09:28 / 10.10.2020
3746
AQShda 15 oktyabrga belgilangan Tramp va Baydenning debati bekor qilindi

Prezidentlikka nomzodlar endi 22 oktabr kuni Tennesida uchrashishi rejalashtirilgan. Bungacha Trampning shtabi virtual shaklda debatlarni o‘tkazishdan bosh tortdi.

Foto: AP

15 oktyabrga belgilangan AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp va Demokratik partiyadan nomzod Jo Bayden o‘rtasidagi debat bo‘lib o‘tmaydi. Bu haqda Prezident debatlari bo‘yicha komissiya (CPD) bayonotida aytilgan.

CPD’dan ta'kidlanishicha, 8 oktabr kuni ular Florida shtatining Mayami shahrida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan debatni barcha ishtirokchilarning sog‘lig‘i xavfsizligi uchun virtual shaklda o‘tkazishni taklif qilishgan. Shundan so‘ng, har ikkala nomzodning saylovoldi shtabi ushbu taklif to‘g‘risida gaplashib oldi. 

«Endi 15 oktyabrda hech qanday debatlar o‘tkazilmasligi aniq bo‘ldi va CPD 22 oktyabrga belgilangan yakuniy prezidentlik debatiga tayyorgarlik ko‘rishga e'tibor qaratadi», - deyiladi komissiya bayonotida. 

Tramp va Bayden 22 oktabr kuni Tennesi shtati Neshvill shahridagi Belmont universitetida uchrashadi. NBC News vakili Kristen Velker moderatorlik qiladi. Debat 15 daqiqalik oltita qismga bo‘linadi, mavzular oldindan tanlab olinadi va kamida bir hafta oldin e'lon qilinadi. 

CPD Donald Trampda koronavirus infeksiyasi aniqlangani tufayli munozaralarni onlayn tarzda o‘tkazishni taklif qildi. Biroq, prezident komissiya Baydenga yordam berish uchun shunday qadam tashlaganini aytib, ushbu tashabbusdan voz kechdi. «Men vaqtimni virtual bahslarga sarflamayman», - dedi Tramp. 

Shundan so‘ng, Trampning saylovoldi shtabi Floridadagi munozarani 22 oktyabrga, Tennesidagi uchrashuvni esa 29 oktyabrga qoldirishga rozi bo‘ldi. «Amerikaliklar 22 va 29 oktabr kunlari ikkala nomzodning fikrini tinglashga loyiqdir», - dedi saylovoldi shtabi rahbari Bil Stepiyen. 

Nomzodlarning 29 sentyabrdagi birinchi debatidan so‘ng, CPD qoidalarni o‘zgartirdi va moderatorga raqiblarning mikrofonlarini o‘chirish imkoniyatini berdi. Ushbu qaror Tramp va Bayden munozarada bir birining so‘zini to‘xtatib, haqorat qilgani va moderator vaziyatni nazorat qila olmay qolganidan so‘ng qabul qilindi. 

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Top