20:02 / 08.10.2020
24881

O‘rtoqlik uchrashuvi. Noxush an'ana buzilgan bahsda O‘zbekiston Eronga mag‘lub bo‘ldi

O‘zbekiston milliy jamoasi Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida kechgan o‘rtoqlik uchrashuvida Eron milliy jamoasiga mag‘lub bo‘ldi.

Ushbu bahsda milliy jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Abramov 2020 yil hisobidan ilk marta legionerlar xizmatidan foydalandi. 

Uchrashuvda hisobni 43-daqiqada forslarning yetakchi hujumchisi Sardor Ozmun ochdi. «Zenit» forvardining kuchli zarbasi oldida Eldor Suyunov ojiz qoldi – 0:1.

Ikkinchi bo‘limni ham hujumkor boshlagan eronlik futbolchilar 51-daqiqada penalti tepish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. 11 metrlik nuqtaga yaqinlashgan Mehdi Toremi Suyunov darvozasini osonlik bilan ishg‘ol etdi – 0:2.

Ushbu goldan keyingi hujum vakillarimizga omad keltirdi. Sanjar Qodirqulovning jarima maydoni chizig‘i ustidan yetkazgan uzatmasini Eldor Shomurodov qiyin vaziyatda bo‘lishiga qaramay, mehmonlar darvozasining uzoq burchagini aniq nishonga ola bildi – 1:2. Bu Eldorning 2020 yilda milliy jamoa safidagi birinchi o‘yini va dastlabki goli bo‘ldi.

E'tiborlisi, Shomurodov bu goli bilan noxush an'anaga chek qo‘ydi – O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z tarixida ilk marta Toshkentda Eron darvozasiga gol urdi. 

Shu tariqa, ikkinchi noxush an'anaga chek qo‘yish bu safar ham nasib qilmadi – O‘zbekiston bu safar ham Toshkentda Eronga mag‘lub bo‘ldi. Forslar ketma-ket to‘rtinchi o‘yinda O‘zbekistondan g‘alaba bilan qaytishdi.

Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi. 8 oktabr
O‘ZBeKISTON – ERON – 1:2
Toshkent, «Paxtakor» stadioni.
Bosh hakam: Jasur Muxtorov (O‘zbekiston)
Gollar: Eldor Shomurodov 53 – Sardor Ozmun 43, Mehdi Toremi 51 (pen.)
O‘zbekiston: Eldor Suyunov, Rustam Ashurmatov (Igor Golban, 57), Islom Qobilov, Hojiakbar Alijonov (Murod Xolmuhammedov, 46), Farrux Sayfiyev, Lutfulla To‘rayev (Ikrom Aliboyev, 57), Sanjar Qodirqulov, Abror Ismoilov (Otabek Shukurov, 57), Jasur Yaxshiboyev (Hojimat Erkinov, 46), Jaloliddin Masharipov, Eldor Shomurodov (Igor Sergeyev, 77).
Eron: 12.Payom Niyozmand, 2.Sodiq Muharrami, 3.Ehson Xojisafi (Umid Nurafkon, 63), 4.Shojai Xalilzoda, 5.Milod Muhammadi, 6.Ahmad Nurullohi, 9.Mehdi Toremi, 11.Vohid Amiri (Ali Karimi, 63), 13.Husayn Kanonizodagon, 17.Ali Gulizoda (Saman G‘oddos, 75), 20.Sardor Ozmun (Mehdi G‘oyedi, 75).

Top