14:12 / 08.10.2020
24672

Qanday zaharlangani, Putinning topshirig‘i va omadi kelgani haqida. Navalniy Yuriy Dudga katta intervyu berdi

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy 20 avgust kuni zaharlanish tashxisi bilan komaga tushgach, butun dunyo e'tibori yana Rossiyaga qaratildi. 22 avgustdan buyon Germaniyada bo‘lib turgan Navalniy Berlindagi «Sharite» klinikasida davolandi. 7 sentyabrgacha komada yotgan siyosatchi hozirda o‘zini yaxshi his qilmoqda va shahardagi mehmonxonalardan birida yashamoqda.

U bir necha nashrga intervyu berishga ham ulgurdi. Rossiyalik taniqli jurnalist Yuriy Dud ham Germaniyaga borib, Navalniy bilan katta intervyu uyushtirdi. Suhbat davomida Korrupsiyaga qarshi kurash fondi asoschisi bo‘lgan ushbu siyosatchi qanday zaharlangani, samolyotda zaharlanishning dastlabki bosqichini qanday o‘tkazgani, davolanishi va boshqa mavzularda gapirdi. U Rossiyaga qaytmasligi ehtimolini qat'iy istisno qildi – vataniga qaytib, kurashni davom ettirmoqchi.

Samolyotda nima bo‘lgandi?
«Menimcha, har kim hayoti davomida o‘zini hozir o‘lib qoladigandek yomon his qilgan bo‘lsa kerak. Moskvaga qaytayotganda samolyotda men bilan ham shunday bo‘ldi. O‘zimni shunchalik yomon his qildimki, hozir o‘lib qoladigandek edim. Yonimda o‘tirgan matbuot kotibim Kiradan men bilan gaplashishini so‘radim. U tabiiyki ajablandi va men bilan gaplashdi, chunki men diqqatimni jamlab olishim kerak edi. Biroq ahvolim yomonlashdi. Kira nimalardir der, biroq men faqat uning og‘zi ochilib yopilayotganinigina anglardim.

Odatda odam o‘zini yomon his qilganda tahlil qilib oshqozoni, boshi, oyog‘i og‘riyotganini yoki shamollaganini taxmin qilishi mumkin. Men esa nima bo‘layotganini tushunmayotgandim. Yonimdan samolyot xizmatchisi o‘tib ketayotganini ko‘rdim-da, hozir suv ichib olsam, yaxshi bo‘lib qolaman deb o‘yladim. Keyin yo‘q, yaxshisi yuvinib olaman deb oyoqyalang hojatxonaga bordim. Bir marta, ikki marta yuvindim, biroz o‘tirdim. Yana ozroq o‘tirib yaxshi bo‘lib qolaman deb o‘yladim, ammo bunday bo‘lmadi. Endi hojatxonadan o‘zim mustaqil chiqa olmasligimni tushunardim.

Bilasizmi, bu nimaga o‘xshaydi: Garri Potter filmidagi dementorlarga (xayoliy maxluq). Joan Rouling buni shunday tasvirlagan: dementor seni o‘psa, og‘riq bo‘lmaydi, ammo hayoting tugayotganini his qilasan». Menda ham xuddi shunday bo‘ldi, hech qanday og‘riq yo‘q, lekin o‘lib qolaman degan xayol miyamni chulg‘ab olgandi.

Hojatxonadan chiqdim va odamlar tizilib turganini ko‘rdim. Bort nazoratchisiga «Meni zaharlashdi, hozir o‘laman», dedim va uning oyog‘i ostiga quladim. U meni jinni bo‘lsa kerak deb o‘ylagandir. U meni tomat soki yoki makarondan zaharlandi deb o‘ylagan. Menga «Biz sizni hech nima bilan zaharlay olmaymiz», deb aytmoqchi ham bo‘lgandir. Bu vaqtda men uning oyog‘i ostida o‘lishga tayyorlanayotgandim. Axir butun tanam menga «Aleksey, paymonang to‘ldi», derdi».

Bu omadli tasodif edi
«Omadim kelgani shuki, boshlanishida hamma tartib bo‘yicha qilishi kerak bo‘lgan ishni qildi. Uchuvchilarga bemor og‘ir ahvolda ekanini aytishganda ular paysalga solmay samolyotni pastlatishdi. Feldsherlarga «Bu birodarning chindan mazasi yo‘q», deb aytishdi va ular tezda atropin (oddiy zaharlanishda qo‘llanadigan vosita) yuborishdi. Jonlantirish bo‘limidagilar kelishdi-da, «Jin ursin, u chindan dozani ko‘paytirib yuborgan bangiga o‘xshab yotibdi, aniq zaharlangan, mana unga atropin, uni toksikologik bo‘limga olamiz», deyishdi. Bir so‘z bilan aytganda, hayotimni saqlab qolgan narsalardan biri – hamma o‘z ishini to‘g‘ri bajargani bo‘ldi. Afsuski, Rossiyada hamma o‘z ishini to‘g‘ri bajarishi kutilmaganda omad kelishidan boshqa narsa emas».

Zahar qayerdan tushib qolgandi?
«Zahar mening organizmimga qanday tushib qolganini hech kim bilmaydi. Bu suyuqlikmi? Buni ham hech kim bilmaydi. Bu super maxfiy zaqqum. Bu jangovar zaharlovchi vosita va uni hech qayerda saqlash mumkin emas, hech qanday miqdorda. Bunday vosita Rossiyada mavjudligining o‘zi qonunbuzarlik (Rossiya rasmiylari ma'lumotiga ko‘ra, mamlakatda jangovar zaharlovchi moddalarni ishlab chiqarish 1990-yillardayoq to‘xtatilgan va 2017 yilda barcha zaxiralar yo‘q qilingan). U balki sprey ko‘rinishida, balki suyuqlik ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.

Men mehmonxonadagi nomerdan qo‘limda shishada suv bilan chiqqanman. Bu vaqtda allaqachon zaharlanib bo‘lganman. Ya'ni zaharlanishim mehmonxonada sodir bo‘lgan. Keyin oradan 3-4 soat o‘tgan. Agar men uni (zaharni) ichganimda yoki yeganimda mantiqan yarim soatlarda ko‘nglim aynib, qusishim kerak edi. Demak, zaharga shunchaki teginganmanmi? Bilmayman. Masalan, shkafdan kiyimimni oldim, balki o‘sha yerda bo‘lgandir, zahar kiyimimda yoki istalgan joyda bo‘lishi mumkin.

Oddiy zaharni-ku organizmdan chiqarib tashlash mumkindir, lekin jangovar zahar boshqacha. Uning mikroskopik darajada oz miqdori odamni o‘ldirish uchun yetarli. Eng asosiysi, u odam organizmidan izsiz chiqib ketadi. Shu sababli Omskda meni imkon qadar uzoqroq ushlab turishgan. Ular jin urgur «Novichok» tanamdan chiqib ketishini kutib turishgan. Biroq ular vaqtni xato hisoblashgan. Ular avvaliga mening o‘lishimni, keyinchalik yoki zahar chiqib ketishini, yoki jilla qursa men gapira olmay qolishimga umid qilishgan. Xullas, meni imkon boricha kechroq kasalxonadan chiqarishlari kerak bo‘lgan».

«Bu ishni, shubhasiz, Putinning topshirig‘i bilan qilishgan»
«Mening taxminim shundayki, bu ishni Federal xavfsizlik xizmati yoki Tashqi razvedka xizmati xodimlari qilishgan. Shubhasiz, Putinning topshirig‘i bilan. Keling, buni tahlil qilib ko‘ramiz: «Novichok»ni supermarketda sotib olish mumkinmi? Uni oddiy kimyo laboratoriyasida tayyorlashchi? Yo‘q. Bu kimyoviy qurol! Uni oddiy sharoitda tayyorlab bo‘lmaydi.

Xullas, tanamda «Novichok» bo‘lgani aniq. Uni tayyorlash uchun juda murakkab laboratoriya kerak. Omskda bo‘lgan voqealar, sog‘liqni saqlash vaziri guruh tashkil qilib, ular men zaharlanmaganimni isbotlashga chiranib Omskka borishi, keyinchalik shaxsan Putinning o‘zi men go‘yoki o‘zimni zaharlaganimni aytishi... Bularning barchasi men, aslida, zaharlanganimni ko‘rsatib turibdi.

To‘g‘ri, bizda Putin «Uni o‘ldiringlar, u mening «Yedinaya Rossiya»mni xafa qilyapti, mening pullarim haqida gapiryapti» deb baqirayotgani ko‘ringan video yo‘q. Biroq Bortnikov (federal xavfsizlik xizmati rahbari) va Narishkin (tashqi razvedka xizmati rahbari) «Faol tadbir o‘tkazish va 9-raqamli kokteyl» tayyorlashi mumkin («9-raqamli muhabbat kokteyli» nomli film bor). Bunday kokteylni Rossiya fuqarosiga qo‘llashga esa Vladimir Putindan boshqa odam topshiriq bera olmaydi.

Agar Putin nega sizni zaharlashni topshirdi, deb so‘rasangiz, bunga ham javobim bor. Oxirgi ikki yilda mamlakat boshqaruv tizimi dahshatli bosim ostida qolib ketdi. Bankdagi raqamlari tekshirilmagan odam qolmadi, hammani so‘roq qilishmoqda, bosim borgani sari ortyapti. Men Prigojindan, «Putinning oshpazi»dan million dollar qarzman, Sobol ham (Navalniyning hamkasbi Lyubov Sobol) million dollar qarz, fondimiz bir necha 10 million dollar qarz. Shunga qaramay, biz o‘lib qolmadik, qaytanga kuchaydik. Saylovlarda «Yedinaya Rossiya»ga yetarlicha bosim qildik va dumaga saylovlar oldidan ularni katta muammolar kutib turganini anglashdi. Va shu sabab, yana takrorlayman, bu mening nuqtai nazarim, biz o‘z muvaffaqiyatimizning qurboniga aylandik».

Bu shunchaki aljirash

Dud bilan intervyuda Navalniy 2017 yil o‘zbekistonliklar Pushkinni bilmasligi haqida aytgan gapini ham izohladi. O‘shanda u Kseniya Sobchak bilan intervyuda «Tabiiyki, O‘zbekistonda hech kim Pushkin kimligini bilmaydi», degan va o‘zbekistonliklar bunga munosabat bildirib, fleshmob uyushtirishgandi: «Bu vaziyatda ortiqcha gapirib yuborgandim. Shunchaki aljirab bo‘lmag‘ur gapni aytganman. O‘zbekiston katta davlat, u yerda o‘n millionlab odamlar yashaydi, Pushkinni biladiganlar ham, bilmaydiganlar ham bor. Rossiyada ham Pushkinni bilmasliklari mumkin».

Top