagi mulohazalar bilan, Farg‘ona viloyatiga safarimizda sobiq Milliy xavfsizlik xizmatining iste'fodagi xodimi, kapitan M. G‘. bilan uchrashishga jazm etdik.

17 yil mobaynida tizimda operativ xodim sifatida faoliyat olib borgan ayol 2009 yilda Farg‘ona viloyati harbiy sudi hukmi bilan 7 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. U 2015 yil fevralida ozodlikka chiqarilgan.

Zangiotadagi ayollar koloniyasida tuhmat bilan uyushtirilgan jazo muddatini o‘tar ekan, 2014 yil sentyabrda 4 farzandining 3 nafarini harbiy qilib voyaga yetkazgan onasi adolatsizliklarga chiday olmay hayotdan ko‘z yumdi. M. G‘.ning birgina farzandi bo‘lmish qizining bolaligi esa onasiz o‘tdi. Iste'fodagi xodim Kun.uz muxbiri bilan suhbatda achchiq qismatini hikoya qilib berdi.

Uning aytishicha, OAVga murojaat qilishdan maqsadi – boshidan o‘tganlarini so‘zlab berish, shu bilan kelgusida bunday achchiq qismatlar takrorlanishining oldini olishga hissa qo‘shishdir. Bundan tashqari, oqlanganidan keyin yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararning to‘lanishi, unga ajratilgan xizmat uyini qaytarib olishda duch kelayotgan muammolarni jamoatchilik e'tiboriga olib chiqishdan iborat.

Ta'kidlash kerak, suhbatimiz 40 daqiqa davom etdi. Biz, tomoshabin qimmatli vaqtini ayagan holda suhbatning eng muhim qismlarini qo‘yishga qaror qildik.

«Men 17 yil MXXda operativ xodim lavozimida ishlaganman. Kapitan harbiy unvonida, 2009 yilda pensiyaga chiqqanman. O‘sha vaqtdagi boshlig‘imning shaxsiy adovati qurboni bo‘ldim. Uning buyrug‘i, buyurtmasi bilan uyimda noqonuniy tintuv o‘tkazilib, diniy mazmundagi kasseta tashlandi. Shu bahona bilan menga JKning bir necha moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, 2009 yilda 7 yilga ozodlikdan mahrum qilishdi», – deydi MXX zobiti.

Jinoyat kodeksining 156-, 159-, 301-moddalari bilan ayblangan M.G‘. 5,5 yil Zangiotadagi ayollar koloniyasida jazo muddatini o‘tagach, 2015 yilda amnistiya bilan ozodlikka chiqarilgan.

«Xudodan so‘rab olgan yolg‘iz farzandim yetimlikda katta bo‘ldi. 3 farzandini harbiy qilib voyaga yetkazgan onam 2014 yil 2 sentyabrda vafot etdi. Men-ku haqiqatni qaror toptirdim, biroq onamni menga hech kim qaytarib bera olmaydi. Men bir umr armon bilan o‘tishim kerak», – deydi M.G‘.

Uning aytishicha, bolaligidan yurist bo‘lishni orzu qilgan va MXX tashkil etilgan dastlabki yillarda mamlakat mustaqilligini mustahkamlashga hissa qo‘shish, davlat dushmanlariga qarshi kurashga maqsadida ushbu sohani tanlagan. Afsuski, 2006–2009 yillarga kelib, sohada ham ayrim nopok insonlar ko‘zga tashlana boshladi, deydi hamsuhbatimiz.

«Bu sohada eng halol, eng vijdonli insonlar ishlardi, ularning biri ekanimdan doim faxrlandim, g‘ururlandim. Afsuski, 2006–2009 yillarda bu sohada nopok insonlar ko‘payib ketganiga o‘zim guvohi bo‘ldim. Prezident Qiziriqdagi ma'ruzalarida juda to‘g‘ri ta'kidlab o‘tdilar.

O‘zim terrorizm boshqarmasida ishlaganman. O‘sha yillari hatto nevarasiga namoz o‘qishni o‘rgatgan onaxonlar ham diniy ekstremizm bo‘yicha ro‘yxatga olindi. Bu kabi nohaqliklarga chiday olmaganimdan 2009 yilda nafaqaga chiqdim», – deydi sobiq MXXning sobiq zobiti.

Biroq, nafaqaga chiqishdan avval 2 xonali xizmat xonadoni olgan M.G‘. o‘sha vaqtdagi viloyat boshqarmasi boshlig‘ining nafsiy mayli nishoniga aylangan. Viloyat boshqarmasi boshlig‘i sobiq xodimasiga uyiga mehmonga chaqirish, qahva damlab berish kabi takliflarini bildira boshlagan.

«3-4 oy o‘tib turib, qo‘ng‘iroq qildi, uchrashishni taklif qildi, ko‘chada uchrashib, rahmat aytdim, to‘g‘ri tushunishni, rahbar sifatida hurmat qilishimni aytib, chiroyli xayrlashdim. Lekin bu unga og‘ir botgan ekan shekilli, meni orqavarotdan qo‘shnilarimdan ham surishtira boshlabdi», – deya hikoya qiladi u.

Oradan yana bir necha oy o‘tgach, boshqarma boshlig‘i xizmat xonasiga chaqirtirib, xonadonlar bo‘yicha komissiya yig‘ilishida xonadonni topshirishni talab qilgan. Shu yerda ayolning taqdirini butunlay o‘zgartirib yuborgan hodisalar zanjiriga sabab bo‘lgan tortishuv ro‘y bergan. Kapitan gap orasida MXX raisiga chiqishini, u tinglamasa, prezidentgacha borishini so‘zlagan.

«O‘sha davrda shunchalar sodda bo‘lgan ekanmanki, qonun va adolat borligiga shunchalik ishongan ekanmanki, O‘zbekistonda qonun bor, prezident bor, mening taqdirimni sen o‘zgartira olmaysan, deb qattiq ishonib chiqib ketgan edim.

Lekin oradan 3–4 kun o‘tib, O‘zbekistonda qonun yo‘qligini, qonun bo‘lmaganini o‘z hayotimda his qildim. Menga qarshi kampaniya boshlandi. Ayrimlardan tuhmat ko‘rsatmalarini olishga harakat bo‘lgan.

Vijdonli insonlar ham bor ekan. Ularga alohida rahmat aytmoqchiman. Men Allohdan qo‘rqaman, qamasanglar, qamanglar, lekin tuhmat qilmayman, deganlar ham bo‘lgan», – deydi kapitan.

Shu maqsadda, 2009 yil avgust oyi oxirlarida respublika MXXga najot qidirib kelgan iste'fodagi zobit hibsga olinib, Namangan viloyati orqali Farg‘ona viloyat MXX bosh boshqarmasiga yetkazilgan. Unga JKning 301-1-moddasi bilan ayb e'lon qilingan. Ajablanarlisi shundaki, nafaqaga chiqqan zobitga harbiy mansabdorlik jinoyatlariga aloqador bo‘lgan «hokimiyatni suiiste'mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi» aybi ilgari surilgan.

Oradan 11 kun o‘tgach, 159-1 (Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz), 244-1-moddasi 3-qismi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish), 156-3 modda (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) moddalari bilan jinoiy qo‘zg‘atilgan. Biroq, yopiq sud o‘tkazilishini ta'minlash maqsadida keyinchalik ayblov moddalari ro‘yxatiga 162-1 modda, ya'ni davlat sirlarini oshkor qilish ham qo‘shilgan.

«Harbiy sud majlisini olib borgan mayor mendan kechirim so‘rab, ojizligini tan olib, 7 yilga hukm o‘qidi. Shunday qilib men Zangiotadagi ayollar koloniyasiga yuborildim. U yerda 5,5 yil mobaynida bir kun ham tinmadim», – deydi iste'fodagi zobit.

U prezidentga, Oliy Majlisga, Ombudsmanga murojaatlar qilgan, ammo foydasi bo‘lmagan. Chunki 6 tomdan iborat arizalar MXXga yetkazilgan, mahkumga esa, intizomiy chora ko‘rilavergan.

«2014 yilda tizimda tozalash boshlandi. ... ishdan ketdi. Korrupsiya boshida turganlar ishdan keta boshlagach, 2015 yil fevralda amnistiya bo‘lib, ozodlikka chiqdim va aybsizligimni isbotlash uchun harakatni boshladim. Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari bo‘lgach, juda katta o‘zgarishlar bo‘ldi va buning samarasi o‘laroq men haqiqatni tiklashga erishdim. Harbiy sudda JKning 83-moddasi bilan reabilitatsiya qilindim.

Men aybsiz ekanman, demak, meni qamaganlar JKning 230-, 231-moddalari bo‘yicha jazosini tortishi kerak edi. Men shuni talab qildim, ammo bu judayam qiyin kechdi», – deydi M.G‘.

Uning aytishicha, 2018 yilda Bosh prokuratura jinoiy ish qo‘zg‘atgan, biroq 2 oydan so‘ng, mazkur ishni JPKning 83-moddasi, 2-qismi bilan yopgan. 2019 yilda Bosh prokuror qabulida bo‘lganidan so‘ng, jinoyat ishi qayta qo‘zg‘atilgan, tergov olib borilgan, yuzlashtirishlar bo‘lgan. M.G‘. barchasini isbotlab bergan, lekin hozirda, ushbu ish to‘xtab qolgan.

«Menga oqlandi, deb oq qog‘oz berganlarining keragi yo‘q. Mening jinoyatchi emasligimni yaqinlarim juda yaxshi biladi. Menga adolat o‘rnatilishi kerak. Ertaga men kabi kimningdir taqdirini hal qilayotgan sudyalar, tergovchilar, tuhmat qilayotganlar 10 yildan keyin ham javob berish muqarrarligini bilsin. Shundaylarga dars bo‘lsin. Jinoyatni qilsa-yu, javobsiz qolsa, qanday adolat bo‘ladi bu?» – deydi M.G‘.

Tergov izolyatori. Bu yerda qanday muomalaga duch keldi? Nimalarga guvoh bo‘ldi? Zobitning shohidlik berishicha, tergov izolyatorida bo‘lgan vaqtda avvalgi ishonchlari chilparchin bo‘lgan.

«O‘z davrida tergov boshqarmasida ishlab kelgan katta tergovchi bir dasta qog‘ozlarni tashladi oldimga. Undan qonunda qanday belgilangan bo‘lsa, tikib, raqamlab oldimga qo‘yishni talab qildim. Bilasizmi, u nima dedi? Qonunni talab qilib ovora bo‘lmang, qonun ko‘chadagilar uchun, bizga daxli yo‘q», dedi.

Xalqdan xizmat haqida eshitganlarimga ishonmagan edim. Ichki ishlarda, prokuraturada bo‘lishi mumkindir, lekin bizda bunday bo‘lishi mumkin emas, degan ishonch bilan ishlagandim.

Lekin, ko‘zim bilan ko‘rganlarim buning aksini isbot qildi, afsuski. Qiynoqlar bo‘lganini, vahshiylarcha qiynoqlar bo‘lganini (isbotladi).

Albatta, menga nisbatan hech qanday qiynoq yoki tazyiq bo‘lmadi. Chunki u yerda ishlaganlar mening hamkasblarim edi, ularning ko‘zlarida menga nisbatan achinish ko‘rardim.

Lekin kaltaklar, kaltakning zo‘ridan baqirishlarni eshitib, hushimdan ketgan vaqtlarim bo‘ldi. Boshqa birovning qiynoqdan dodlaganini eshitish, erkak kishini...» – deya hikoya qiladi kapitan.

U mahbuslar hayoti haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

«Bilasizmi, jinoyatchi o‘zining jinoyat qilganini anglasa, jazo muddatini o‘tashi oson. Chunki, aybini biladi. Haqiqiy jinoyatchilar, qotillar, narkotrafik bilan shug‘ullanganlar bor-ku, axir. Ularning koloniyada o‘zlarini tutishlarini ko‘rib, men dahshatga tushardim: qanday qilib, oiladan uzoqda kulish, raqsga tushish mumkin?

Ammo, aybsiz bo‘la turib, kimningdir qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lishni istamaganim uchun ularning orasida yashash?! Buni eslash azob, bilasizmi? Aybsiz ekaningizni bila turib, farzandingizni ko‘ra olmaslik, ota-onangiz siz uchun azob chekayotganini his qilib yashashdan ko‘ra, o‘lgan yaxshiroq!» – deya yozg‘iradi zobit.

Uning aytishicha, O‘zbekistonda qoida bo‘yicha, jinoyatga qo‘l urgan erkak harbiy xizmatchilar, umuman, huquq-tartibot idoralari xodimlari uchun alohida koloniya bor. Biroq, ayollar koloniyasi bitta, umumiy. Unda jazoga tortilgan harbiy xizmatchi ayollar bilan birga jinoyatchi ayollar ham bir bino ostida hukmni o‘tashadi.

«Men shu narsani tushunmayman. Xalqda shunday gap borki, ayollar joni qirqta deyishadi. Nima, bizdagi yuristlar, adliyadagilar, huquqni muhofaza qiluvchi idoradagilar ham ayollar jonini qirqta deb o‘ylashadimi?

Demak, o‘zi jinoiy javobgarlikka tortgan tergovchi, yoki men masalan, tezkor xodim edim, o‘zim ish qo‘zg‘atib, ularning javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lgan ayollar oldiga olib borib qo‘yishdi. Bu mantiqqa ham, qonunga ham to‘g‘ri kelmaydi», – deya suhbatdoshimiz sudlangan harbiy xizmatchi ayollar muammolariga ham e'tibor qaratdi.

Iste'fodagi zobit Zangiota ayollar koloniyasida o‘tkazgan 5,5 yil davomida qizini ko‘rmagan, uni olib kelishlarini istamagan. Qolaversa, yaqinlari qiziga onasining Toshkentda xizmat safarida ekanini aytib kelishgan.

Hamsuhbatimiz oqlanganidan keyin hal qilishi kerak bo‘lgan muammolarga duch kelayotganiga qaramay, kelajagini juda ham yorqin tasavvur qilmoqda. U biz bilan suhbat qilar ekan, o‘z rejalarini ma'lum qildi. Adolatga, unga nisbatan noqonuniy ish olib borganlarning sudlanishiga erishish, moddiy va ma'naviy zararlarini to‘liq undirish hamda davlat tomonidan berilgan va qonunan unga tegishli bo‘lgan uyini qaytarib olish uchun kurashishni bir on bo‘lsin to‘xtatmasligini ta'kidladi.

«Hali oldinda kurashlarim ko‘p. Bu kurashlarim to‘xtamaydi. Meni tuhmat bilan qamaganlar jazolanishi kerak. Qonunchilikda meni oqlagan sud moddiy zararni hisoblab chiqishi, undan keyin Fuqarolik sudi ma'naviy zarar summasini aniqlab berishi belgilangan. Ammo, moddiy zararni aniqlamasdan turib, menga ma'naviy zarar miqdorini aniqlab berishdi. Uni ham undirishda qator qiyinchiliklarga duch keldim, MIB 2 marta ijro etishni rad etdi.

Bundan tashqari, qonunan menga ajratilgan uy, men oqlangach, menga qaytarilishi kerak, lekin DXX raisiga yozgan murojaatimga, sizga uyni qaytarish lozim topilmadi, degan javob oldim. Men ortiqcha narsa so‘rayotganim yo‘q, qonunan, Kodeksda yozilganidek, o‘zimga tegishli bo‘lishi lozim bo‘lgan narsani talab qilyapman, xolos», – deydi kapitan.

Xullas, hamsuhbatimiz kurashi davom etmoqda. U yakuniy g‘alaba qozonib, toptalgan huquqlarining tiklanishi – mamlakatda inson huquqlari qay darajada ta'minlanganiga yana bir dalil sifatida xizmat qilishi shubhasiz.

Eslatib o‘tishni istardik, prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 19 fevralda Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida viloyat faollari bilan o‘tkazgan yig‘ilishida sobiq MXX xususida achchiq haqiqatlarni ma'lum qilgan edi.

Shu o‘rinda, bir narsani alohida qayd etishni istardikki, guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, insonning ham, xoh u oddiy fuqaro, xoh mansabdor bo‘lsin, yaxshi-yomoni bo‘ladi. Bundaylar barcha sohada bor. Ammo, yuqoridagi suhbat xulosasi butunlay salbiy mazmun-mohiyat kasb etishi noto‘g‘ri bo‘lar edi.

Chunki, birinchidan, davlat rahbarining tashabbusi bilan Milliy xavfsizlik xizmati qayta tashkil etildi. Uning saflari sohaga noto‘g‘ri kirib qolganlardan tozalandi. Bugungi kunda, ishonamizki, DXX saflarida vatan ravnaqi va xavfsizligini ta'minlashga hissa qo‘shishni istaydigan vatanparvar insonlar xizmat qilmoqda.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Mavzuga oid
Top