22:40 / 10.10.2020
26630

Bosh prokuratura: Budjet pullarining «Mendirman Jaloliddin» filmiga aloqasi yo‘q

Ijtimoiy tarmoqlarda “Mendirman Jaloliddin” filmi loyihasi doirasida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura masala yuzasidan bayonot berdi.

Ma'lum qilinishicha, “O‘zbekkino” milliy agentligi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi ochilgan. Ish bo‘yicha dastlabki tergovni Bosh prokuratura o‘tkazmoqda.

Agentlikning ismi ochiqlanmagan mansabdorlari Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan ayblanmoqda.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti mutaxassislari tomonidan agentlikda o‘tkazilgan tekshiruv hujjatlari asos bo‘lgan. Tergov jarayonida, “O‘zbekkino” faoliyatiga tegishli hujjatlar olinib, moliyaviy-xo‘jalik faoliyati yuzasidan taftish tayinlangan.

“Aniqlanishicha, 22.06.2018 yilda “O‘zbekkino” Milliy agentligi hamda “Best organaizer” MChJ o‘rtasida “Menman Jaloliddin” nomli film yaratish haqida dastlabki shartnoma tuzilib, shartnomaga muvofiq oldindan avans sifatida 533 mln so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.

Lekin, ushbu filmni suratga olish ishlari “Mendirman Jaloliddin” nomi bilan Turkiya Respublikasidagi hamkorlar bilan olib borilganligi, uni ishlab chiqarish xarajatlari budjetdan emas, balki boshqa homiylar tomonidan moliyalashtirilganligi sababli, “O‘zbekkino” Milliy agentligidan ajratilgan mablag‘lar filmni ishlab chiqarish uchun sarflanmagan va bugungi kunda budjetga qaytarilgan”, – deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Rasmiy xabarda alohida ta'kidlanishicha, tergov harakatlari davomida 3 oktabr kuni taqdimoti bo‘lib o‘tgan “Mendirman Jaloliddin” filmiga tegishli hujjatlar olinmagan va bu filmni ishlab chiqargan shaxslarning jinoyat ishiga hech qanday aloqadorligi yo‘q.

Top