15:31 / 09.10.2020
28640

Markaziy Osiyoning to‘rt davlati rahbarlari Qirg‘izistondagi vaziyat to‘g‘risida qo‘shma bayonot berdi

Qardosh Qirg‘izistonda bo‘layotgan voqealar bizni jiddiy tashvishga solmoqda, deyiladi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston davlat rahbarlarining qo‘shma bayonotida.

Foto: Asia-Plus

«Biz yaqin qo‘shnilar sifatida ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, umumiy madaniy va ma'naviy qadriyat rishtalari bilan bog‘langanmiz hamda Qirg‘iziston xalqini ushbu qiyin kunlarda mamlakatda tinchlikni saqlash va barqarorlikni tiklash uchun o‘ziga xos donolikni ko‘rsatishga chaqiramiz», deyiladi Tojikiston TIV saytida e'lon qilingan hujjatda.  

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Qirg‘izistonning barcha siyosiy partiyalari va jamoat doiralari Konstitutsiya va milliy qonunchilikka rioya qilgan holda, tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash, yuzaga kelgan muammolarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan sa'y-harakatlarni amalga oshirishiga umid qilmoqda. 

«Qirg‘izistonning gullab-yashnashi mintaqaviy xavfsizlik va butun Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishida muhim omil hisoblanadi. Mamlakatlarimizning umumiy o‘tmishi bor va umumiy kelajak barpo etilmoqda. Markaziy Osiyo xalqlarini tarixiy jihatdan kelajakdagi avlodlar farovonligi uchun doimiy tinchlik, totuvlik va bunyodkorlik istagi birlashtiradi», - deyiladi bayonotda. 

Prezidentlar umumiy maqsadlarga ega bo‘lgan holda, davlatlar savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar, chegara va mintaqalararo o‘zaro aloqalarni kengaytirish uchun mintaqaviy hamkorlikni faol ravishda kuchaytirayotganini ta'kidladi.

«Markaziy Osiyo birdamligini yanada mustahkamlash yo‘lidan borib, biz Qirg‘iziston xalqini birlik, tinchlik, mustaqil taraqqiyot va farovonlikka intilishida doimo qo‘llab-quvvatlaymiz», deyiladi hujjatda.

5 oktabr kuni Bishkekda hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi ikki partiya g‘olib chiqqan parlament saylovlari natijalariga qarshi namoyishlar boshlandi. Namoyishlar tartibsizliklar va politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Bir necha yuz kishi jarohat oldi, bir kishi halok bo‘ldi.

6 oktabr tongida namoyishchilar Qirg‘iziston parlamenti va prezident ma'muriyati joylashgan binoni egallab oldi. Shu kuni mamlakat Markaziy saylov komissiyasi parlament saylovlari natijalarini haqiqiy emas deb topdi, parlament rahbari va bosh vazir iste'foga chiqdi.

Mavzu
Qirg‘izistonda hukumat almashinuvi
Qirg‘izistonda parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan muxolif partiyalar inqilob amalga oshirishdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top