09:11 / 10.10.2020
37161
«Bu yerdan ko‘chish haqida bizni hech kim ogohlantirmagandi» - Jigariston fojiasi xotiralari

Toshkent viloyati Angren shahri yaqinida Jigariston qishlog‘i bor. Bu qishloq tarixini hamma ham bilmasa kerak. Katta yoshli yurtdoshlarimiz orasida 1991 yilda sodir bo‘lgan mudhish voqeadan xabardorlar talaygina. Mustaqil bo‘lmasimizdan avval, o‘sha yil may oyida tabiiy-texnogen ofat natijasida ana shu qishloqning bir qismini ko‘chki bosib qoladi. Butun boshli oilalar yer ostida qoladi.

Mudhish voqeaning sabablari ko‘p. Mas'ullarning mas'uliyatsizligi, qurilish ishlari, aholi beparvoligi va hokazo.

Qurol Raxov

O‘sha halokatda omon qolgan, farzandlarini arang qutqarib olgan bo‘lsa-da, ammo ota-onasi va akasi tiriklayin yer ostida qolgan Qurol Raxov biz bilan suhbatda 29 yil avvalgi voqea tafsilotlarini so‘zlab berdi.

Voqea kartinasi, fojia azamati va haybati, inson omili va tabiat hodisasi ko‘lamini qishloq chekkasiga – o‘sha bir paytlari qishloq bo‘lgan, hozirda ziyoratgoh tashkil etilgan joyga borib, Qurol amaki bilan suhbatlashgach, oz bo‘lsa-da tushundik, his qildik.

Avvaliga voqeaning rasmiy talqinini keltirib o‘tsak:

«Kuchli jala va seysmik ta'sir natijasida 1991 yilning 4 may kuni Toshkent viloyatining Angren shahridagi Jigariston posyolkasi rayonida tabiiy ofat — ko‘chki yuz berdi va u moddiy zarar yetkazdi. Uy-joylar, xo‘jalik imoratlari, kommunikatsiyalar, yo‘llar va boshqa inshootlar zararlandi. Qurbon bo‘lganlar bor.

Vazirlar Mahkamasi qayd qiladiki, Jigariston posyolkasida yuz bergan ko‘chki tasodifiy va kutilmagan hodisa emas. 1990 yilning aprel oyidayoq yoki voqea yuz berishidan bir yil oldin O‘zSSJ Davlat geologiya qo‘mitasining injyenerlik-geologiya xizmati 33 xonadondan aholini xavfsiz joyga darhol ko‘chirish haqida xalq deputatlari Angren shahar Soveti (o‘rtoq Yusupaliyev)ga rasmiy xatlar yo‘llagan edi.

O‘zSSJ Vazirlar Mahkamasi 1990 yilning 5 may kuni Toshkent viloyat ijroiya qo‘mitasi (o‘rtoq Saydaliyev)ga va «Sredazugol» ishlab chiqarish birlashmasi (o‘rtoq Leleko)ga bu masalani darhol ko‘rib chiqib, qabul qilingan chora-tadbirlar haqida jumhuriyat Hukumatini 10 kun muddat ichida xabardor qilishni topshirgan edi. Lekin hech qanday amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmadi.

Bu masalaga noma'lum sabablarga ko‘ra xavfli zonadan ko‘chishni rad etgan Jigariston aholisining gaplariga uchib, Angren shahar ijroiya qo‘mitasi rahbarlari mazkur masalaga murosasozlik bilan, befarq munosabatda bo‘lganliklarini alohida qayd qilish kerak.

Mazkur rahbarlar sansalorlik, ishda uyushqoqsizlikka yo‘l qo‘ydilar, bu bilan ana shu fojianing oldini olish yuzasidan o‘z vaqtida chora ko‘rilmadi», – deyiladi O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Jumhuriyati Vazirlar Mahkamasi raisi Islom Karimov imzolagan qarorda.

Qurol Raxov esa bizga quyidagilarni hikoya qilib berdi.

«Men 40 yoshimgacha shu yerda yashaganman. Asosan qarindoshlar, aka-uka, jigarlar yashagani uchun ham bu yer Jigariston deyiladi. Bu yerga 1991 yil 22 aprelda ishchilar buldozerlar bilan kelib, shu yerni otval qilishlarini aytishdi. Men ularga hali tuproqqa tegib bo‘lmasligini, aprel oyi bo‘lgani uchun tuproq namligini aytdim. Xodimlar qancha tez ish bitsa, shuncha tez maosh olishini aytib, buldozerlarda ishni boshladi.

Men 100 yoshli otamga ko‘chishimiz kerakligini aytdim, otam rozilik bildirmadi. Bizni na oqsoqol, na boshqa kishi kelib, bu yerdan ko‘chish haqida ogohlantirmadi. Hokimiyatga bizga biror joy yoki kvartira berilishini so‘rab bordim. Biroq ular joy ajratmadi.

4 may kuni ertalab 6da ishga ketdim, 20ta kam 7da uyimni tuproq bosganini xabar qilishdi. Kelsam, hamma yoqni tuproq bosib qolgan. Ko‘chkidan oldin biz turgan bu yerlar kamida 25-30 metr chuqurlikda bo‘lgan.

Voqeani eshitib, Favqulodda vaziyatlar vazirligining 400 nafar xodimi, Xudoyberganov, Jo‘rabekov, Islom Karimov keldi. Tuproqni 10 metr surib chiqishdi, ammo hech nima topisholmadi. Keyin o‘sha paytda muftiy bo‘lgan Muhammad Sodiq kelib, tuproq ostida qolib ketganlarni bezovta qilmay, shu joyni shahidlar qabristoni qilishni taklif qildi.

Shunday qilib, 29 yildan beri hudud shahidlar qabristoni bo‘lib kelyapti. Ota-onam, ukam tuproq tagida qolib ketgan. Egizak farzandlarim, ayolimni tuproqdan chiqarib oldik. Katta qizimni 11 metr chuqurlikni kovlab topdik. Ikki nafar o‘rtog‘im ham tirik qolgan, ularning 6-7ta farzandlarini ham qum bosib qolgan. Xudoga shukur, ayolim, 7 nafar farzandim tirik qolgan.

Atrofda 70-80 yillik daraxtlar bor edi. Hech nima qolmadi. Bu yerda kanal ham bo‘lgan. Qum ko‘chganda uning 100-200 metr joyi yopilib qolgan. Keyin quvur olib kelib kanalni zo‘rg‘a ochganmiz», – deya hikoya qiladi suhbatdoshimiz.

Xatolardan xulosa chiqargan xalq kuchli va oqildir. Sodir bo‘lgan va afsuski bo‘layotgan ofatlar bizga dars bo‘lishi, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun, tabiiy ofatlar ro‘y berganda esa aqalli talafotni kamaytirish uchun choralar ko‘rishimiz, fojialarning oldini olishimiz zarur.

Bobur Akmalov tayyorladi.

Top