11:48 / 08.10.2020
1581
SkyUp Airlines Toshkent va Kiyev o‘rtasida muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda

Ukrainaning SkyUp Airlines aviakompaniyasi Toshkent va Kiyev o‘rtasida muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ma'lumotida aytilgan.

Qayd etilishicha, SkyUp Airlines muntazam qatnovlarni ikki mamlakat mintaqalari o‘rtasidagi reyslar sonini bosqichma-bosqich kengaytirish bilan yo‘lga qo‘yishni mo‘ljallagan.

Bildirilishicha, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Ukraina Madaniyat vazirligi huzuridagi Turizmni rivojlantirish davlat agentligi o‘rtasida videokonferensiya o‘tkazildi. 

Onlayn muloqot doirasida tomonlar COVID-19 pandemiyasining turizm sohasiga ta'sirini yumshatish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishdi va xalqaro sayyohlik qatnovlarini tiklash bo‘yicha ustuvor chora-tadbirlarni muhokama qilishdi. 

Onlayn muloqot yakuniga ko‘ra, tomonlar O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasida sayyohlik oqimini tiklash hamda turistik mahsulotlarni targ‘ib qilishga qaratilgan qo‘shma harakatlar dasturini ishlab chiqishga kelishib olishdi, deyiladi xabarda. 

Top