12:30 / 09.10.2020
2973
Qator qonunlarga ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan qo‘shimcha himoya qilishga qaratilgan tuzatishlar kiritildi

Bir qator qonunlarga gender tengligi hamda ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan qo‘shimcha himoya qilishga qaratilgan tuzatishlar kiritildi.

Foto: Dreamstime

JKning 148-moddasi 2-qismiga – qonunga zid ravishda homiladorlik yoki bolani parvarishlash sababli ishga qabul qilishni rad etish yoki ishdan bo‘shatish holatlari yuzasidan tuzatishlar kiritildi. Hozirga qadar ushbu tarkibdagi jinoyat doirasida jabr ko‘rganlar sifatida faqat ayollar e'tirof etilgan. Biroq bolani erkaklar ham – otalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (farzandlikka oluvchilar, vasiylar, homiylar) ham parvarish qilishi mumkin.
 
Norma’ning yozishicha, kiritilgan tuzatishlar natijasida qonunga zid ravishda ishga qabul qilishni rad etish yoki ishdan bo‘shatish holatlari quyidagilarga nisbatan sodir etilgan taqdirda, bunday jinoyat javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi:

  • ayollarga, homiladorligi tufayli;
  • bolani parvarishlayotgan shaxslarga, jinsidan qat'i nazar.   

Sanksiya choralari avvalgidek saqlanib qoldi – 25 BHMgacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan 3 yilgacha mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari.
 
Bu bilan bir vaqtning o‘zida ayollarni himoya qilish kafolatlari kuchaytirildi:

a) himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun ma'muriy javobgarlik joriy etildi. Tazyiq o‘tkazgan yoki zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs - huquqbuzar 1 BHMdan 3 BHMgacha miqdorda jarimaga tortiladi yoki 15 sutkagacha ma'muriy qamoqqa olinadi;

b) himoya orderining amal qilish muddatida yoki boshqa muayyan muddat mobaynida ayollarga nisbatan tazyiq o‘tkazgan yoki zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga:

  • orderda tegishli taqiq belgilangan bo‘lsa, fuqarolik qurolini olishga ruxsatnoma berilmaydi;
  • fuqarolik qurolini saqlash va olib yurish taqiqlanadi – qurol va o‘q-dorilari Milliy gvardiya tomonidan olib qo‘yiladi;

v) sudlarga taqdim etiladigan fuqarolik ishlari bo‘yicha, moddiy zararni qoplash to‘g‘risidagi da'volar hamda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarga yetkazilgan moddiy zarar uchun kompensatsiya to‘lash yuzasidan da'volar bo‘yicha da'vogarlar davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.
 
Tuzatishlar 6.10.2020 yildan kuchga kirdi.

Top