00:21 / 09.10.2020
72201
Qorabog‘dagi urush, 12-kun: jurnalistlar jarohatlandi, mashhur surat qahramoni halok bo‘ldi

Qorabog‘dagi urushning 12-kunida harbiy harakatlar boshlangach surati butun dunyoga tarqalib mashhur bo‘lgan armanistonlik artilleriyachi Albert Ovannisyan halok bo‘lgani ma'lum bo‘ldi. Qurbon bo‘lgan arman harbiylari ro‘yxatida nomlar soni 350taga yetdi; Shushada bir necha jurnalist ozarlar hujumiga uchrab jarohatlandi.

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi mudofaa vazirligi payshanba kuni urushda halok bo‘lgan arman askarlari ro‘yxatiga yana 30 nomni qo‘shib qo‘ydi va ro‘yxatda ismi-sharifi keltirilganlar soni endi 350taga yetdi.

Bu ma'lumotlar haqiqiyligini tekshirish imkonsiz; arman harbiylarining o‘zi ham bu ro‘yxat to‘liq emasligini tan olishmoqda. Bu haqda shu kungi brifing vaqtida Armaniston mudofaa vazirligi matbuot kotibi Arsrun Ovannisyan aytib o‘tdi.

U frontda shafqatsiz janglar ketayotgani, qo‘mondonlarda hamisha ham barcha ma'lumotlarni yetkazib berishga vaqt bo‘lmasligi, ba'zi hollarda halok bo‘lgan askar oldiga yetib borish, ba'zi hollarda esa uning shaxsini aniqlash qiyinchilik tug‘dirishini aytib o‘tgan.

Ozarboyjon tomoni esa umuman o‘z harbiy yo‘qotishlari haqida ma'lumot bermayapti, mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev intervyularidan birida bunday ro‘yxat faqat harbiy harakatlar yakunlangach e'lon qilinishi mumkinligini aytib o‘tgan.

Hozirgi urush ko‘lami 1992-1994 yillardagi urush ko‘lamidan kattaroq ekanini oddiy arifmetika bilan tushuntirish mumkin.

O‘shanda keng ko‘lamli harbiy harakatlar 2 yilu 4 oyga cho‘zilgandi - 1992 yil boshidan 1994 yil mayigacha.

O‘sha urushda qurbonlar soni borasida turlicha ma'lumotlar keltirilgan, ammo ekspertlarning ko‘pchiligi qurbonlar soni 30 mingdan oshiq bo‘lganini aytishadi.

Shu tariqa, o‘sha urushda kuniga ko‘pi bilan o‘rtacha 35 kishi halok bo‘lgan - bu ikki tomonning harbiylar va tinch aholi o‘rtasidagi yo‘qotishlarini o‘z ichiga oladi.

Mashhur suratdagi artilleriyachining o‘limi
Payshanba kuni yangi Qorabog‘ urushi ramzlaridan biriga aylangan armanistonlik artilleriyachi Albert Ovannisyan halok bo‘lgani ma'lum bo‘ldi. Bu haqda uning otasi feysbukdagi sahifasida yozgan.

«Mening o‘g‘lim, Albert Ovannisyan, ko‘pchiligingiz uni butun dunyoga tarqalgan suratlaridan taniysiz, boqiylar olamiga qadam qo‘ydi. Mening va oilamning qayg‘usi ta'riflab bo‘lmas darajada [...] Qayg‘um ulkan va og‘ir, ammo men vatanparvarning, zamonamizning haqiqiy qahramonining otasi ekanimdan faxrlanaman», deya yozgan Artak Ovannisyan.

29 sentabr kuni Armaniston mudofaa vazirligi va Reuters agentligi tomonidan tarqatilgan bu surat butun dunyodagi nashrlarning sahifalarida paydo bo‘lgandi:

ARMENIA MOD/REUTERS

Payshanba kuni mobaynida tomonlar frontda qandaydir o‘zgarishlar bo‘lgani to‘g‘risida xabar berishmadi. Armaniston mudofaa vazirligi matbuot kotibi Arsrun Ovannisyan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida shafqatsiz janglar davom etayotgani haqida yozgan; Ozarboyjon mudofaa vazirligi Goradiz qishlog‘idan video joylagan, ammo bu qishloq joylashgan o‘rindan bilish mumkinki, ozar harbiylari bu xarobalarni janglarning ilk kunlaridayoq egallagan bo‘lishi kerak.

Front chizig‘idagi janglardan tashqari, tomonlar bir-birining hududidagi aholi punktlariga raketalar va snaryadlar yo‘llashda davom etmoqda.

Shusha shahrida (Stepanakert yaqinida) payshanba kuni uch nafar jurnalist jarohatlandi, ulardan biri rossiyalik Yuriy Kotenok - og‘ir ahvolda, uni Stepanakertdagi shifoxonada operatsiya qilishgan.

Keyinroq Armaniston hukumati axborot markazi jarohatlanganlarning biri «Segodnya.ru» bosh muharriri Yuriy Kotenok ekani, u og‘ir ahvolda shifoxonaga keltirilib, operatsiya qilinganini bildirdi.

Ozarboyjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov payshanba kuni Jyenevada Fransiya, Rossiya va AQSh vakillari bo‘lgan diplomatlar bilan uchrashdi.

YeXHTning Minsk guruhi 28 yildan buyon Qorabog‘dagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun besamar harakat qilib kelmoqda.

Armaniston tashqi ishlar vaziri Zograb Mnatsakanyan esa Minsk guruhi vakillari, shu jumladan, Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan dushanba kuni Moskvada uchrashadi.

Rossiya TIVning rasmiy vakili Mariya Zaxarova payshanba kuni Moskva Lavrov, Bayramov va Mnatsakanyanning Minsk guruhi vakillari ishtirokidagi uchrashuvini tashkillashtirishning «turli sxemalarini ishlab chiqayotgani»ni ma'lum qildi.

Bu vaqtda Ozarboyjon hamon o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiriqlarni rad etmoqda va tinchlik muzokaralari faqatgina arman harbiylari Tog‘li Qorabog‘ va uning atrofidagi hududlardan olib ketilgach boshlanishini ma'lum qilmoqda.

Payshanba kuni, vazir Bayramov Jyenevaga uchgan vaqtda, Ozarboyjon TIV rasmiy tvitterida o‘t ochish to‘xtatilmasligi bildirilgan tvit qoldirildi, prezident Aliyev esa Armaniston o‘z harbiy qismlarini Qorabog‘dan olib ketish grafigini taqdim etishi kerakligi, shundan keyingina Minsk guruhi bilan muhokamalar boshlanishi mumkinligini ta'kidlab o‘tdi.

New York Times jurnalistlari esa shu kuni Ozarboyjondagi Ganja shahri aerodromida Turkiyaning F-16 rusumli qiruvchi samolyotlari turgani tasvirlangan sun'iy yo‘ldoshdan olingan suratlarni e'lon qildi.

29 sentabr kuni Armaniston turklarning Ganjadan havoga ko‘tarilgan F-16 rusumli samolyoti Ozarboyjon hududidan turib armanlarning Su-25 samolyotini urib tushirganini ma'lum qilgandi, ammo buning uchun ishonchli dalillar keltirilmagan.

Harbiy sharhlovchilar esa turklarning qiruvchi samolyotlari yozda o‘tkazilgan qo‘shma mashg‘ulotlardan keyin ham Ganjada qolgan bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.

Turkiya Ozarboyjonni qo‘llashi - ushbu yangi urushning muhim jihatlaridan biri hisoblanadi, ammo NYT nashri tarqatgan ma'lumot, birinchidan, uzil-kesil tasdiqlanishi kerak, ikkinchidan, bu suratning o‘zi samolyotlar harbiy harakatlarda ishtirok etayotganini - ayniqsa ulardan biri armanlarning samolyotini urib tushirganini isbotlay olmaydi.

Mavzu
Ozarboyjon-Armaniston mojarosi
12 iyul kuni Ozarboyjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida ikki davlat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Barchasi
Top