16:30 / 09.10.2020
19456

«Bunday xizmatchilarning huquq va manfaatlari qonuniy himoya qilinishi kerak» – Viloyat hokimligi Turdimovning taklifi bo‘yicha izoh berdi

Samarqand viloyati hokimligi viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilinayotgani yuzasidan munosabat bildirdi.

8 oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta'minlash masalasida videoselektor o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bugungi kunda xorijda ham, O‘zbekistonda ham uy ishlari bilan shug‘ullanuvchi oqsochlik kasbiga talab ortib borayotgani, Samarqand viloyatidan ham juda ko‘pchilik ayollar chet davlatlarda, xususan, Turkiyada uy ishlarini bajarishayotgani, O‘zbekistonda ham aholining iqtisodiy imkoniyatlari oshgan sari bu kasb egalariga bo‘lgan talab ortaverishi, ammo bunday ayollarni tayyorlaydigan markazlar yo‘qligini aytib, shunday markazlarni ochish taklifini bildirgan.

Erkinjon Turdimovning bu taklifi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining keskin noroziligini keltirib chiqardi.

Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati mazkur masala yuzasidan o‘z rasmiy munosabatini bildirdi.

«Yig‘ilishda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov tomonidan bildirilgan takliflar orasidan «Oqsoch ayollarga talab ortib bormoqda, xotin-qizlarni shu kasbga o‘rgatishimiz kerak» degan jumla kontekstdan ajratib olingan holda, asossiz gap-so‘zlar tarqatilib, noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.

Avvalo, shuni ochiq aytishimiz lozimki, bugungi kunda mehnat bozorida malakasiz ishchi kuchi juda ko‘p. Sir emaski, bugun mamlakatimizda enagalik, oqsochlik xizmat turiga ehtiyoj katta.

Biroq, hozirda bu ishni ayrim «tadbirkorlar» biznesga aylantirib olgan holda, enaga va oqsoch topib berish «xizmati» ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yib olgan. Ammo, ular bu xizmatni ko‘rsatuvchi ayollarimizning salomatligi, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha hech qanday majburiyatni o‘z zimmasiga olmayapti va kafolatlamayapti.

Shu sababli, mehnat bozorida uy yumushlariga va bolalar parvarishiga ko‘maklashadigan enaga, oqsoch xizmatiga ehtiyoj bor ekanmi, mazkur faoliyat turini qonuniylashtirish, ya'ni bu xizmat turi bilan shug‘ullanishni istovchi ayollarimizga o‘z huquqlarini o‘rgatish maqsadida o‘qitish, ularning uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish bo‘yicha malakasini oshirishni amalga oshiruvchi maxsus markazlar tashkil etish maqsadga muvofiqdir.

Mazkur markazlarda malakasini oshirgan ayollarimizni qonuniy asosda tashkil etiladigan maxsus idoralar orqali shartnoma asosida xizmat ko‘rsatishini yo‘lga qo‘yish, ularni davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, nafaqa yoshiga yetganida pensiya olishlarini kafolatlash mexanizmi yaratilishi lozim.

Bu orqali, chet mamlakatlarda aynan shu xizmat turi bilan shug‘ullanishni istovchi ayollarimizning ham qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish ko‘zda tutilmoqda.

Hech kimga sir emas, hozirda Rossiya, Isroil, Turkiya va boshka ko‘plab chet mamlakatlarda ayollarimiz aynan shu xizmat turi bilan shug‘ullanib kelishmoqda, lekin ularning qonuniy huquq va manfatlarini himoya qilish yuzasidan biror-bir hujjat rasmiylashtirilmagan. Bu esa, ko‘p hollarda ularning huquqlari buzilishiga, kamsitilishiga va boshqa zo‘ravonliklar kelib chiqishiga olib kelmoqda. Hattoki, hozirda mazkur faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchilar soni haqida biror idorada rasmiy ma'lumot mavjud emas.

Biz qayd etib o‘tgan mexanizm asosida bosqichma-bosqich ish tashkil qilinishi mazkur faoliyat turi bilan shug‘ullanayotganlar haqida aniq hisob yuritilishiga, ularning qonuniy huquq va manfaatlari himoya qilinishiga, bu borada jamoatchilik nazorati o‘rnatilib, ayollar va yoshlarimizni kasbga o‘rgatish orqali, boshqa xizmat turlari bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratadi.

Qolaversa, bu xizmatni ko‘rsatish bilan shug‘ullanishni istovchi ayollarimiz o‘z qonuniy huquqlarini bilishsa, bugungi kunda uy-ro‘zg‘or ishlarida ishlatiladigan zamonaviy texnikalardan foydalanishni o‘rganishsa, buning nimasi yomon?

Shu o‘rinda, ayrim mehmonxonalarda ham shunday faoliyat bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarda tajriba yoki malaka yetishmasligi oqibatida biror xatolikka yo‘l qo‘ysa, ularning qonuniy huquqlari poymol etilayotgani kabi holatlar kuzatilmoqda.

Albatta, biz qadrli opa-singillarimizni enagalik, oqsochlik qilishlarini targ‘ib etmoqchi yoki buni ommalashtirishni taklif qilmoqchi emasmiz va bu fikrdan mutlaqo yiroqmiz. Biz, yuqorida qayd etib o‘tganimizdek, ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan ayollarimizning huquq va manfaatlari qonuniy himoya qilinishi va bu borada jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi lozim deb hisoblaymiz», deyiladi viloyat hokimligi axborot xizmati munosabatida.

Top