23:42 / 09.10.2020
14546
O‘zbekiston internetni senzuralash uchun AQSh kompaniyasi texnologiyalaridan foydalangan - Bloomberg

O‘zbekiston va yana o‘ndan ortiq davlat internetni senzura qilish, saytlarni bloklash uchun so‘nggi yillarda Amerikaning Sandvine kompaniyasi uskunalaridan foydalangan. Bu haqda Bloomberg agentligi o‘z manbalari va bir qator hujjatlarga tayanib xabar tarqatdi.

Kaliforniya shtatida joylashgan Sandvine kompaniyasi axborot tarmoqlari boshqaruvi, xavfsizligi va internet-traffikni filtrlashda qo‘llanadigan uskunalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Shu yil avgustda Belarusdagi saylovlar vaqtida internetga to‘siq qo‘yishda ayni shu kompaniya mahsulotlaridan foydalanilgan. Bu ma'lum bo‘lib qolgach, San-Fransiskoda bir guruh faollar kompaniyaga qarshi namoyish o‘tkazgan, Sandvine esa Belarusga uskunalar sotishni to‘xtatishini e'lon qilgandi.

Bloomberg agentligi ushbu kompaniyaning 3 nafar hozirgi va 5 nafar sobiq xodimlari hamda firma hujjatlariga asoslanib xabar berishicha, Belarus – Sandvine uskunalaridan foydalanib internetni senzura qilgan yagona davlat emas. Bunday davlatlar qatorida O‘zbekiston, Rossiya, Turkiya, BAA, Ozarboyjon va Afg‘oniston doxil o‘ndan ortiq mamlakat bor.

Bu mamlakatlarda Sandvine'ning veb-saytlarni bloklash texnologiyalaridan siyosiy maqsadlarda yangiliklar saytlari, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarga to‘siq qo‘yishda foydalanilgan, deyiladi xabarda.

Bloomberg bu borada izoh olish uchun Sandvine bilan bog‘langan. Kompaniya o‘z javobida qaysi mamlakatlar bilan hamkorlik qilayotganini ochiqlamagan va sotayotgan uskunalari «inson huquqlari yoki erkin axborot oqimiga to‘siq qo‘yish uchun mo‘ljallanmagan»ini bildirgan. Berilgan izohga ko‘ra, kompaniya mahsulotlari bolalar pornografiyasi, odam savdosi, terrorizm va zararli kompyuter dasturlariga qarshi kurashishda qo‘llanadi.

Sandvine o‘tgan oyda Belarus bilan bitim bekor qilingani haqida bergan bayonotida, ikkinchi taraf «inson huquqlarini buzayotgani, bu esa o‘rtadagi shartnoma avtomatik ravishda o‘z kuchini yo‘qotishiga sabab bo‘lgani» aytilgan.

Bloomberg suhbatlashgan AQSh senatori Dik Durbin Sandvine'ni, Belarus bilan bog‘liq voqeadan xulosa chiqarib, uskunalarni noma'qul senzura uchun qo‘llashi mumkin bo‘lgan davlatlar bilan bitimlarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan.

Sandvine'ning agentlik bilan anonim ravishda suhbatlashgan 5 nafar sobiq xodimidan 3 nafari kompaniya avtoritar hukumatlar bilan hamkorlik qilishiga qarshi bo‘lgani sababli ishdan bo‘shaganini aytgan.

«Ayrimlarimiz mijozlar borasidagi shikoyatlarimizni bildirganmiz, lekin bu katta ehtimol bilan inobatga olinmagan. Kompaniyaning bosh maqsadi – mahsulot sotish», – degan shirkatning xalqaro savdo-sotiq ishlaridan bevosita xabardor lavozimdagi xodimi.

Bloomberg o‘z ixtiyorida kompaniya rahbarlarining xodimlar bilan ichki konferens-muloqoti audiosi borligini bildirgan. Audioga ko‘ra, kompaniya rasmiylari muloqot chog‘ida ular sotayotgan uskunalar senzura maqsadida qo‘llanishini tan olishgan. «Biz dunyo politsiyasi rolini o‘ynashni xohlamaymiz. Har bir suveren davlat o‘z hududida nima mumkin, nima mumkin emasligi bo‘yicha o‘z siyosatini o‘zi belgilashi kerak, deb hisoblaymiz», – degan Sandvine texnik direktori Aleksandr Xavang xodimlar bilan ichki konferens-muloqotda.

Hujjatlardan ko‘rinishicha, Sandvine sentabr oyi boshida Ozarboyjonning yetakchi internet provayderi – Delta Telecom bilan «shoshilinch ravishda» YouTube, Facebook va Instagram orqali jonli translatsiya qilinadigan videolarni bloklash ustida ishlagan. O‘tgan haftada esa, Tog‘li Qorabog‘da Armaniston bilan urush kelib chiqqach, Ozarboyjonda bir nechta ommabop ijtimoiy tarmoqlarga blok qo‘yildi.

Agentlik qo‘lga kiritgan hujjatlarga ko‘ra, Sandvine O‘zbekiston, Rossiya, Afg‘oniston va Misrni odamlarning qaysi veb-saytlarga kirayotganini kuzatib turish imkonini beruvchi texnologiyalar bilan ta'minlagan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Misrda ushbu shirkat uskunalari mustaqil saytlarni bloklash uchun ham ishlatilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil aprelida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti O‘zbekistonni ayrim xorijiy manbalarni bloklashni to‘xtatishga chaqirgach, oradan bir oy o‘tmay «Amerika ovozi», «BBC o‘zbek xizmati», «Fergana Agency», «Centre1», «Uzmetronom», «AsiaTerra», «Eurasianet.org», «Deutsche Welle», «Amnesty International», «Human Righs Watch», «Reporters sans frontieres» kabilarning saytlari blokdan chiqarilgan edi.

O‘zbekistonda 2018 yilning sentabr oyi boshida Facebook'dan foydalanishda muammolar yuzaga kelgan, oktabr oyidan esa YouTube'ga VPN'siz kirib bo‘lmay qolgandi. Blokirovka bir necha oy – 2019 yil yanvarigacha cho‘zilgandi.

2019 yil yozida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining o‘sha vaqtdagi bosh direktori Komil Allamjonov yuqoridagi muddatda Facebook va YouTube'ning bloklanishi haqida gapirar ekan, «Bloklagan shaxslar hozir qamoqda o‘tiribdi», – deya ma'lum qilgandi.

2020 yil iyul oyi boshiga kelib, o‘zbekistonliklar yana Facebook'ka kirishda muammolarga duch kela boshladi, keyinroq bunday holat Instagram bilan ham kuzatildi. Muammo avgust oyining o‘rtalariga kelibgina barham topdi.

Top