07:20 / 10.10.2020
35230

Mafkuraviy bannerlar: targ‘ibotning bu shakli budjetdan millionlar sarflashga arziydimi?

2016 yilgacha bo‘lgan davrda «milliy mafkura», «ma'naviyat» atamalari doim qulog‘imiz ostida jaranglab turardi. Zangori ekran, tashkilotlar, ta'lim dargohlari, ko‘chalar ham havorang bannerlardagi balandparvoz gaplarga to‘lib ketgandi. Ko‘pchiligimiz ulardagi so‘zlarni yodlab ham olgandik. Hukumat o‘zgargan bo‘lsa-da, hozir ham mafkuraviy bannerlar bilan hamnafas yashamoqdamiz.

Foto: Umida Ahmedova

Ijtimoiy obektlar fasadini bezovchi, ko‘chalarga «fayz» beruvchi, qandaydir foydasi borligi isbotlanmagan bannerlar fuqarolar hayot tarzini farovonlashtirishga xizmat qilarmikin? Sobiq ittifoqdan meros qolgan targ‘ibot bannerlari bugungi kun uchun dolzarbmi? Xarajatlari aksari soliq to‘lovchilar zimmasida bo‘lgan bannerlar bizga qanchalik kerak?

Biznesga aylangan soha

Turmushimizning bir bo‘lagiga aylangan mafkuraviy targ‘ibot bannerlari allaqachon biznesning bir turiga aylangan. Undan juda ko‘pchilik moddiy manfaatdorligi sir bo‘lmasa kerak. Ushbu bannerlar ixtisoslashgan firma va bosmaxonalar tomonidan tayyorlanadi. Shunday firmalardan birida ma'lum muddat faoliyat yuritgan xodim bilan bog‘lanib, ayrim ma'lumotlarni oldik.

Uning aytishicha, firma o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni tashkilotlarga xarid qilishlari uchun rasmiy xat orqali murojaat etgan. Masalan, korrupsiya va terrorizmga qarshi targ‘ibot materiallari qaysi tashkilotga zarur bo‘lsa, ularga yetkazib berilgan. Yuqori turuvchi organ, masalan, ma'lum vazirlikka taklif etilgan bannerlar mavzusi yoqsa, ular buni xarid qiladi. Tizimning quyi pog‘onasidagi organlarga esa yuqori turuvchi organ tomonidan rasmiy xat tayyorlanadi, ularning ro‘yxati beriladi. So‘ng firma tomonidan quyi tashkilotlarga mahsulotlarni «o‘tkazish» uchun o‘sha rasmiy xat asos qilib olinadi.

Firma xodimlari rasmiy xatni tizim tashkilotlariga jo‘natgan. Unda «mavjud siyosatni targ‘ib etishda amaliy yordam berishingiz so‘raladi» degan «tavsiyaviy» xarakterdagi fikrlar keltiriladi.

«Tashkilot rahbarlari bannerlarni sotib olishni rad etishlari ham mumkin. Bu holatga ham oldindan tayyorgarlik ko‘rilgan. Yuqorida turgan organga quyi tashkilot rad javobini berganligi to‘g‘risida «xat» chiqarilishi aytilgandan so‘ng ular ham maqsad nimaligini tushunib olishar va xarid qilishga, tabiiyki, majbur bo‘lishardi», – deya hikoya qiladi suhbatdoshimiz.

Shu sohadagi boshqa bir xususiy firma vakili bilan gaplashganimizda, quyidagi fikrlarni bildirdi.

«Biron mavzuda targ‘ibot materiallari tayyorlashdan oldin hozir qaysi mavzu, qaysi yo‘nalish aktualligini o‘rganib chiqamiz. Masalan, sog‘liqni saqlash, ta'lim, korrupsiya kabi mavzularga ko‘proq murojaat qilamiz. Ma'lum tashkilotga targ‘ibot plakatlari o‘sha tashkilotning faoliyatidan kelib chiqib tayyorlanadi va xarid qilishlari uchun taklif etiladi. Xaridlar birja orqali amalga oshiriladi.

Plakatlardagi matnga keladigan bo‘lsak, shunga mas'ul bo‘lgan xodim tomonidan tayyorlanadi. Matn tayyorlashning ham qoidalari bor. U mavjud siyosatga muvofiq kelishi, ma'naviy muhitga salbiy ta'sir o‘tkazmasligi va boshqa muhim jihatlarni qamrab oladi», – deydi ijtimoiy bannerlar sohasida faoliyat yurituvchi hamyurtimiz.

«Shiorlar fonida o‘zimni suratga olishimdan maqsad – hukumat mexanizmlari omma ongini sovet davridagi kabi boshqarayotganiga urg‘u berishdir»

Fotograf Umida Ahmedova mafkuraviy bannerlar oldida suratga tushib, yaqinda Toshkentda SNAP (Sredstvo naglyadnoy agitatsii i propagandy) nomli fotoko‘rgazma tashkil qildi. Ijodkor nima uchun bu ko‘rgazmani tashkil qilgani, umuman, targ‘ibot materiallari haqida fikrlari bilan qiziqdik.

«Ko‘chalarda mafkuraviy bannerlarni suratga olish fikri menda ancha yillar oldin paydo bo‘lgan. Sobiq ittifoq davrida ham o‘sha davr tuzumiga oid shiorlar osilardi. O‘shanda ularni suratga olmaganimga juda afsuslanganman, chunki bu shiorlar ham o‘tmishning bir bo‘lagi. Men esa shu o‘tmish ichidagi insonman.

Mustaqillikka erishganimizdan keyin ham ushbu an'ana saqlanib qoldi. Shakl o‘zgardi, lekin mazmun o‘sha-o‘shaligicha qoldi, deyarli o‘zgarmadi. Sobiq ittifoq davrida shiorlarda oq va qizil ranglardan foydalanilgan bo‘lsa, mustaqillik yillarida esa ko‘k fonga baxtli insonlarning fotosuratlari joylashtirilib, duch kelgan joyga ilindi. Bannerlar bo‘lmaganda esa devorga bo‘yoq bilan yozildi. Ayrim joylarda bannerlarning ahvoli juda achinarli edi. Shu tariqa, odamlar o‘z dunyosida, bannerlar alohida o‘z dunyosida yashayverdi.

Mustaqillikka erishilgach, shiorlar yozilgan qizil bayroqlar o‘z o‘rnini «O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat!»ligi haqidagi ta'kidga bo‘shatib berdi. Mana shunday shiorlar fonida o‘zimni suratga olishimdan maqsad – e'tiborni hukumat mexanizmlari omma ongini sovet davridagi kabi boshqarayotganiga qaratishdir», – deydi Umida Ahmedova.

«Vatanni sevish uchun siyosiy vositalarning mutlaqo keragi yo‘q»

Jurnalist Mirzayor Erkinov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini yozib qoldirgan.

«SSV mutasaddilari koronavirusga qarshi kurashda dezinfeksion tunnellarning befoydaligi haqida yozdi. Milliardlab so‘mlarning ham xlor bilan shalabbosi chiqib yotgan kirish yo‘lakchalaridek shalabbosi chiqdi-yu qoldi. SSV kech bo‘lsayam, tunnellarning zararli ekanligini tan oldi, lekin davlat budjetidan pullar befoyda sovurilayotgan yana bir xarajat bor.

Uni biz yillar davomida ko‘rib kelamiz. Havorang gradiyent fon. Times New Roman yoki Arial shriftida yozilgan gap va fotoshop qilingan obidalar ansambli.

Bu xarajat poytaxtdan tortib eng kichik qishloqqacha, maktabdan tortib bog‘chagacha yetib borgan. Uning oti – mafkuraviy propaganda bannerlari. Ular ham dezinfeksion tunnellar kabi befoyda, lekin mana necha yillardan buyon O‘zbekistonda g‘ajuvchi katta tizimga aylanib ulgurgan. Balandparvoz shiorlar, madhlar, SSSR davridagi mafkuraviy chorlovlar kabi hamon chop etilib, har yonga ilib kelinmoqda.

Vatanni sevish uchun siyosiy vositachi yoki vositalarning mutlaqo keragi yo‘q. Qolgani esa manfaat uchun qilinadigan quruq safsata. Tipik yangi o‘zbekning tashqi qiyofasi va ambitsiyalari (katta qismida pul va obro‘, to‘y-tomosha, gullar, naqshlarga to‘la pont, mashina) o‘zgargani rost, lekin uning ichki dunyosi o‘zgarishi, takomillashuvi ham kerak».

«Balandparvoz shiorlardan kamchilikni yashirishda ham foydalanilgan»

Mavzu yuzasidan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Olim Toshboyev bilan ham suhbatda bo‘ldik.

«Mafkuraviy bannerlar amaliyoti sobiq ittifoq davridan qolgan usul. O‘sha davrda har qadamda sho‘ro mafkurasiga da'vat etuvchi shiorlarni uchratardik. Odamlar ularga to‘qnashib, o‘ralashib hayot kechirardi. Bu shunchalik ongimizga singib ketgan ekanki, mustaqillik davridayam bundan voz kecholmadik. Bunday shiorlarning odamlar hayotida biron-bir foydasi bo‘ldimi?! Afsuski, yo‘q. Butun bir avlod bunday shiorbozlikdan bezib ketdi. Siyosat oddiy odamlar turmush tarzini ham chirmovuqday o‘rab olib, ruhiyatiga salbiy ta'sir etdi.

Dunyoda biz kabi xalqlar davlat, jamiyat mafkurasiga ergashadi, siyosiy jarayonlarga bevosita yoki bilvosita aralashadi. Lekin har qadamda shiorga to‘qnashib, boshini urib yashayotgani yo‘q. Siyosat, g‘oya, mafkura jamiyat a'zolarining hayotida, kundalik turmushida aks etsagina, u qudratli kuchga aylanadi. Millat, jamiyat mafkurasiga muhabbat inson yuragida bo‘ladi. Uni moddiylashtirib, ko‘cha-ko‘yga ilib qo‘yishdan hech qanday foyda yo‘q.

Sobiq ittifoq davrida bir an'ana bo‘lardi. O‘sha davrda yashagan avlod yaxshi eslasa kerak: ag‘anab ketgan devor, axlatxona, ko‘rimsiz joylar ulkan shiorlar bilan bekitilardi. Shiorlar aybni yashirish vositasi ham edi. Mutafakkirlarning gaplari ahamiyatsiz joylarga yozib qo‘yilardi. Go‘yo, shu bilan mafkura targ‘ib qilinayotgandek. Istiqlol yillarida bu usuldan shu qadar foydalandikki, hatto avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari (AYoQSh)ga ham «O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat» deb yozib qo‘yishdan o‘zimizni tiya olmadik. Axir, bu juda kulgili-ku!»

Xulosa

Nima deb o‘ylaysiz, ko‘chada osilib turgan korrupsiyaga qarshi targ‘ibot banneri unga qaragan odamni korrupsiyadan qutqarib qolishi mumkinmi? Agar plakatlardan foyda bo‘lganida, korrupsiya bo‘yicha xalqaro reytinglarda quyi o‘rinlarda yurmagan bo‘larmidik?

Bannerlardan foyda borligini ko‘rsatuvchi ilmiy tadqiqotlar bormi, budjetdan ular uchun pul ajratayotganda xarajatning maqsadli ekani nima bilan asoslanadi? Buni hech kim aniq aytib bera olmasa kerak.

Tanqid qilishga bundan jiddiyroq mavzular bor-ku, deyishingiz mumkin. Lekin siz e'tibor bermaydigan, qarashni ham ba'zida istamaydigan bannerlar biz, soliq to‘lovchilarning hisobidan xarid qilinmoqda. Plakatbozlik budjetga qanchaga tushishi bo‘yicha o‘rganishlar olib borilsa, bir nechta maktab yoki shifoxonaga zarur sharoitlar qilib berishga yetgulik kattagina summa kelib chiqishi shubhasiz.

Muhabbat Ma'mirova

Mavzuga oid
Top