08:40 / 08.10.2020
8315
Korrupsiya holatlariga qarshi kurashda og‘irroq jazo choralarini qo‘llash taklif qilindi 

Korrupsiya holatlariga qarshi kurashishda og‘irroq jazo choralarini qo‘llash taklif qilindi. Tegishli petitsiya “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida joylashtirildi.

“Bugungi kunda muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida korrupsion holatlarga butkul barham berish choralarini ko‘rish lozim. 

Hammamizga ma'lumki, insonlar qamoq yoki katta miqdordagi jarima xavfi bo‘lgandagina tutgan noto‘g‘ri yo‘lidan qaytishadi. Bu borada, Singapur davlatida olib borilgan ishlardan o‘rnak olsa, arziydi. 

Shu sababli, korrupsion holatlarga qarshi katta miqdordagi jarima yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni, ya'ni bu boradagi qonunchilikdagi amaldagi sanksiyalarni yanada og‘irlashtirishni taklif etaman”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Misol tariqasida keltirilishicha, amaldor 10 million so‘m pora olayotganda qo‘lga tushdi, unga jazo belgilash chog‘ida olinayotgan pora miqdori, uning oylik ish haqi miqdori va amaldagi bazaviy hisoblash miqdorini hisobga olish lozim. 

Korrupsiya jinoyatini sodir etgan shaxslarga nisbatan jarima miqdorini tayinlashda adolat tamoyillaridan kelib chiqib, olinayotgan pora miqdorining 20 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda jarima yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlash lozim. Ya'ni, 10 million so‘m pora olgan odam davlat budjetiga kamida 200 million so‘m jarima to‘lashini qonunda belgilash kerak. 

“Bundan tashqari, korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan shaxslar va ularga jazo tayinlash jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida ham keng yoritilishini taklif etaman. Hozirgi kunda bu masala ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmayapti. Korrupsiya jinoyatini sodir etgan shaxslar uchun og‘ir jazo muqarrarligi va ularning jazodan qochib qutula olmasliklari hammaga ko‘rsatilishi lozim. Bu orqali sodir etilishi mumkin bo‘lgan korrupsion holatlarning oldini olish hamda yurtimizda qonun ustuvorligini ta'minlashga erishiladi”, - deyiladi petitsiyada.

Korrupsiya holatlariga qarshi kurashish maqsadida katta miqdordagi jarima yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llash taklif qilingan.

Top