21:36 / 10.10.2020
18128
“AVTO IDEAL XIZMATI” mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining tergovi tamomlandi

Jamiyat mansabdor shaxslari o‘z mijozlarining 8 mlrd so‘mdan ortiq pul mablag‘larini o‘z extiyojlari yo‘lida sarflab yuborishgan. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida, boshqa mijozlarga yetkazib berilgan 24,6 mlrd so‘mlik 219 ta avtotransport vositalariga taqiqlar qo‘yilgan va xatlangan.

Foto: Avto-Ideal-Xizmati

Tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, “AVTO IDEAL XIZMATI” MChJ mansabdor shaxslari U.Nuriddinov, Q.Ryxsiyev hamda boshqa shaxslar 2019 yil 11 oktyabrdan 2020 yil 29 fevralga qadar avtomashina turiga qarab mijozlardan 10 mln so‘mdan 80 mln so‘mgacha oldindan to‘lovlarni qabul qilib, yillik 5% to‘lov evaziga 1 yildan 5 yilgacha bo‘lgan muddatga avtomashina yetkazib berishni va'da qilgan holda, jami 1831 nafar fuqarolar bilan umumiy qiymati 148,4 mlrd so‘mlik transport vositasini yetkazib berish haqida shartnomalar rasmiylashtirishga erishgan. Ushbu shartnomalar doirasida jami 34,7 mlrd so‘m pul mablag‘larini jamiyat hisob raqamiga qabul qilishgan. Olingan pul mablag‘laridan 24,6 mlrd so‘mini transport vositalari uchun to‘lov sifatida o‘tkazgan bo‘lsa, 8,1 mlrd so‘m pul mablag‘larini o‘z manfaatlari yo‘lida sarflashgan.

Jamiyat bilan mijozlar o‘rtasida jami 1831 dona shartnomalar rasmiylashtirilib, fuqarolarning ishonchiga kirish maqsadida 219 nafar fuqarolarga transport vositasi yetkazib berilgan. Jamiyat mansabdor shaxslari tomonidan pul mablag‘lari o‘zlashtirilishi oqibatida 1612 nafar mijozlar oldidagi majburiyatlar bajarilmagan.

Jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida, boshqa mijozlarga yetkazib berilgan 24,6 mlrd so‘mlik 219 ta avtotransport vositalariga taqiqlar qo‘yilgan va xatlangan.

Tergov davomida yetkazilgan zararni qoplash maqsadida 602 mln so‘m pul mablag‘lari xatlanib, depozit hisob raqamiga saqlash uchun topshirilgan.

2020 yil 05 oktabr kuni U.Nuriddinov, Q.Rixsiyev hamda S.Usmanovalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan ayblov e'lon qilinib, dastlabki tergov harakatlari tamomlanganligi taraflarga e'lon qilingan.

Hozirda jinoyat ishini prokuratura organi orqali tegishli sudlovga oshirish choralari ko‘rilmoqda, deb xabar bermoqda IIV huzuridagi Tergov departamenti.   

Eslatib o‘tamiz, «Avto-Ideal-Xizmati» mas'uliyati cheklangan jamiyati mansabdor shaxslariga nisbatan Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Angren shahar bo‘limi tomonidan joriy yiling 17 mart kuni Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi ikkinchi qismi «a» band bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Keyinchalik jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi «a» bandiga qayta malakalanib, dastlabki tergov harakatlarini davom ettirish uchun IIV huzuridagi Tergov departamentiga yuborilgan.

Jinoyat ishi joriy yil 30 may kuni Tergov departamenti ish yurituviga olinib shu kunning o‘zida K.Ryxsiyev va U.Nuriddinovlar JPKning 227-moddasi tartibida ushlangan hamda 1 iyun kuni tegishli sudning ajrimi bilan ehtiyet chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Top