07:42 / 10.10.2020
6484
«O‘zbekiston bilan birga» aksiyasi O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish uchun YeTTB grantini qo‘lga kiritdi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashda xorijdagi vatandoshlar tomonidan tashkil etilgan «O‘zbekiston bilan birga» aksiyasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 50 ming yevrolik grantini qo‘lga kiritdi.

Aprel oyi boshida Buyuk Britaniya va Fransiyada istiqomat qiluvchi bir guruh o‘zbekistonliklar tashabbusi bilan «O‘zbekiston bilan birga» aksiyasi tashkil etilgan edi.

Aksiyadan maqsad – pandemiyaga qarshi kurashda O‘zbekistondagi tibbiy muassasalar va aholining kam ta'minlangan qismiga yordam berish uchun xayriya mablag‘lari to‘plashdir.

Yevropada tiklanish va taraqqiyot banki ushbu aksiya doirasida qancha summa yig‘ilsa, xuddi shuncha xayriya mablag‘i (50 ming yevrogacha) ajratishga tayyorligini bildirgandi. Ma'lum bo‘lishicha, aprel-avgust oylarida «Ezgu amal» fondi ko‘magida 185 ming dollar yig‘ilgan.

Kun.uz fond vakillaridan olgan ma'lumotga ko‘ra, jami yig‘ilgan mablag‘lar (YeTTBning 50 ming yevrosi bilan birga) 245 ming dollarni tashkil qilgan.

Xabar qilinishicha, ushbu mablag‘ quyidagi maqsadlarda foydalanish uchun yo‘naltiriladi:

  • onkologik kasalliklarni davolash uchun tibbiy jihozlar xarid qilish (8,4 ming dollar);
  • moddiy yordamga muhtoj 500 oilaga oziq-ovqat ko‘rinishida yordam;
  • «Nafas ol, O‘zbekiston!» loyihasi doirasida shifoxonalarga kislorod konsentratori xarid qilish va yetkazib berish (65,1 ming dollar);
  • 2 ta kislorod stansiyasiga buyurtma berib, uni 2 ta hududiy shifoxonalarga o‘rnatish (110,3 ming dollar);
  • bank o‘tkazmalari, konversiya va kraudfanding komissiyalari uchun xarajatlar (1,8 ming dollar);

Qolgan mablag‘ (50 ming dollar atrofida) hisobidan manzilli yordam variantlari o‘rganilmoqda, deyiladi xabarda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top