22:53 / 08.10.2020
7308
Kiprda 46 yil yopiq qolgan “arvoh-shahar” tashrif uchun ochildi

8 oktyabrda Kiprning Turkiya nazoratidagi hududida joylashgan Famagusta shahrida 46 yil yopiq qolgan Varosha mavzesi tashrif uchun ochildi.  

Foto: politis.com.cy

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Varoshaning sohilbo‘yi qismi ochilishini Shimoliy Kipr Turk Respublikasi bosh vaziri Ersin Tatar bilan Anqarada 6 oktyabrda o‘tgan matbuot anjumanda e'lon qilgan.

Varosha kurorti (turkcha nomlanishi Marash) 1974 yilda Kiprning bir qismi turk qo‘shinlari tomonidan egallab olinib, orol bo‘lingandan keyin yopilgan. Varosha BMT Xavfsizlik kengashining 1984 yildagi rezolyutsiyasi bilan himoyalangan. Hujjatda kimsasiz shahar faqatgina uning dastlabki aholisi tomonidan egallanishi mumkinligi aytilgan. 

“Payshanbadan [8 oktabr] Shimoliy Kipr aholisi Marashning sohilbo‘yidan foydalanishi mumkin. Marash to‘liq ochilishi, bunda mulkka egalik huquqi hurmat qilinishi lozim. Marash hududi shubhasiz Shimoliy Kiprga tegishli”, deb aytgan Erdo‘g‘an.

Biroq Kiprning “Filelefteros” nashrida ta'kidlanishicha, Nikosiyada Turkiyaning bu rejasidan jiddiy xavotir bildirilgan. “Diplomatik manbalarga ko‘ra, Kipr Respublikasining bunga nisbatan javobi qat'iy bo‘ladi. Bu holat yuzasidan BMTga murojaat qilinishi muqarrardir”, deyilgan xabarda.

Turkiyaning ta'kidlashicha, yopiq shahar maqomi o‘zgarmaydi va BMT rezolyutsiyasi buzilmaydi, shunchaki plyajning bir qismiga kirishga ruxsat beriladi.

Top